
Isroil Tehronga havo hujumlarini kuchaytirdi
18.06.2025 | 12:0034743
Isroil Eron poytaxti Tehronga nisbatan kuchli havo zarbalarini boshladi. Oqibatda mamlakat bo‘ylab kamida 585 kishi halok bo‘lgani, 1326 kishi jarohatlangani ma’lum qilindi. Bu haqda Human Rights Activists tashkiloti ma’lumot berdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 239 nafari tinch fuqaro, 126 nafari xavfsizlik xodimlari bo‘lgan.

Eron rasmiylari qurbonlar sonini e’lon qilishdan tiyilayotgani sababli, mazkur raqamlar mustaqil manbalar orqali aniqlangan. Isroil esa chorshanba kuni ertalabgi hujumni tan oldi — unda 50 dan ortiq harbiy samolyot ishtirok etgan. Ular Tehrondagi markaziy uran sentrifuga ishlab chiqarish majmuasiga zarba berganini bildirdi.
Hujumlardan so‘ng Tehron aholisi ommaviy ravishda shaharni tark eta boshladi. Hakemiyeh tumanidagi Inqilobiy gvardiya akademiyasi hududi ham zarbalangani ma’lum qilindi. Shahar markazi va katta bozorlar yopilgan, ko‘chalarda tirbandlik yuzaga kelgan.
Jangovar harakatlardan so‘ng Eron ham javob zarbalari yo‘lladi. Isroilga 400 ta raketalar va yuzlab dronlar otildi. Oqibatda 24 nafar Isroil fuqarosi halok bo‘lgan. Shu bilan birga, Isroil generali Ali Shadmaniy o‘ldirilgani ma’lum qilindi.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z bayonotida Erondan «shartsiz taslim bo‘lish»ni talab qildi. U Twitter orqali Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyni ogohlantirdi, biroq uni o‘ldirish rejasi yo‘qligini ta’kidladi. Vashington mintaqaga qo‘shimcha harbiy samolyotlar yuborgan.
Eron harbiylari esa «jazo operatsiyasi» hali oldinda ekanini ma’lum qilmoqda. Isroilda havo trevogalari yangrab, aholi panohgohlarga yo‘naltirildi.





