
Humans va Paylov bir-birini ayblamoqda
Foydalanuvchilarning kartalaridan ularning ruxsatisiz pul yechilgani yuzasidan Humans va Paylov rasmiy izoh berishdi. Bayonotlar bir-birini inkor etmoqda.

Avvalroq 8-dekabrdan boshlab Humans'ning foydalanuvchilari plastik kartalaridan «PL Humans P2P H2H» belgisi bilan noma’lum ravishda yirik summalar yechib olingani xabar qilingandi.
Bu xabarlar ortidan Humans kompaniyasi kuzatilgan holat bo‘yicha izoh berdi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, 2025 yil 4-dekabrdan 8-dekabrgacha Humans foydalanuvchilarining bir qismi bank kartalari orqali ikki marta firibgarlikka uchradi. Jinoyatchilarga ruxsatsiz pul yechish imkonini bergan zaiflik Humans hamkori — huquq egasi «Octagram» AJ bo‘lgan Paylov to‘lov xizmatining texnik tizimida bo‘lgan.
Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, Markaziy bank va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga «Paylov infratuzilmasidagi zaifliklarni tekshirish va jinoyatchilarni aniqlash uchun» texnik materiallarning to‘liq to‘plamini topshirgan.
«Jabrlanganlar hisobiga mablag‘larni qaytarish masalasi qonun talablariga muvofiq hal etiladi. Humans ushbu hodisani hal qilishning yagona to‘g‘ri yo‘li qonunda belgilangan tartibda jabrlangan mijozlarga yetkazilgan zararni to‘liq va ochiq-oydin qoplash deb hisoblaydi», deyiladi rasmiy bayonotida.
Humans kompaniya rasmiy izoh berganidan biroz o‘tib esa «Octagram» AJ (Paylov) ham rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, «Octagram» AJ va «Humans Companies» AJ o‘rtasida 2025 yil 10-aprel kuni 32-sonli shartnoma imzolangan bo‘lib, unga muvofiq «Humans Companies» AJ «Octagram» AJning agenti sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlarini (to‘lovlar va P2P pul o‘tkazmalari) taqdim etishni boshlagan.
Ammo 2025 yil 6-dekabr kuni «Octagram» AJ xodimlari tomonidan «Humans Companies» AJda shubhali tranzaksiyalar kuzatilayotgani haqida ushbu kompaniyaning mas’ul xodimlari ogohlantirilib, tranzaksiyalar vaqtincha to‘xtatilgan.
Ta’kidlanishicha, 7-dekabrda, «Humans Companies» AJ «Octagram» AJga rasmiy murojaat yo‘llab, tegishli choralar ko‘rilgani hamda firibgarlik (frod) operatsiyalarining oldi olingani haqida ma’lum qilgan. Mazkur xat asosida «Humans Companies» AJ amaliyotlarni qayta ochib berishni so‘ragan. 8-dekabr holatiga ko‘ra, «Octagram» AJ tomonidan Humans mobil ilovasi orqali ko‘rsatilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
«Shuningdek, «Octagram» AJ tomonidan har qanday texnik zaiflik mavjud emasligi, texnik jihatdan barcha zarur choralar ko‘rilgani ma’lum qilinadi. Firibgarlik operatsiyalari «Humans Companies» AJ tomonidan «Octagram» AJ taqdim etgan shifrlangan kalitlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu kalitlarning to‘g‘ri va xavfsiz saqlanishi «Humans Companies» AJ mas’uliyati hisoblanadi», deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, «Octagram» AJ boshqa hamkorlari tizimlarida muammo kuzatilmagani va ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlanib, barcha zarur ma’lumotlar mas’ul organlarga taqdim etilayotganini ham ma’lum qildi.
Bundan tashari, HUMO to‘lov tizimi chet el to‘lov xizmatlari provayderlari infratuzilmasidan foydalangan holda xizmat provayderining ayrim mijozlarga nisbatan amalga oshirilgan firibgarlik harakatlari urinishlari aniqlanganini ma’lum qildi. Firibgarlarlar tomonidan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida chet el to‘lov xizmatlari provayderlari infratuzilmasidan foydalanilgani ta’kidlanmoqda.





