add

AQSHdan quvilgan o‘zbeklar, Alisher Qodirovning keskin tanqidi va Samarqandda kesilgan chinorlar — 8 sentyabr dayjesti

08.09.2025 | 22:00234910

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

AQSHdan quvilgan o‘zbeklar, Alisher Qodirovning keskin tanqidi va Samarqandda kesilgan chinorlar — 8 sentyabr dayjesti
AQSH 39 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi 7 sentyabr kuni AQSH hukumati mamlakatda qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan 39 nafar o‘zbekistonlik fuqaroni deportatsiya qildi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi. Elchixonaga ko‘ra, ushbu parvoz noqonuniy immigratsiyaga qarshi davomli chora-tadbirlarning bir qismi hisoblanadi. «AQSH chegaralari va fuqarolarini himoya qilishga qat’iy bel bog‘lagan. Noqonuniy kirganlar qamaladi va deportatsiya qilinadi», — deyiladi rasmiy izohda. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumatining mazkur jarayonlardagi yaqin hamkorligini alohida qayd etdi. Ma’lumki, AQSHda noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqarish amaliyoti so‘nggi yillarda kuchaygan. Bu siyosat ayniqsa Donald Tramp prezidentligi davrida faollashgan edi. «Ahvoli abgor». Alisher Qodirov Transport vazirligini qattiq qoraladi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Transport vazirligini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, yo‘lovchilar samolyot va poyezd chiptalarini bemalol xarid qila olmayapti, aviareyslar soni kamligi esa turizm rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Qodirov «Uzbekistan Airways» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyalari yo‘lovchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha yetarli chora ko‘rmayotganini aytib, «Qachon samolyot va poyezdlarimizga bemalol chipta sotib olish imkoni bo‘ladi?» degan savolni o‘rtaga tashladi. Fraksiya rahbari ayrim turistik yo‘nalishlardagi yo‘llarning ahvoli ham yomonligini qayd etdi. Xususan, ko‘p ming yillik tarixga ega Sarmishsoyga olib boradigan yo‘lning abgor holati misol sifatida tilga olindi. Qodirov bu kabi muammolarni bartaraf etish turizm salohiyatini oshirishini ta’kidlab, bu borada Turizm qo‘mitasi ham tashabbuskor bo‘lishi lozimligini bildirdi. Shuningdek, yig‘ilishda Madaniy meros agentligi mablag‘larini o‘zlashtirish masalasi ham ko‘tarildi. O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 50 mlrd dollardan oshdi O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari tarixda ilk bor 50 mlrd dollarlik chegaradan o‘tdi. 1 sentyabr holatiga ko‘ra, ular 50,08 mlrd dollarni tashkil etdi, bu esa bir oyda 1,34 mlrd dollarga o‘sish demakdir. Oltin zaxiralari ham rekord ko‘rsatkichga chiqib, 40,06 mlrd dollarga yetdi va 11,8 mln troy unsiya hajmda saqlanmoqda. Biroq valyuta zaxiralari biroz pasayib, 8,43 mlrd dollarga tushdi. Jumladan, xorijiy banklarda 7,52 mlrd dollar, xalqaro tashkilotlarda esa 908,9 mln dollar saqlanmoqda. Shu bilan birga, Markaziy bank qimmatli qog‘ozlariga kiritilgan mablag‘lar 1,016 mlrd dollarga yetdi. Ekspertlar o‘sishga jahon bozorida oltin narxining rekord darajaga – 3508,7 dollargacha ko‘tarilishi ham ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlamoqda. Samarqandda chinorlar kesildi, rasmiylarda asos, odamlarda qo‘rquv bor. Xavotir nimadan? Samarqand shahrida Amir Temur maqbarasi yaqinidagi uchta ko‘pyillik chinor kesib tashlandi. Videolar ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi va ayrim foydalanuvchilar bunga qattiq e’tiroz bildirib, «Samarqandning ko‘rki bo‘lgan bulvar yo‘q qilinayapti» degan xavotirli izohlar qoldirishdi. Rasmiylar ma’lum qilishicha, chinorlar tashqi ta’sirlar sabab mustahkamlikni yo‘qotgan, tana qismida g‘ovaklar paydo bo‘lgan va yo‘l tomon og‘ib, odamlar uchun xavf tug‘dirgan. Shu asosda shahar hokimligi arizasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xatiga ko‘ra, rasmiy ruxsatnoma bilan daraxtlar kesilgan. Hokimlikning majburiyatiga ko‘ra, har bir chinor o‘rniga 10 tadan qimmatli turdagi ko‘chatlar ekilishi va ikki yil davomida parvarish qilinishi shart. Ekologiya boshqarmasi yaqin kunlarda yangi ko‘chatlar o‘tqazilishi va Amir Temur maqbarasi atrofida yashil hudud tiklanishini va’da qilmoqda. Biroq jamoatchilik bu izohlarga to‘liq ishonmayapti — 2009 yilda Toshkentda Amir Temur xiyobonida daraxtlar ommaviy kesilib, hudud «cho‘lga aylangan» tajriba hali ham yodda. Shu bois odamlar har bir daraxt taqdiriga befarq emas va tabiiy yashillik qurilish manfaatlari deb yo‘q qilinib ketmasligiga xavotirda. 2026 yildan «chiroyli» raqamlar auksionsiz, «GAI»ning o‘zida beriladi O‘zbekistonda kelasi yildan avtomobillar uchun «chiroyli» raqamlarni auksion orqali sotish amaliyoti to‘xtaydi. Endi istalgan kombinatsiyadagi davlat raqamini yagona oshirilgan to‘lov asosida olish mumkin bo‘ladi. Bu jarayon YAIDXP, YHXX rasmiy sayti va mobil ilovasi, shuningdek infokiosklar orqali amalga oshiriladi. 2025 yil 1 oktyabrdan esa raqamlar uchun to‘lov miqdorini «Uzavtomotobelgi» belgilaydi. Yangi tartibga ko‘ra, avtomobil qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganda raqam belgisini saqlab qolish yoki boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyati ham yaratiladi. Buning uchun yagona to‘lovning yarmi miqdoridagi mablag‘ to‘lanadi. Shuningdek, 2026 yildan barcha raqamlar yagona ma’lumotlar bazasiga kiritiladi, hudud kodini o‘zgartirish esa faqat kombinatsiyalar 90 foizgacha to‘lib qolgan taqdirda amalga oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, avvalgi auksionlarda ayrim raqamlar milliard so‘mdan ortiq narxlarda sotilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid