add

Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlash va nikohga majburlash uchun jazo kuchaytirildi

16.09.2025 | 21:4036845

Bundan buyon bunday harakatlar uchun jarima, majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari, shuningdek, ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlash va nikohga majburlash uchun jazo kuchaytirildi
16 sentyabrdan boshlab Qozog‘istonda qiz o‘g‘irlash va nikohga majburlashga qarshi qonunlar yanada qattiqlashtirildi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Avval «o‘g‘irlangan shaxs ixtiyoriy ravishda ozod qilinsa, aybdor jazodan ozod etilishi mumkin» degan qismi chiqarib tashlandi. Endi bu istisno bekor qilindi va aybdor shaxs qizni ozod qilgan-qilmaganidan qat’i nazar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bundan tashqari, Qozog‘istonda nikohga majburlash to‘g‘risida yangi modda - Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi joriy etildi. Og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lsa, ushbu modda bo‘yicha eng yuqori jazo o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etishi mumkin. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar quyidagicha tushuntirish berdilar: «Agar harakatlar ehtiyotsizlik oqibatida og‘ir oqibatlarga olib kelsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Majburlash zo‘ravonlik bilan birga sodir etilganda, voyaga yetmaganlarga nisbatan, giyohvandlikdan foydalangan holda, bir guruh shaxslar tomonidan yoki xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilganda yanada qat’iyroq jazo tahdid soladi», - deya tushuntirdi Qozog‘iston IIV. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2024 yil mart oyida kelin o‘g‘irlash amaliyotini «progressiv jamiyat ideallariga zid bo‘lgan» «dahshatli jaholat» deb atagan. «O‘ylaymanki, bunday faktlar nafaqat axloqiy qoralashni, balki huquqiy baholashni ham talab qiladi», — degandi o‘shanda To‘qayev. 2023 yilda kelin o‘g‘irlash uchun jinoiy javobgarlik joriy etish taklifi ilgari surilgan edi. O‘shanda ombudsman idorasi Qozog‘istonda qizlarni o‘g‘irlash holatlari hamon uchrab turishini ta’kidlagan. Bunday holatlar bir qator hollarda jinsiy daxlsizlikning buzilishi, kamsitish, qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilish va o‘z joniga qasd qilishga olib kelishi mumkin. Uning aytishicha, ayollar bunday jinoyatlar haqida xabar bera olmagani, erkaklar esa bu kabi harakatlarning qonunga xilof ekanini bilmagani vaziyatni yanada murakkablashtirgan. Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistonda ayollarni majburiy nikohga kiritish maqsadida o‘g‘irlash uchun jinoiy javobgarlik allaqachon joriy etilgan.

Teglar

Mavzuga oid