
Ajratib olingan siam egizaklari, 8 mln so‘mlik oltin va Markaziy bank ogohlantirishi - 9 oktyabr dayjesti
09.10.2025 | 22:00420711
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston 2025 yilda Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng tez o‘suvchi besh iqtisodiyot qatoriga kiradi
Jahon bankining «Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: bandlik va farovonlik» hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilda mintaqadagi eng tez o‘suvchi beshta iqtisodiyot qatoriga kiradi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 6,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda — bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Qirg‘iziston, Tojikiston, Gurjiston va Qozog‘iston bilan bir qatorda.
Hisobotda qayd etilishicha, mintaqa iqtisodiyoti 2025 yilda o‘rtacha 2,4 foizga o‘sadi, bu esa 2024 yildagidan past. Rossiya iqtisodiyotidagi pasayish umumiy o‘sish sur’atini pasaytirayotgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlarida o‘sish barqaror bo‘lib qolmoqda — asosan neft eksporti, pul o‘tkazmalari va investitsiyalar hisobiga.
O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘sishni ta’minlovchi asosiy sohalar — kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va meva-sabzavotchilik. Jahon banki bu yo‘nalishlarda raqobatbardoshlik, energiya tejamkorlik, infratuzilma va inson kapitaliga sarmoyani oshirishni tavsiya etmoqda.
5 grammlik oltin quymaning narxi 8 mln so‘mdan oshdi
Markaziy bank tomonidan sotuvga chiqariladigan oltin quymalar narxi kechagiga nisbatan yana 1,5 foizga oshdi. 9 oktyabr holatiga 5 grammlik oltin quyma narxi 8 mln 43 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
5 grammlik oltin quymalar narxi 1 hafta ichida 306 ming so‘mga, 1 oy ichida esa 512 ming so‘mga oshdi. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda o‘lchovli quymalar narxi 2 mln 450 ming so‘mga yoki 43,8 foizga oshgan. Bu natija O‘zbekistondagi boshqa investitsiya vositalariga — ko‘chmas mulk yoki so‘mdagi omonatlarga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.
Ayni damda oltin narxi dunyo bo‘yicha yangi rekordni o‘rnatishda davom etmoqda. 1 unsiya oltin narxi 4 ming dollardan oshdi.
Toshkent viloyatida siam egizaklari noyob operatsiya orqali ajratib olindi
Toshkent viloyatida noyob tibbiy amaliyot amalga oshirildi — muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklar tug‘uruqdan atigi to‘qqiz soat o‘tib, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab operatsiya orqali ajratib olindi. Amaliyot besh soat davom etgan bo‘lib, u Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi jamoa tomonidan o‘tkazilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya Chirchiq shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazining Toshkent viloyati filialida amalga oshirilgan. Jarayon yuqori texnologik uskunalar yordamida bajarilgan bo‘lib, u mahalliy tibbiyotda kam uchraydigan holat sifatida qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovning ta’kidlashicha, «muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarni viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratish — mamlakat tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin isboti». Operatsiyada ishtirok etgan mutaxassislar «O‘zbekiston sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Egizaklar va onasining ahvoli yaxshi, ular kecha shifoxonadan uyiga javob berildi.
«Shartnoma shartlari qonunchilikka mos bo‘lishi kerak» — Markaziy bank barcha tijorat banklarini ogohlantirdi
Markaziy bank tijorat banklarini mijoz huquqlarini cheklovchi shartlardan voz kechishga chaqirdi. Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ayrim banklar kredit shartnomalariga mijozning axborot olish huquqini cheklovchi talablar — masalan, to‘lov jadvali o‘zgarganda yangilangan ma’lumotni faqat qarzdor so‘roviga ko‘ra berish kabi tartibni kiritayotgani aniqlangan.
Markaziy bank bu holatni qonunchilikka zid deb baholadi. «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi hamda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarga ko‘ra, banklar mijozga xizmat shartlari va qiymati haqida to‘liq va tushunarli ma’lumot berishga majbur. Iste’molchi huquqlarini cheklovchi bunday shartlar haqiqiy hisoblanmaydi.
Regulyator ta’kidlaganidek, kredit to‘lovlar jadvali shartnomaning ajralmas qismi bo‘lib, undagi har qanday o‘zgarish haqida mijoz o‘z vaqtida xabardor qilinishi shart. Aks holda, qarzdorning majburiyatlarni bajarmasligi, ortiqcha jarima va foizlar hisoblanishi mumkin. Shu munosabat bilan Markaziy bank barcha tijorat banklariga bunday amaliyotlarni to‘xtatish va ilgari tuzilgan shartnomalardagi qonunga zid shartlarni bekor qilishni talab qildi.
Shaxsning roziligisiz suratga olish taqiqlanadi — yangi qonunda qanday istisnolar mavjud?
O‘zbekistonda qabul qilingan yangi qonunga muvofiq, endilikda shaxsning roziligisiz uni suratga yoki videoga olish taqiqlanadi. Faqat qonun bilan belgilangan ayrim holatlarda — masalan, jamoat xavfsizligini ta’minlash, qidiruvdagi shaxsni aniqlash, davlat organlari xizmat vazifasini bajarayotganda yoki qonunbuzarlik haqida xabar berganda — bu ishga ruxsat beriladi.
Qonunga ko‘ra, jamoat joylarida umumiy jarayonlarni aks ettirish maqsadida suratga olish ham mumkin. Shuningdek, agar tasvir ochiq manbalarda joylashtirilgan bo‘lsa yoki undan hamma erkin foydalana olsa, bu ham istisno hisoblanadi (ammo tijorat maqsadida foydalanish taqiqlanadi).
Qo‘shimcha tartiblarga ko‘ra, videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan joylarda ogohlantiruv belgisi bo‘lishi shart, kiyinish xonasi yoki hojatxona kabi himoyalangan joylarda kameralar o‘rnatish esa qat’iyan man etiladi. Agar shaxs roziligisiz uning shaxsiy hayotiga oid tasvir yoki ma’lumotlar yozib olinsa yoki tarqatilsa, bunday holat uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Shaxs o‘z roziligini bekor qilib, tasvirni yo‘q qilish yoki yetkazilgan zarar uchun tovon talab qilish huquqiga ega.





