
Biz mustaqil Falastin davlati qurilishi tarafdorimiz — Shavkat Mirziyoyev
04.07.2025 | 16:3041843
Xonkendida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 17-sammitida Prezident Mirziyoyev Afg‘onistonning xalqaro maydonga qaytayotganini olqishladi va AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlarini keskin qoraladi.

Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 17-sammiti Ozarbayjonning Xonkendi shahrida boshlandi. Sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qator muhim bayonotlar berdi.
Davlat rahbari Afg‘oniston muvaqqat hukumati uzoq tanaffusdan so‘ng tashkilot sammitida ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston qo‘shni davlat sifatida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining ajralmas qismi sanaladi.
Mirziyoyev AQSH va Isroil tomonidan Eronga qilingan harbiy hujumlarni keskin qoraladi. Prezident bunday amaliyotlar mintaqada keng ko‘lamli urush xavfini kuchaytirishini va atrof-muhitga jiddiy falokatlar olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti Eron va Isroil o‘rtasidagi sulh kelishuvini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, bu bitim mintaqada tinchlikni tiklash uchun muhim qadam ekanini qayd etdi.
Mirziyoyev shuningdek, Yaqin Sharqda barqaror tinchlikka faqat Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni adolatli hal etish orqali erishish mumkinligini bildirdi. U G‘azo sektorida harbiy amaliyotlarni to‘xtatish, ochlik va og‘ir gumanitar vaziyatda qolgan aholiga yordam ko‘rsatishdagi to‘siqlarni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti mustaqil Falastin davlatining BMT rezolyutsiyalariga asosan barpo etilishini qo‘llab-quvvatlashini alohida qayd etdi.





