
Toshkent shahrida 46 nimstansiya va 207 transformator yangilanadi
09.08.2025 | 10:3041363
Aholi sonining o‘sishi va issiq havo tufayli elektr talabini qoplash uchun poytaxt elektr tizimi bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinadi.

8 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent energetika tizimini barqarorlashtirish choralari haqida ma’lumot berildi. So‘nggi ikki yilda 2,8 trln so‘m sarflanib, 36 nimstansiya, 665 transformator va 2 ming kilometrdan ortiq tarmoqlar yangilandi.
Shu bilan birga, hozirda 46 nimstansiya va 207 transformator orttiqcha yuklamada ishlamoqda. Yil boshidan poytaxtda 40 ming yangi iste’molchi qo‘shildi, elektr energiyasiga talab 6 foizga oshdi. Iyul oyida issiq havo 20 kun davom etib, iste’mol 900 mln kWhdan oshdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov har bir tuman va mahalla kesimida yangilanish rejasini taqdim etdi. Joriy yil oxirigacha 374 km tarmoq, 11 podstansiya va 62 transformator yangilanadi. 2026 yilda esa 788 km tarmoq, 35 nimstansiya va 145 transformator modernizatsiya qilinadi. Mahallalarda transformator va tarmoqlar almashtiriladi.
Prezident kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirish, rejadagi ishlar 1 noyabrgacha yakunlanishini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda elektr ishlab chiqarish quvvatlari ortib, sanoat korxonalarini qayta tiklanadigan manbalarga o‘tkazish ishlari davom etmoqda. 2027 yilgacha yirik korxonalar va turizm ob’ektlarida 752 MW quyosh stansiyalari va 812 MW energiya saqlash tizimlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Davlat rahbari kichik AES qurilishi AEXA nazoratida, xavfsizlik talablariga muvofiq olib borilishini ham qayd etdi. Vaqt va sifat talablariga rioya etib, barqaror energetik quvvatlar yaratish topshirildi.





