
70 foizdan ortiq ayol muntazam zo‘ravonlikka uchrab kelgan — tadqiqot
O‘zbekiston bo‘ylab ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar samaradorligini o‘rgangan «Ayollar ovozi: zo‘ravonlikdan reabilitatsiyagacha» nomli yangi tadqiqoti natijalari e’lon qilindi.

O‘zbekiston bo‘ylab ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar samaradorligini o‘rgangan «Ayollar ovozi: zo‘ravonlikdan reabilitatsiyagacha» nomli tadqiqot natijalari e’lon qilindi.
Tadqiqot mamlakatning barcha hududlaridan 867 nafar zo‘ravonlikka uchragan ayollar ishtirokida o‘tkazilgan. Unda jismoniy, psixologik, jinsiy va iqtisodiy zo‘ravonlik shakllari, ularning oqibatlari, ayollarning yordam izlash tajribasi hamda mavjud himoya mexanizmlarining amaldagi samaradorligi chuqur tahlil qilingan.
Olingan natijalarga ko‘ra, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ko‘p hollarda yillar davomida takrorlanib keladigan murakkab muammo hisoblanadi. Xususan, ayollarning 69 foizi himoya orderi so‘rab murojaat qilishdan oldin uzoq vaqt davomida zo‘ravonlikka chidagan. 70 foizdan ortiq ishtirokchi ayol muntazam ravishda zo‘ravonlikka uchrab kelganini bildirgan. Shu bilan birga, 22,9 foiz ayol hayotiga bevosita tahdid qilingani, jumladan pichoq o‘qtalishi yoki o‘ldirishga urinish holatlarini boshdan kechirganini aytgan. Qariyb 20 foiz ayol muntazam jinsiy majburlashga duch kelgan.
Zo‘ravonlikning ruhiy salomatlikka ta’siri ayniqsa og‘ir ekani qayd etilgan. Ayollarning deyarli to‘rtdan uch qismi so‘nggi oy ichida kuchli stress, asabiylashish yoki tushkunlik holatlarini boshdan kechirgan. Ko‘pchilik o‘zini doimiy baxtsiz his qilganini aytgan bo‘lsa, har beshinchi ayol hatto o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylaganini tan olgan.
Tadqiqot bolalar masalasiga ham alohida e’tibor qaratgan. Ayollarning 63 foizi farzandlari kamida bir marta zo‘ravonlik holatlariga guvoh bo‘lganini bildirgan, ayrim oilalarda esa bu holat deyarli har kuni takrorlangan. Bu esa zo‘ravonlik nafaqat ayollarga, balki bolalar orqali butun avlodga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy mustaqillik masalasi ham hal etilmagan muammo sifatida qayd etilgan. Ayollarning to‘rtdan biri umuman daromadga ega emas, har uchinchi ayol esa mavjud daromadidan mustaqil foydalana olmaydi. Bu holat ayollarning zo‘ravon munosabatlardan chiqish imkoniyatlarini jiddiy cheklamoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi himoya tizimi — himoya orderlari, birlamchi tibbiy yordam xonalari va reabilitatsiya markazlari — ayollar tomonidan ijobiy baholangan. Himoya orderi olgan ayollarning ko‘pchiligida zo‘ravonlik holatlari to‘xtagan yoki sezilarli darajada kamaygan. Reabilitatsiya markazlari esa xavfsiz muhit, psixologik va huquqiy yordam olish imkonini bergan. Ayrim ayollar reabilitatsiyadan so‘ng zo‘ravon bilan qayta yashashdan butunlay voz kechganini bildirgan.
Hisobot ijtimoiy me’yorlardagi ziddiyatlarni ham ochib bergan. Ayollar tenglikka intilsa-da, oilada erkak ustunligini oqlovchi qarashlar saqlanib qolgan. Jumladan, zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 27 foizi bu holatda ayollarning o‘zi aybdor degan fikrni bildirgan. Shu sababli tadqiqot mualliflari zo‘ravonlikni erta aniqlash, iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirish va zararli ijtimoiy me’yorlarni o‘zgartirish bo‘yicha tizimli choralarni kuchaytirishni tavsiya qilmoqda.





