add

AQSH G‘azodagi hujumlarni qoralagan BMT vakilini jazoladi

10.07.2025 | 13:4049873

AQSH BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining ma’ruzachisi Francheska Albanezega nisbatan sanksiya joriy qildi. Bu qaror Albaneze G‘azoga hujumlarni qoralagani va Xalqaro jinoyat sudini qo‘llab-quvvatlagani ortidan qabul qilindi.

AQSH G‘azodagi hujumlarni qoralagan BMT vakilini jazoladi
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga ko‘ra, Albaneze Xalqaro jinoyat sudi (XJS) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilgan. Uning ta’kidlashicha, mazkur harakat AQSH va Isroil fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortishga urinish sifatida baholangan. Shu bois Albaneze «BMTning maxsus ma’ruzachisi lavozimiga nomunosib» deb topilgan. Rubioga ko‘ra, Albaneze «Antisemitizmni targ‘ib qilgan, terrorizmni qo‘llab-quvvatlagan va G‘arb davlatlariga nisbatan ochiqcha nafrat bildirgan». Uning aytishicha, AQSH bunday siyosiy va iqtisodiy bosimlar orqali o‘z suverenitetiga tahdid qiluvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi. Sanksiyalar natijasida italiyalik Albanezening AQSHga kirishi taqiqlanadi va mamlakatdagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi. Albaneze X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida «Adolat tarafida sobit qolaman» deya ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Italiya — sud tizimi asoschilaridan biri va bu an’anani himoya qilish uning insoniy burchidir. «Advokatlar va sudyalar adolat uchun ko‘p hollarda hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Men ana shu an’anani hurmat qilishni istayman», — deb ta’kidlagan u. «Al Jazeera» nashrining yozishicha, Albaneze AQSH sanksiyalarini «mafiya uslubidagi tahdid» deb atagan. Eslatib o‘tamiz, Tramp ma’muriyati davridan beri AQSH Xalqaro jinoyat sudiga nisbatan keskin tanqidchi bo‘lib kelmoqda. 2024 yilda XJS Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan G‘azodagi mojarolar yuzasidan hibs orderi bergan edi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH G‘azodagi hujumlarni qoralagan BMT vakilini jazoladi | Vaqt.uz