add

Pullarini uy ta’miriga sarflayotgan o‘zbeklar, sotilgan OLX, prezidentga tajovuzda ayblangan «tiktoker» — 21 avgust dayjesti

21.08.2025 | 22:00192110

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Pullarini uy ta’miriga sarflayotgan o‘zbeklar, sotilgan OLX, prezidentga tajovuzda ayblangan «tiktoker» — 21 avgust dayjesti
TBC Bank Group uchinchi yirik xaridini amalga oshirdi — OLX Uzbekistan sotildi Gruziyada yetakchi moliya xizmati guruhi va O‘zbekistonda eng yirik raqamli bank ekotizimlaridan biri hisoblanuvchi TBC Bank Group OLX Uzbekistan nazorat paketini sotib oldi. Bitim Titan Investments xalqaro investitsiya holdingi bilan qo‘shma korxona orqali amalga oshirilgan. Natijada OLX Uzbekistan aksiyalarining 100 foizi QKga o‘tadi. TBC nazorat paketini (50% + 1 aksiya), Titan Investments esa qolgan ulushni oladi. Sotuvchi Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group bo‘ldi. Bank avvalroq BILLZ retail management SaaS platformasi hamda mamlakatda keng ommalashgan Payme to‘lov ilovasini tarkibiga qo‘shib olgan edi.   Uy ta’miri, ta’lim yoki to‘y: O‘zbekistonliklar pullarini asosan nimalarga sarflayapti? O‘zbekiston aholisining barcha qatlamlarida uy-joy ta’miri uchun xarajatlar yuqori ulushga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, asosiy xarajatlar qatorida ta’lim va davolanish uchun qilinadigan sarflar yuqori. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan «Iste’mol kayfiyati sharhi»da keltirilgan. Kelgusi chorakda rejalashtirayotgan yirik xaridlar bo‘yicha so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar asosan uy-joy ta’mirlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda yirik xarajatlarni rejalashtirmoqdalar. Shu bilan birga, avtomobil xaridi, to‘y marosimlari va sayohat qilish kabi xarajatlar bo‘yicha kutilmalarning ulushi ham yuqori shakllanmoqda va bu ushbu tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab kelgusi davrda ham yuqori qolishini ko‘rsatadi. O‘zbeklarni haqoratlagan tiktoker 3 yil 1 oyga qamaldi «Abdulloh» taxallusi bilan tanilgan tiktoker Yugay Valeriy O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish hamda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo manzil-koloniyalarda o‘talishi belgilandi. «Abdulloh» nomi bilan tanilgan tiktoker Yugay Valeriy millatlararo nizo chiqarishi mumkin bo‘lgan va o‘zbeklarga nisbatan haqoratomuz so‘zlarni aytib, chiqishlar qilgan. Xususan, bir videosida O‘zbekiston davlatini tan olmasligini, u yerda tug‘ilganidan noroziligini va hech qachon bormasligini, TikTok`da o‘tirgan barcha o‘zbek qizlari fohishaligini, yana birida esa 3 million obunachi va 100 million like yig‘ilsa, onasini o‘ldirishini aytib chiqqan.   «Otamdan qolgan dalalar» nega taqiqlangani aytildi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarixchi Azamat Ziyo «Davra» podkastida mashhur «Otamdan qolgan dalalar» filmining nega efirdan olib tashlanganiga oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillikdan keyin ham o‘zbek jamiyatida sovet davridan meros bo‘lib qolgan boshqaruv usuli uzoq yillar saqlanib kelgan. Azamat Ziyo ta’kidlashicha, o‘zbek xalqi mustaqillikdan keyin ham uzoq yillar sovet davridagi kabi boshqaruv tizimida yashagan. «Shavkat Mirziyoyev xalqimizni paxta qulchiligidan qutqarganini to‘la anglab yetmadik. Yuz yil davomidagi majburiy mehnat savodsiz avlodni vujudga keltirdi», dedi u. 1998 yilda davlat maslahatchisi bilan film premerasida qatnashganini eslagan Ziyoning aytishicha, «Otamdan qolgan dalalar» dastlab efirga uzatilgan, katta qiziqish uyg‘otgan, ammo ko‘p o‘tmay «qora ro‘yxat»ga tushgan. Uning fikricha, filmda tasvirlangan kolxoz tizimi, majburiy mehnat va koloniya belgilarining mustaqillikdan keyin ham saqlanib qolgani namoyish etilishi asosiy sabab bo‘lgan.   Prezident nutqida eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar e’lon qilindi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) Shavkat Mirziyoyevning 20 avgust — Tadbirkorlar kuni munosabati bilan kuni Yangi Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti chog‘idagi nutqining lingvistik tahlilini e’lon qildi. Lingvistik tahlil natijalarida eng ko‘p qo‘llanilgan atama «tadbirkor» bo‘lib, u 107 marta tilga olingan. Shuningdek, «biznes» – 34 marta, «korxona» – 29 marta, «soliq» – 21 marta ishlatilgan. «Investitsiya», «loyiha» va «kredit» so‘zlari 15 martadan, «tizim» – 14 marta, «sharoit», «bank» va «startap» – 13 martadan, «eksport» esa 12 marta tilga kiritilgan. Nutqda ayrim iboralar ham ko‘p takrorlangan. Jumladan, «biznes vakillari» – 8 marta, «ochiq muloqot» – 7 marta, «imtiyozli kredit» – 4 marta tilga olingan. «Yangi O‘zbekiston», «kichik biznes», «yosh tadbirkor» kabi iboralar esa 3 martadan qo‘llangan.   O‘zbekiston nega qashshoq mamlakatlar qatoriga kirdi? — iqtisodchi tushuntiradi O‘zbekistonda iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida gap ketganda ko‘pincha «iqtisodyot o‘smoqda, lekin xarid qobiliyati oshmayapti», degan fikrlar yangraydi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov «Seredin» YouTube kanaliga bergan intervyusida bu tushuncha aslida nimani anglatishini, nega mamlakatda yillar davomida sun’iy «chiroyli raqamlar» yaratilganini va O‘zbekiston nega qo‘shni Qozog‘istondan orqada qolib ketganini batafsil sharhlagan. Yusupovning ta’kidlashicha, «xarid qobiliyati» bevosita real daromadlar va real iste’mol xarajatlari bilan belgilanadi. «Nominal daromadlarning o‘sishi inflyatsiyani hisobga olmaguncha hech narsani anglatmaydi. Aholining haqiqiy turmush darajasini faqat inflyatsiyadan tozalangan ko‘rsatkichlar orqali o‘lchash mumkin», — deydi u.

Teglar

Mavzuga oid