add

Kam bolalikning ko‘p muammosi: tug‘ilish darajasi pasayishining insoniyat uchun tahdidi

31.05.2025 | 14:00286927

Butunrossiya ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi (VSIOM)ning yaqinda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada 1,22 mln dan ortiq bola tug‘ilgan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 3,4 foizga kam demakdir. Paydo bo‘lgan vaziyat dunyo miqyosidagi tendensiyaga mos keladi.

Kam bolalikning ko‘p muammosi: tug‘ilish darajasi pasayishining insoniyat uchun tahdidi
Forbes Young ushbu tendensiya qanday xavf-xatarlarni olib kelishi mumkinligini o‘rgandi. «Men o‘zimni g‘alati bir kompaniyada deb his qilaman, — deb hazil qiladi Boston universiteti falsafa kafedrasi dotsenti Viktor Kumar «Yoshlikning yo‘qolishi» essesida. —O‘ng qanot pronatalistlar (tug‘ilishni rag‘batlantirish siyosati tarafdorlari) abortlarni taqiqlashni, befarzandlik uchun jazolashni, ayollarni yoshligidan turmush qurishga va uydan tashqaridagi karyeradan voz kechishga majburlashni istashadi. Boshqacha aytganda, ular tug‘ilish darajasini o‘tgan asrning boshidagi patriarxal tartiblarni tiklash orqali yana yuqori darajaga olib chiqishni xohlashadi... Ammo dorining achchiq ekani, kasallik yo‘qligini anglatmaydi». Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalaridagi axborot shovqini va butun dunyo bo‘ylab amaldorlarning ziddiyatli takliflari ko‘pchilikni tug‘ilish darajasining pasayishiga befarq qarashga majbur qilmoqda — biroq muammo mavjud. «Rossiyada tug‘ilish darajasining pasayishi tendensiyasi 2015 yildan buyon kuzatilmoqda va hozirgi kunda so‘nggi 10 yil ichida eng past darajaga tushdi», — deyiladi VSIOM tomonidan «Futurologik kongress — 2036» loyihasi doirasida tayyorlangan hisobotda. Vaziyat yana shundan ham og‘irlashmoqdaki, bu holat tarixda o‘xshash misollarga ega emas. «Bizning demografik muammomiz qay darajada jiddiy? Tarix ayni haqiqatni ko‘rsatadi: hech qaysi rivojlangan mamlakatda tug‘ilish darajasi o‘zini tiklash darajasi (ya’ni har bir oilada ikki bola tug‘ilib, ular ota-onalarining o‘rnini egallaydigan daraja. — Forbes Young) dan pastga tushib, keyin qayta ko‘tarilmagan», — deb yozadi Kumar. Ko‘rsatkichlarni o‘lchash va salomatlik holatini baholash instituti (IHME) statistikasiga ko‘ra, Yer shari aholisi soni asr oxiriga boribgina qisqara boshlashi kutilsa-da (go‘yoki bu muammoga bugun yashovchi odamlarning kam qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri duch keladi), ammo insoniyat ustidan osilib turgan xavf-xatarlar allaqachon olimlarning diqqat markazida turibdi va choralar ko‘rish talab etila boshlandi.   Befarzand qariyalar Yoshlar soni qariyalar soniga nisbatan kamayishi keksa avlod uchun ko‘plab xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi, deb hisoblaydi Viktor Kumar. Pensionerlar ko‘payib ketadi va jamiyat hamda davlat tomonidan parvarishga qattiq muhtoj bo‘ladi. Falsafachi qo‘rqinchli manzarani tasvirlaydi: shifoxonalar odamlarga to‘lib ketadi, bolalar maydonchalari bo‘shab qoladi, maktablar esa qariyalar uchun parvarish muassasalariga aylantiriladi, pensiya tizimi yemiriladi, chunki mehnatga layoqatli aholi uni moliyalashtira olmaydi. Bundan bir oz nekbinroq prognoziga ega mustaqil tadqiqotchi, demograf Aleksey Rakshaning ta’kidlashicha, tibbiyot sohasi jadal rivojlanadi — unda yanada ko‘proq mutaxassislar, innovatsiyalar va mablag‘lar paydo bo‘ladi — zo‘ravonlik darajasi kamayadi, mojarolar soni pasayadi va shahar muhiti qariyalar uchun qulayroq va umuman xavfsizroq bo‘ladi. Kumar kabi Raksha ham ijtimoiy infratuzilmaning o‘zgarishini bashorat qiladi. Maktab o‘quvchilari soni kamayib, qariyalar soni ortishi