add

«Muvaffaqiyatsizlikka 9 yil»: Turkiyada amalga oshmay qolgan to‘ntarish tafsilotlari

15.07.2025 | 20:4043129

2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada prezident Erdo‘g‘an boshchiligidagi huquqiy demokratiyani ag‘darib, harbiylar xuntasini iqtidorga keltirishga urinish bo‘lib o‘tgan. Turkiya hukumati tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bunda muxolifatchi Fathulloh Gulenning qo‘li bo‘lgan.

«Muvaffaqiyatsizlikka 9 yil»: Turkiyada amalga oshmay qolgan to‘ntarish tafsilotlari
 15 iyul voqeasi qanday boshlandi? Bundan to‘qqiz yil avval, xuddi shu kunda Turkiya xalqi qonli davlat to‘ntarishiga urinishlarga guvoh bo‘ldi. Barchasi Turkiya armiyasi va huquq-tartibot organlari xizmatida bo‘lgan harbiylarning mamlakatning strategik obektlariga hujum qilishidan boshlandi. Ularning asosiy maqsadi amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni hukumatdan chetlashtirib, to‘ntarishni amalga oshirish edi. Isyonchilar Anqarada F-16 qiruvchi samolyotlari yordamida prezident saroyi va o‘sha paytda deputatlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan parlament binosiga aviazarbalar berdi. Harbiy to‘ntarish urinishidan so‘ng mamlakatda harbiy holat e’lon qilindi va komendantlik soati joriy etildi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an FaceTime ilovasi orqali CNN Türk telekanali orqali xalqga murojaat qilib, ularni fitnachilarga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. Erdo‘g‘anning aytishicha, bu fitnaning ortida AQSHda istiqomat qilayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETÖ terrorchilik tashkiloti turgan. Rasmiy statistikalarga ko‘ra, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinishda 9 mingga yaqin harbiy ishtirok etgan. Isyonchi harbiylar 35 ta samolyot, jumladan, 24 ta qiruvchi samolyot va 37 ta vertolyotdan foydalangan. Turkiyaning mustaqilligi va kelajagi uchun kurashda 252 kishi shahid bo‘ldi. Mamlakat ozodligi uchun kurashgan tinch aholi, politsiya va harbiylardan 150 nafari Anqarada, 99 nafari Istanbulda va ikki nafari Mug‘lada halok bo‘lgan. To‘ntarish to‘ntarishiga urinishdan buyon hozirgacha jami 113 ming 837 nafar gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Qamoqqa olinganlarning lavozimlari:
  • 15 032 — politsiya xodimi;
  • 13 599 — turli lavozimdagi harbiylar;
  • 8 081 — zobit;
  • 2 305 — sudya;
  • 938 — prokuror;
  • 191 — general;
  • 174 — tuman hokimi;
  • 93 — voliy yordamchisi
  • 24 — voliy
  • 19— ichki ishlar nazoratchisi
  Muxolifat yetakchisi Fathulloh Gulen kim? Fathulloh Gulen — turk diniy ulamosi, yozuvchi va ijtimoiy harakat yetakchisi bo‘lib, u asosan «Xizmat harakati» deb nomlanuvchi xalqaro ta’lim va diniy-ijtimoiy tarmoq asoschisi sifatida tanilgan. U 1941 yil 27 aprelda Turkiyaning sharqiy qismidagi Erzurum viloyatida tug‘ilgan. Dastlabki diniy bilimlarni otasidan va mahalliy ulamolardan olgan Gulen, yoshligidan boshlab islom, axloq va ma’naviyat masalalariga chuqur qiziqib kelgan. Uning faoliyati 1960-yillardan boshlab kuchaygan bo‘lib, dastlab imom sifatida ishlagan, keyinchalik esa o‘zining diniy va ijtimoiy qarashlarini keng ommaga targ‘ib qila boshlagan. Dastlabki yillarda Gulen harakati va Turkiya hukumati, xususan, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) o‘rtasida yaqin hamkorlik mavjud edi. Biroq 2013 yildan boshlab bu munosabatlar keskin yomonlashdi. Erdog‘an hukumati Gulen harakatini davlat ichida yashirin tarmoq tuzishda, hokimiyatga ta’sir o‘tkazishga urinishda ayblay boshladi. Bu ziddiyat 2016 yil 15 iyuldagi harbiy to‘ntarishga urinish bilan yanada chuqurlashdi. Turkiya hukumati aynan Gulen va uning tarafdorlarini bu fitnani uyushtirganlikda aybladi. Gulen esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etib, to‘ntarishga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Shundan so‘ng Turkiya hukumati Gulen harakatini «FETÖ» (Fathullohchilar terroristik tashkiloti) deb e’lon qildi va uni terrorchi deb tan oldi. Natijada mamlakatda yuz minglab odamlar – harbiylar, o‘qituvchilar, politsiyachilar va davlat xizmatchilari ushbu harakatga aloqadorlikda gumonlanib ishdan bo‘shatildi yoki hibsga olindi. Fathulloh Gulen esa 1999 yildan umrining oxirigacha AQSHning Pensilvaniya shtatida muhojirlikda yashadi. Turkiya uni ekstraditsiya qilishni talab qilgan, biroq bu talab AQSH tomonidan qanoatlantirilmagan.   Nega to‘ntarishning oldini olish choralari ko‘rilmadi? «Birinchidan, Gulenchilarning tarmog‘i o‘ta maxfiy va sirli ro‘yxat asosida shakllantirilgan. Ular ikkiyuzlamachilik asosida ish olib borishdi: kim dushman, kim do‘st, anglash qiyin edi», deya fikr bildirgan Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlagan Ahmet Bashar. Ma’lum qilinishicha, Turkiya razvedka boshqarmalari bir necha oylardan buyon «Xizmat» a’zolari o‘rtasidagi yozishmalarni kuzatib kelgan, ammo unda to‘ntarishning rejalarini bila olishmagan. 15 iyul Turkiya Respublikasi va turk xalqining tarixida demokratiya g‘alabasi sifatida o‘z o‘rnini egallagan. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid