add

Toshkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar ilmiy jihatdan qayta ko‘rib chiqildi

27.06.2025 | 10:0013175

1865 yil iyun oyida Rossiya imperiyasi Toshkentni bosib olish uchun jang boshladi. Toshkentliklar qariyb to‘qqiz oy davomida kuchli qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, 29 iyun kuni shahar rus qo‘shinlari qo‘liga o‘tdi. Bu bosqin Turkistondagi mustamlaka davrining boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Toshkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar ilmiy jihatdan qayta ko‘rib chiqildi
Toshkent bosqinining 160 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida «Toshkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar» mavzusida ilmiy yig‘in o‘tkazildi. Yig‘inda bu tarixiy voqea haqidagi qarama-qarshi qarashlar, ilm-fanga ma’lum bo‘lgan yangi manbalar va so‘nggi tadqiqotlar tahlil qilindi, deb xabar bermoqda O‘zA. Olimlarning ta’kidlashicha, 1865 yil iyun oyida Toshkentda Rossiya imperiyasi harbiy kuchlariga qarshi xalq jon olib, jon bergan. Bobo-momolarimizning bu kurashi mustamlakachi davlatga qarshi shijoatli va jasur qarshilik bo‘lgan. Turkistonning eng katta harbiy-siyosiy va iqtisodiy markazi bo‘lgan Toshkentni Rossiya imperiyasi 1864 yil 1 oktyabrdan hujum qilib, 1865 yil 29 iyungacha bo‘lgan davrda egallagan. Ilmiy anjumanda qayd etildiki, mustamlaka davrida bu voqealar asosan bosqinchilar manfaati nuqtai nazaridan yoritilgan. Qonli muhoraba jarayonida toshkentliklarning yurtsevarligi, xalq qarshiligi yoritilmagan, aksincha, turli yasama nazariyalar orqali Rossiya siyosatini oqlashga urinilgan. Istiqlol yillarida ham bu muhim masala to‘liq va xolis ilmiy baho olmagani ta’kidlandi. Shuning uchun bugungi kunda bu mavzu bo‘yicha yangi manbalar asosida chuqur tadqiqotlar olib borish zarurligi bildirildi. Yig‘inda institut direktori, akademik Azamat Ziyo bu masala faqat tarixiy emas, balki siyosiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U Rossiya imperiyasining Turkistonga tajovuzini oqlash uchun hozirgi vaqtda ham turli «ilmiy» nayranglar singdirib kelinayotganini ochib berish muhimligini aytib o‘tdi. Professor Muhayyo Isoqova Toshkent bosqini tarixini xolis va yangicha yondashuv bilan o‘rganish zarurligini ta’kidladi. Professor Shodmon Vohidov «Tarixi jadidayi Toshkand» asarida ushbu voqea qanday yoritilgani haqida ma’ruza qildi. Tarix fanlari nomzodi Anora Tog‘ayeva Toshkent bosqinining iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlariga to‘xtaldi. Tarix fanlari nomzodi Sherzodxon Mahmudov Turkistonda «ingliz bosqini» haqidagi uydirmalarni tahlil qildi. Yig‘in davomida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Vohid Xolov Toshkent bosqinining xorij matbuotida qanday yoritilgani haqida ma’lumot berdi. Nizomiddin Gulboyev bosqinda qo‘llangan qurollar haqida ma’ruza qildi. Sohiba Mahmudova esa Toshkent bosqinida xotin-qizlar ham faol qatnashganini ma’lum qildi. Ilmiy yig‘inga ko‘ra, bu tadqiqotlar xalq va yosh avlodni tarixiy haqiqatlarga asoslangan bilimlar bilan qurollantirish, Vatanga sadoqat va tinchlikni asrash borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar

Mavzuga oid