
Rossiya nefti Indoneziya orqali bozorlarga qayta yo‘naltirilmoqda
13.05.2025 | 15:3323363
2025 yilda Indoneziyaning Karimun porti Rossiya nefti uchun sanksiyalarni chetlab o‘tishda asosiy tranzit markaziga aylandi. Hozirda bu yerdagi neft hajmining deyarli 100 foizi Rossiyadan keltirilgan va uning manbasi o‘zgartirilib, boshqa davlatlarga qayta eksport qilinmoqda.

Reuters va Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2025 yilda neft eksport qilishda yangi yo‘nalish — Indoneziya orqali o‘tayotgan sxemani faol qo‘llashga o‘tdi. Karimun porti — hozirgi kunda Rossiya neft mahsulotlarini qayta yuklayotgan yetakchi habga aylangan. Oktyabrdan boshlab portga kelayotgan neft yetkazib berishlarining 60 foizidan ko‘pini Rossiya tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil aprelda bu ko‘rsatkich 100 foizga yetdi.
Karimunda joylashgan terminal rasman Indoneziya yurisdiksiyasiga kirmaydi. U erkin savdo hududida joylashgan va bu Rossiya neft mahsulotlarini boshqa mamlakatlar yoqilg‘i bilan aralashtirish, mahsulotning yangi kelib chiqish mamlakati sifatida Indoneziyani ko‘rsatish va so‘ngra Singapur, Malayziya va Xitoyga reeksport qilish imkonini beradi.
2025 yil boshidan buyon bu yerga Rossiyaning Ust-Luga portidan 500 ming tonnaga yaqin mazut va 217 ming tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib berilgan. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan bir necha barobar ko‘p. Mart oyida terminal orqali 590 ming tonna neft mahsuloti eksport qilingan.
Karimunga kelayotgan yuklar orasida YeI va Buyuk Britaniya sanksiyalariga tushgan tankerlar ham bor. Bu savdolar noma’lum treyderlar orqali amalga oshirilmoqda. Ular firma nomlarini tez-tez o‘zgartirar ekan.
Indoneziya Energetika vazirligi port faoliyati haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan. Terminalni 2024 yilda Dubaydagi Novus Middle East DMCC kompaniyasi sotib olgan, biroq sharh berishdan bosh tortgan.





