
IT-mutaxassislar AQSHdan $17 mln o‘g‘irladi: Ular buni qanday uddalagan?
Soxta rezyumelar va sun’iy intellekt yordamida «niqoblangan» Shimoliy Koreya dasturchilari Amazon va boshqa gigantlarga kirib olmoqda.

Shimoliy koreyalik IT mutaxassislari tomonidan AQSH kompaniyalariga masofaviy ishga joylashish uchun topshirilayotgan soxta arizalar soni keskin oshdi. Xususan, «Amazon» kompaniyasi o‘tgan yil davomida bu kabi murojaatlar soni qariyb uchdan birga ko‘payganini ma’lum qilgan. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
«Amazon» xavfsizlik xizmati rahbari Stiven Shmidtning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya operativ xodimlari odatda AQSH hududida joylashgan va masofadan boshqariladigan kompyuterlar tarmog‘i — «noutbuk firmalari» bilan hamkorlikda ishlaydi. Firibgarlar sun’iy intellekt vositalari va xodimlarni tekshirish tizimlarini chetlab o‘tish uchun borgan sari murakkabroq strategiyalardan foydalanmoqda.
Bunday shaxslar «LinkedIn» tarmog‘idagi faol bo‘lmagan akkauntlarni o‘g‘irlangan ma’lumotlar yordamida egallab, haqiqiy dasturiy ta’minot muhandislari niqobi ostida ish izlaydi. Mazkur sxema orqali ular nafaqat kompaniya ichiga kirib olishni, balki Pxenyan uchun noqonuniy daromad manbaini yaratishni maqsad qilgan.
Joriy yilning iyun oyida AQSH Adliya vazirligi mamlakat bo‘ylab noqonuniy ravishda faoliyat yuritgan 29 ta «noutbuk firmasi»ni aniqlaganini ma’lum qildi. Ushbu firmalar amerikaliklarning o‘g‘irlangan yoki qalbakilashtirilgan shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanib, Shimoliy Koreya fuqarolarining AQSH kompaniyalarida masofaviy ishga joylashishiga ko‘maklashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noqonuniy faoliyat oqibatida 17 million dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan. Arizona shtatida yashovchi ayol 300 dan ortiq kompaniyaga Shimoliy koreyalik xodimlarni «joylashtirgan» noutbuk fermasini boshqargani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Mutaxassislar ish beruvchilarni telefon raqamlari va ta’lim tarixidagi nomutanosibliklarga e’tiborli bo‘lishga chaqirmoqda.