tufayli bo‘shaydigan binolarni qariyalar parvarish markazlariga aylantirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Pensiya siyosati ham o‘zgarishi tabiiy. «Qariyalarga ko‘proq ishlashga to‘g‘ri keladi, chunki «pastdan qarish» (ya’ni aholi soni tug‘ilish kamayishi orqali qarishi) mehnatga layoqatli va layoqatdan chiqqan aholi ulushining o‘zgarishiga olib keladi, shu bois hukumatlar pensiya yoshini oshirishga majbur bo‘ladi — odamlar ko‘proq ishlaydi», — deb hisoblaydi Raksha. Biroq buni mutlaqo salbiy ssenariy sifatida baholashga shoshilmaydi tadqiqotchi. «Yuqoridan qarish» — yoshga bog‘liq o‘lim holatlarining kamayishi — umr ko‘rish davomiyligining ortishi, aholi salomatligining yaxshilanishi va natijada mehnat faolligining uzoqqa cho‘zilishi bilan bog‘liq. Hozirgi ish turlari esa «ko‘proq hayot va salomatlikni saqlashga yordam beradi, ilgarigidek sog‘liqqa zarar yetkazmaydi». «Men «yuqoridan qarish»da yomon narsa ko‘rmayman. Undan olinadigan bonuslar esa hozirning o‘zida sezilmoqda», — deya tushuntiradi Raksha. Muammo esa, uning fikricha, umr ko‘rish davomiyligining o‘sishi pensiya yoshining oshib borishiga har doim ham ulgurmasligida. Bu fikrni Xalqaro aholi va sog‘liqni o‘rganish laboratoriyasi katta ilmiy xodimi Yelena Churilova qo‘llab-quvvatlaydi: «Bu yerda qariyalarning sog‘lig‘i va funksional holati masalasi tug‘iladi. Agar ular asosan yaxshi sog‘liqqa ega bo‘lsalar, bu ijobiy ssenariy bo‘ladi, chunki bunday qariyalar uzoq vaqt davomida faol, iqtisod va jamiyat hayotiga jalb etilgan holda qolishi mumkin». Agar unday bo‘lmasa, davlatlar yanada og‘ir ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga duch keladi. Qolgan masalalarda Churilova ham o‘xshash prognozlar beradi: qariyalarning yolg‘izligi muammosi dolzarblashadi, infratuzilma qariyalar ehtiyojlariga moslashtirilishi talab etiladi, «siyosat esa tobora konservativroq va qariyalar ehtiyojlariga yo‘naltirilgan bo‘lib qolishi mumkin».   «Kollektiv aql» ning yo‘qolishi Tug‘ilish darajasining pasayishi davlatlarga va jahon iqtisodiyotiga ham zarba beradi. bugungi kunda soliq bazasining qisqarishi kelajakda ta’lim, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash kabi eng muhim ijtimoiy ta’minot sohalari yetarlicha moliyalashtirilmasligi xavfini keltirib chiqaradi. «Aholi o‘sishi iqtisodiy o‘sishni ham rag‘batlantiradi. Ko‘proq odam — ko‘proq ishchi, ko‘proq iste’molchi va ko‘proq innovatsiya degani. Aholi ko‘payganda, miqyos samarasi orqali samaradorlik oshadi va boylik ko‘payadi», — deya ta’kidlaydi Kumar va qo‘shimcha qiladi: mehnatga layoqatli aholi soni kamayishi orqali biz bugun amal qilayotgan sinergetik iqtisodiy samaradan ayrilamiz. Shu bilan birga, agar makro darajada qaralsa, bu hal qiluvchi omilga aylanmaydi. Endi esa yanada xavflirog‘i — kanadalik evolyutsion olim Jozef Henrik «kollektiv aql» deb nomlagan narsaning yo‘qolishi. Katta jamiyatlar yangilik yaratishda, eskini qayta ko‘rib chiqishda faolroq bo‘ladi va umuman aqliy mehnat sohalarini yaratish va rivojlantirish vazifasini yaxshiroq bajaradi. «Biz muayyan innovatsiyalarni emas, balki butun bir sohalarni kuzatishdan ham voz kechamiz, bu esa fundamental tadqiqotlardan tortib muhandislik va tibbiyotdagi texnologik taraqqiyotgacha bo‘lgan sohalarga ta’sir qiladi», — deb hisoblaydi Kumar. Bunday stagnatsiyaning alohida xususiyati yosh mutaxassislar soni kamayishi orqali yaqqol namoyon bo‘ladi, chunki ular, amerikalik falsafachining fikricha, o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir: «Yoshlar faqat ishni bajarish bilan cheklanmaydi; ular bu ish qanday bajarilishi kerakligini qayta ko‘rib chiqadi. Ular faqat iqtisodiyotda