add

Buxoroning 226 mln dollarlik yangi «darvozasi», oshgan yer solig‘i va Mubashshir Ahmadning qamoqdagi ahvoli — 9-yanvar dayjesti

Kecha 22:283 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Buxoroning 226 mln dollarlik yangi «darvozasi», oshgan yer solig‘i va Mubashshir Ahmadning qamoqdagi ahvoli — 9-yanvar dayjesti

«O‘qquvur», «dubulg‘a», «jamloq»: O‘zbekiston armiyasida ayrim ruscha iboralar o‘zbek tiliga o‘girildi

O‘zbekiston mudofaa sohasida ruscha harbiy atamalardan bosqichma-bosqich voz kechib, ularni milliy terminlarga almashtirish jarayonini boshladi. Terminologiya komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ilk 41 ta atama orasida «o‘qquvur» (stvol), «dubulg‘a» (kaska), «jamloq» (lager) va «zirhnimcha» (bronejilet) kabi so‘zlar bor. Shuningdek, tarixiy merosga tayanib, «furajka» o‘rniga «bo‘rk», «patrul» o‘rniga esa «erovul» so‘zlarini qayta tiklash taklif etilmoqda.

Bu islohot harbiy tilni zamonaviy o‘zbek tili me’yorlariga moslashtirish va armiyada milliy o‘zlikni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Hatto «DOT» kabi texnik qisqartmalar uchun ham «UMMON» (uzoq muddatga mo‘ljallangan otish nuqtasi) kabi o‘zbekcha muqobillar ishlab chiqildi. Mutaxassislar ushbu o‘zgarishlar 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya doirasida harbiy boshqaruvni yanada tushunarli qilishini ta’kidlashmoqda. Taklif etilayotgan atamalar orasida ham qadimiy turkiy ildizga ega so‘zlar, ham yangi o‘zbekcha yaratmalar mavjud.

«Tursunovning tibbiy xizmat va ko‘riklardan shikoyati yo‘q» – Ombudsman

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Navoiydagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasida bo‘lib, mahkum Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) bilan xoli tarzda suhbatlashdi. Avvalroq advokatlar tomonidan berilgan xavotirli bayonotlarga zid ravishda, Ombudsman mahkumning tibbiy xizmat va yashash sharoitlari bo‘yicha hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.

Tekshiruv davomida Alisher Tursunov muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganini, kasalligi sababli zarur yordam olayotganini hamda g‘isht zavodida emas, balki o‘z xohishi bilan oshxona ishlariga jalb etilganini bildirgan. Shuningdek, u qonunda belgilangan vaqtdan tashqari mehnatga majburlanmayotganini ta’kidlagan. Ombudsman vakilining so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil oxirida o‘tkazilgan avvalgi monitoringlarda ham mahkum tomonidan shikoyatlar kelib tushmagan.

Oliy ta’lim vaziri 10 ta oliygohda ikki yil davomida korrupsiya aniqlanmaganini aytdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ma’lum qilishicha, avval korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha reytingi past bo‘lgan 10 ta oliygohda 2024–2025 yillar davomida birorta ham korrupsiyaviy jinoyat qayd etilmagan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqilgan maxsus chora-tadbirlar rejasi natijasida ushbu ta’lim muassasalari «qoniqarsiz» toifadan «yaxshi» toifaga o‘tgan.

Jinoyatlar aniqlanmagan oliygohlar ro‘yxatidan Toshkent davlat stomatologiya instituti, TATU va TDTU filiallari kabi muassasalar joy olgan. Endilikda vazirlik tizimdagi shaffoflikni yanada oshirish uchun korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini baholaydigan yagona raqamli platforma yaratish ustida ishlamoqda.

1-yanvardan O‘zbekistonda yer solig‘i stavkalari oshdi

2026 yil 1-yanvardan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalari o‘rtacha 7 foizga oshirildi. Yangi tartibga ko‘ra, shaharlar va sanoat hududlaridagi yerlar uchun soliq yuklamasi ortadi, stavkalarni belgilashda esa mahalliy Kengashlarga (0,5 dan 1,2 gacha koeffitsiyent doirasida) vakolat berildi.

Infratuzilma ob’ektlari (aloqa, temir yo‘l, gaz quvurlari va b.) uchun koeffitsiyent 0,45 dan 0,48 ga ko‘tarildi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlari va issiqxonalar uchun soliq stavkasi o‘zgarishsiz — me’yoriy qiymatning 0,95 foizi miqdorida qoldirildi. Muhim yangilik: endi yuridik shaxslar uchun soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan proaktiv (avtomatik) tayyorlanadi.

Buxoro viloyatidagi yangi aeroport 2027 yil boshida ishga tushadi

Buxoro viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan yangi xalqaro aeroport 2027 yilning birinchi choragida foydalanishga topshiriladi. Qiymati 226 mln dollar bo‘lgan ushbu loyiha yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu amaldagi aeroport quvvatidan uch baravar ko‘p demakdir.

Yangi majmua shahardan 26 km uzoqlikda, 377,7 gektar maydonda barpo etilmoqda. U 3,3 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 20 ta samolyot turargohiga ega bo‘lib, barcha turdagi havo kemalarini qabul qila oladi. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi 29 kmlik yangi avtomobil yo‘li ham qurilmoqda. Bu choralar 2030 yilgacha Buxoroga keluvchi turistlar sonini yiliga 8 mln nafarga yetkazish rejasining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid