add

O‘zbekistonga pul tikayotganlar, bokschilardan yana shedevr va Toshkent ekologiyasiga zararli korxonalar taqdiri — 12 sentyabr dayjesti

12.09.2025 | 22:0022269

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonga pul tikayotganlar, bokschilardan yana shedevr va Toshkent ekologiyasiga zararli korxonalar taqdiri — 12 sentyabr dayjesti
Toshkent ekologiyasi uchun xavfli korxonalar viloyatga ko‘chiriladi Toshkent shahrida atrof-muhitga zarar yetkazayotgan o‘nlab to‘qimachilik va charm korxonalari shahar tashqarisiga ko‘chiriladi. Prezident raisligidagi yig‘ilishda bu korxonalar maxsus sanoat zonalariga o‘tkazilishi va infratuzilmani davlat ta’minlab, binolarni tadbirkorlar qurishi belgilandi. Toshkent shahridagi ekologiya zarar yetkazayotgan 50 dan ortiq charmni qayta ishlash korxonalari Ohangaron tumanidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi. Shuningdek, poytaxtdagi 35 ta to‘qimachilik korxonasi ham Toshkent viloyatiga olib kelinadi. Angren shahridagi Ohangaron suv ombori atrofidan 168 gektar yer Toshkent shahar hokimligiga turistik zona barpo etish uchun beriladi. Poytaxt tumanlari Toshkent viloyati tumanlariga biriktiriladi, masalan, Mirobod Parkent tumaniga, Uchtepa Zangiota tumanidagi loyihalarga mas’ul bo‘ladi. Angrendagi Yangobod, Lashkerek qishloqlariga turizm qishloqlari maqomi beriladi.   O‘zbek bokschilari Jahon chempionatida yana tarix yaratmoqda — 9 ta medal kafolatlandi O‘zbekiston terma jamoasi Liverpulda o‘tayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionatida tarixiy yutuq qayd etdi. 9 nafar bokschi yarim finalga yo‘l olib, kamida bronza medalini kafolatladi. Ular orasida Aziza Zokirova, Javohir Ummataliyev, Turabek Habibullayev, Feruza Qozoqova, Navbahor Hamidova, Abdumalik Xaloqov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxujayev, Fazliddin Erkinboyev va Jahongir Zokirov bor. Har biri o‘z raqibini ishonchli g‘alaba bilan ortda qoldirdi. Shu bilan birga, Nigina O‘ktamova, Sitora Turdibekova, Oltinoy Sotimboyeva, Mirazizbek Mirzaxalilov, Shavkatjon Boltayev va Xumorabonu Mamajonova musobaqani yarim finalga yetmasdan tark etdi. Finalga yo‘l oladigan sportchilar nomi 14 sentyabrda ma’lum bo‘ladi. Bu natija O‘zbekiston boks tarixidagi eng muvaffaqiyatli jahon chempionatlaridan biri sifatida qayd etilishi mumkin.   O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya qaysi davlat tomonidan kiritilgani ma’lum bo‘ldi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda jami 27,7 mlrd AQSH dollarilik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Xitoyning jami asosiy kapitalga xorijiy investitsiya va kreditlar hajmidagi ulushi 28,7 % ga yetgan. 2024 yilda o‘zlashtirilgan jami xorijiy investitsiya va kreditlar hajmida eng yuqori ulushga ega davlatlar: Xitoy – 28,7 foiz Rossiya – 12,7 foiz Turkiya – 7 foiz Germaniya – 5,1 foiz Saudiya Arabistoni – 4,8 foiz Buyuk Britaniya – 3,8 foiz.   Xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 12 mlrd dollardan oshdi Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan yo‘naltirilgan pul o‘tkazmalari 12 mlrd dollardan oshdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foiz ko‘pdir. Avgust oyida tushumlar 1,9 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 19,9 foiz o‘sish qayd etildi. O‘tkazmalarning asosiy qismi Rossiyadan kelgani aytilmoqda. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSH va Buyuk Britaniyadan yo‘naltirilgan mablag‘lar ham ortib borgan. Boltiq davlatlari va boshqa mintaqalardan kelgan o‘tkazmalar keskin o‘sgani qayd etilgan. Shu davrda aholi valyuta operatsiyalarida ham ijobiy balans shakllanib, 5,6 mlrd dollarlik ortiqcha taklif ichki bozor barqarorligiga xizmat qildi.   Fuqaro soxta xodimlarga ishonib, kriptovalyuta orqali 170 ming dollardan ayrildi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakiliga murojaat qilgan fuqaro M.P. soxta davlat xodimlariga ishonib, kriptovalyuta orqali 170 ming dollardan ayrilgani ma’lum bo‘ldi. Firibgarlar o‘zini Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimlari sifatida tanishtirib, fuqaroni aldagan. U mablag‘ni topish uchun uyi va avtomashinasini sotib, hatto qarzga ham kirgan. Keyinchalik jinoiy ish qo‘zg‘atilib, u jabrlanuvchi sifatida tan olingan. Ombudsman ma’lumoticha, Kiberxavfsizlik boshqarmasi fuqaro manfaatiga 115 ming dollarni undirib bergan. Biroq ko‘p hollarda mablag‘larni qaytarishning iloji bo‘lmaydi. Shu sabab ombudsman fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirib, shaxsiy raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib ma’lumot yoki to‘lov talab qilgan shaxslarga ishonmaslikni, kriptovalyuta orqali to‘lov so‘ralganda esa darhol huquqni muhofaza organlariga murojaat qilishni tavsiya qildi.

Teglar

Mavzuga oid