ishtirok etmaydi; uni o‘zgartirishadi». Yosh aholi sonining kamayishi dunyoda innovatsiyalar sonini kamaytirishi mumkinligi fikriga Aleksey Raksha ham qo‘shiladi: «Ixtirolar kamayadi, chunki asosan yoshlar ixtirochilik bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlar ulushi ham kamayadi, chunki bu ham ko‘proq yoshlarga xos». O‘tgan yili Forbes’ga bergan intervyusida olim shunday xulosa qilgan edi: tug‘ilish darajasining pasayishi iqtisodiyot o‘sishini sekinlashtiradi va uning innovatsionligi pasayadi. Shu mavzuda Yelena Churilova ham boshqa nuqtayi nazardan fikr bildiradi: «...qariyalar konservatizmga moyil bo‘ladi, yangi texnologiyalarni o‘rganish va o‘zlashtirish ular uchun qiyin kechadi. Kundalik faoliyatda muayyan cheklovlarga ega bo‘lgan juda keksa odamlar uchun esa aksincha — «qanchalik oddiy va tanish bo‘lsa, shunchalik yaxshi va tushunarli» tamoyili muhimroq bo‘ladi». Jamiyat hayotining boshqa — madaniy tomoni ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Tug‘ilish darajasining pasayishi ijodiy faoliyatga ham iqtisodiyotga bo‘lgan ta’siridek chuqur ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi Viktor Kumar: «Yoshlar har doim san’at, moda, musiqa, adabiyot va kino asarlarining asosiy yaratuvchilari bo‘lib kelgan. Ular soni kamayishi ortidan kelajak madaniy cho‘lga aylanadi. Tasavvur qiling: 1960-yillar rok-n-rollsiz, 1970-yillar Hollivud mualliflarisiz, 1980-yillar strit-artsiz yoki 1990-yillar hip-hopsiz… Insoniyat tarixi davomidagi har bir yirik taraqqiyot — texnologik, madaniy, ma’naviy — aynan yoshlar hissasi bilan amalga oshgan». Muammoni hal qilish mumkinmi? Havotirli progressivlarga qaramay, Kumar vaziyatga xotirjamlik bilan yondashishga chaqirmoqda: «Aholi sonining qisqarishi — bu jiddiy muammo, ammo sivilizatsiya uchun favqulodda holat emas, deb jar solayotgan keskin choralar tarafdorlarining da’volariga qo‘shilmayman. Bu — reallik va u o‘lchovli, kompleks yondashuvni talab qiladi». Ammo bu muammoning yechimi bormi? Ayrimlar uchun eng oson yo‘l — majburlash bo‘lib ko‘rilishi mumkin. Biroq mutaxassislar bu yo‘lning samarasiz ekanini ta’kidlaydilar. «Majburiy choralar hech qachon samarali bo‘lmagan, hozir ham samarali emas va kelajakda ham samarali bo‘lmaydi, chunki ular aholi qarshiligiga uchraydi va ko‘pchilikning xohishiga zid bo‘ladi», — deb ta’kidlaydi Churilova. «Bizning asosiy vazifamiz — tug‘ilish darajasini oshirish, bu bilan birga esa mavjud ijtimoiy yutuqlarni saqlash va kengaytirish, — deb yozadi Kumar. — Bizga innovatsion yondashuvlar kerak, ular tug‘ilish darajasini tarixiy sabablardan — kambag‘allik, zulm va gender tengsizligidan — ajratib qo‘ya olishi lozim. Yechim taraqqiyotni ortga qaytarishda emas, balki zamonaviy jamiyatda oila qurishni qaytadan sharhlashda yotadi». Agar manfiy motivatsiya ish bermasa, ijobiy motivatsiya ishlaydimi? Javob unchalik tasalli beruvchi emas. «Hozircha hech qaysi mamlakat tug‘ilish darajasining pasayishini to‘xtata olgani yo‘q, qolaversa, uni o‘zini tiklash darajasiga ko‘targan ham emas. Tug‘ilishni qo‘llab-quvvatlash siyosati bo‘yicha choralar ancha keng qamrovli: pullik to‘lovlar, nafaqalar, soliq imtiyozlari, infratuzilmani yaratish, yengillashtirilgan ish jadvali, homiladorlik va bola parvarishi ta’tillari. Bu choralar yoki qisqa muddatga umumiy tug‘ilish koeffitsiyentining qisqa ko‘tarilishini beradi, yoki deyarli hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo ota-onalarga ish va oilaviy hayotni uyg‘unlashtirishni yengillashtiradi, bolali oilalarda kambag‘allik darajasini pasaytiradi», — deb tushuntiradi Churilova. «Hozirda professional demograflar orasida shunday fikr keng tarqalmoqda: hatto bola tug‘ilganda ota-onalarni doimo yaxshi qo‘llab-quvvatlash tizimi mavjud bo‘lgan mamlakatlarda ham ma’lum choralar samarasizlasha boshlagan. Chunki bola tug‘ish haqida qaror qabul qilishda moliyaviy omil yagona hal qiluvchi bo‘lmay qolayotir. Endi qaror qabul qilishda ayniqsa noma’lumlik va kelajak uchun xavotir fonida hayot tarzini tubdan o‘zgartirishga tayyor bo‘lish muhimroq bo‘lib bormoqda. Demograflar e’tiborni ko‘proq madaniy va qadriyatlarga qaratishmoqda: asosiy ehtiyojlar qondirilgan hozirgi sharoitda o‘zini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari keng va ko‘pchilik uchun hayotdan lazzat olish asosiy qadriyatga aylangan. Shu bois, hatto bitta bola tug‘ilishi ham cheklovlarni va avvalgi hayot tarzini davom ettirish imkoniyati yo‘qolishini anglatadi». «Menimcha, — xulosa qiladi Churilova, — tug‘ilish darajasining pasayishiga qarshi kurash samarasiz, chunki buning uchun aholi qarashlarini, qadriyatlarini tubdan o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Aholining bolalar soniga bo‘lgan munosabatini samarali o‘zgartirish mumkinmi? Mening bu savolga javobim yo‘q. Biroq istalgan bola sonining tug‘ilishi uchun sharoit yaratishga harakat qilish lozim». Raksha ham bu fikrga qo‘shiladi: «Tug‘ilish darajasining pasayishiga qarshi kurashish kerak. Barcha boshqa omillar bir xil bo‘lganda ham tug‘ilish darajasining uzoq muddat davomida past bo‘lishi aholi tarkibida qariyalarning ustunlashuvi, iqtisodiy o‘sishning to‘xtashi va davlatning ko‘p jihatdan dunyo sahnasidan chetga surilishiga olib keladi». Umid bag‘ishlovchi g‘oyalar «Tug‘ilish darajasining pasayishidan ijobiy jihat topish juda qiyin. Hech bo‘lmaganda, alohida rivojlangan mamlakatlar darajasida tug‘ilish darajasining past va yanada past darajalarga tushishida umuman ijobiy jihatlar yo‘q», — deb hisoblaydi Churilova. Biroq, pessimistik ruhdagi muhokamalarga qaramay, ayrim mutaxassislar optimizm uchun asos topmoqda. Masalan, Viktor Kumarning ta’kidlashicha, tug‘ilish darajasining pasayishi hukumatlarni inson kapitali rivojlanishi siyosatiga qayta qaraydigan qilish mumkin: iqtisodiyot barqarorligini saqlash uchun kambag‘allikni yo‘q qilish, ta’limni yaxshilash va boshqa shu kabi choralar qabul qilinishi mumkin. Bundan tashqari, korxonalarda ishchilar sonining kamayishi biznesni ishlab chiqarish jarayonini yanada texnologiklashtirishga — odamlar o‘rniga robotlar va sun’iy intellektni joriy etishga — majbur qilishi mumkin. Shu bilan birga, Yelena Churilova ta’kidlashicha, qariyalar soni yoshlar sonidan ortiq bo‘ladigan dunyo hali juda olisda: «BMTning jahon aholisi bo‘yicha prognoziga ko‘ra, 2100 yilga kelib dunyo aholisining 24 foizi 65 yoshdan katta, 17 foiz qismi esa 15 yoshdan kichik bo‘ladi, ya’ni qolgan 59 foiz mehnatga layoqatli aholi bo‘ladi. Shuning uchun qariyalar soni yoshlardan ortiq bo‘ladigan vaziyat hozircha juda olis kelajak va ehtimol, demografik tendensiyalar o‘zgarib, bunday vaziyat umuman yuzaga kelmasligi ham mumkin». Essening xulosasida Kumar ham shunday ta’kidlaydi: kelajakda hozir bashorat qilish imkonsiz bo‘lgan omillar ham muhim rol o‘ynashi mumkin. Masalan, bolalarni faqat ota-onalar emas, balki do‘stlar va qo‘shnilar ham birgalikda tarbiyalaydigan, ish joylarida bolalar parvarishi uchun shart-sharoitlar yaratiladigan kollektiv tarbiya g‘oyasining qayta tiklanish ssenariisini ham inkor etib bo‘lmaydi. «Har qancha shunday o‘zgarishlar qanday yuz beradi, deb aniq bashorat qila olmasak-da, bolalarni barqaror va adolatli tarbiyalashni rag‘batlantirishga intilishimiz mumkin. Hech bo‘lmaganda, biz bu haqda ko‘proq o‘ylashimiz kerak», — deya xulosa qiladi falsafachi.

Teglar

Mavzuga oid