add

Qimmatlayotgan poyezd chiptalari, tovlamachilikda ayblanayotgan jurnalistlar va hashamatli to‘yga soliq — 16-yanvar dayjesti

Kecha 22:304 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qimmatlayotgan poyezd chiptalari, tovlamachilikda ayblanayotgan jurnalistlar va hashamatli to‘yga soliq — 16-yanvar dayjesti

Taftish.uz sayti xodimlari tizimli tovlamachilik va firibgarlikda ayblanmoqda

Ichki ishlar vazirligi Taftish.uz saytining besh nafar xodimi, jumladan guruh rahbari G‘ayrat Aberayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tafsilotlarini ochiqladi. Tergovda aniqlanishicha, guruh a’zolari turli fuqarolar va tadbirkorlar haqida salbiy mazmunda videomateriallar tayyorlab, internet platformalarida tarqatgan. Keyin esa ushbu videolarni o‘chirish yoki yanada og‘ir materiallar chiqarmaslik evaziga pul talab qilingan. Ayrim hollarda bir material uchun ikki tomonlama «daromad» olingan: avval murojaatni yoritish uchun, keyin esa o‘sha materialni olib tashlash uchun. Hozirda 27 nafar fuqaroning murojaati asosida firibgarlik, tovlamachilik, tuhmat va yolg‘on axborot tarqatish moddalari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Elita Media» MCHJ tasarrufida faoliyat yuritgan Taftish.uz loyihasi vakillari jurnalistik tekshiruv va jamoatchilik nazorati niqobi ostida jinoiy guruh tuzib, tizimli ravishda tovlamachilik va firibgarlik bilan shug‘ullangan. Guruhga norasmiy rahbar sifatida 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev boshchilik qilgan. U bilan birga muxbir sifatida ishlagan Azizjon Yuldashev, Sardor Hamidov, Marjona Eshquvvatova va Dilshod Nishonov jinoiy faoliyatga jalb etilgan.

O‘zbekistonda poyezd chiptalari narxi oshirilmoqda

1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda bir qator mahalliy yo‘lovchi poyezdlari biletlari narxi yana oshiriladi. Xususan, «Afrosiyob» elektropoyezdi hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdlari uchun biletlar narxi o‘rtacha 15 foizga oshiriladi.

«Afrosiyob» elektropoyezdida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tariflar quyidagicha belgilandi: 

Toshkent — Buxoro

VIP — 1 138 000 so‘m (hozir 875 ming so‘m);

Biznes — 760 000 so‘m (661 ming so‘m);

Ekonom — 509 000 so‘m (443 ming so‘m).

Toshkent — Qarshi

VIP — 976 000 so‘m (751 ming so‘m);

Biznes — 642 000 so‘m (558 ming so‘m);

Ekonom — 429 000 so‘m (372 ming so‘m).

Toshkent — Samarqand

VIP — 709 000 so‘m;

Biznes — 455 000 so‘m (396 ming so‘m);

Ekonom — 311 000 so‘m (270 ming so‘m).

Alisher Qodirov: «Hashamatni xohlayapsizmi, uning solig‘ini ham hashamatli qilib to‘lang»

O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarni cheklash maqsadida hashamat solig‘ini joriy etish taklif etildi. Bu tashabbus «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov tomonidan 16-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirildi. Uning ta’kidlashicha, to‘y marosimlaridagi ortiqcha isrof jamiyat uchun og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

«To‘ydan maqsad ikki yoshning nikohini jamoatchilikka e’lon qilishmi, e’lon qilaylik. Buni to‘rtta odam bilan o‘tkazasizmi, boyligingiz oshib-toshib ketgan bo‘lsa, hammani chaqirib, elga osh berasizmi, marhamat. Lekin cheklov tomoni soliqlar bilan bo‘lishi lozim. Bizning taklifimiz boshidan shunaqa bo‘lgan: luxury tax, ya’ni hashamat solig‘ini joriy etish. Hashamatni xohlayapsizmi, uning solig‘ini ham hashamatli qilib to‘lang. Masalan, 10 ming odamni chaqirib to‘y qilmoqchimisiz? To‘yda odam boshiga qarab soliq hisoblansin. 10 ming odamning solig‘ini to‘lab qo‘ying-da, keyin shuncha mehmon bilan to‘y qilavering», — deydi u.

Pedofillarga nisbatan jamoatchilik nazoratidagi reyestr joriy etish taklif qilindi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida 14 yoshli qizga nisbatan sodir etilgan guruhiy jinsiy zo‘ravonlik holati jamoatchilikda katta rezonans keltirib chiqardi. Mazkur voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan. Farg‘ona viloyati IIB tergov harakatlarini davom ettirmoqda, Bolalar ombudsmani va mas’ul organlar voyaga yetmagan jabrlanuvchining huquqlarini himoya qilish hamda ish tafsilotlarini maxfiy saqlash choralarini ko‘rmoqda.

Ushbu fojiadan so‘ng Oliy Majlis deputati Dilnoza Azizova bolalarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar uchun jamoatchilik nazoratidagi ochiq reyestr yaratish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, deputat maktab va mahallalarda majburiy profilaktika tizimini joriy etish, jabrlangan bolalarga davlat hisobidan uzluksiz psixologik yordam ko‘rsatish hamda bu turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini yanada keskinlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga pul mukofoti beriladi

Prezidentning 2026 yil 15-yanvardagi qarori bilan davlat boshqaruvi tizimida kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Unga ko‘ra, 2026 yil 1-aprelga qadar barcha vazirlik va idoralarda «Kitob burchaklari» tashkil etilib, xodimlar uchun har oyda maxsus «Kitob o‘qish soati» joriy qilinadi. Har bir tashkilotda ichki reyting yuritilib, eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti berilishi belgilandi.

Shuningdek, qaror doirasida kasbiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratiladi. Masalan, respublika bo‘yicha eng ko‘p kitob o‘qigan TOP-100 nafar o‘quvchi va talabaning har biriga BHMning 25 baravari (taxminan 9,3 mln so‘m) miqdorida mukofot puli to‘lanadi. Maktablarda esa «Jadidlar izidan» klublari tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida muntazam tahliliy debatlar o‘tkazib boriladi.

Teglar

Mavzuga oid