
Uzbekistan Airways endilikda reysga ulgurmasangiz qaytish chiptangizni bekor qilmaydi
27.08.2025 | 12:4542183
Uzbekistan Airways ichki yo‘nalishlarda amal qiladigan yo‘lovchi tashish qoidalariga o‘zgarish kiritdi. Endi yo‘lovchi birinchi reysga chiqmagan taqdirda ham uning qaytish chiptasi bekor qilinmaydi.
Bu qaror Raqobat qo‘mitasining ko‘rsatmasi asosida qabul qilindi.
Jahon amaliyotida keng qo‘llanadigan qoidaga ko‘ra, ikki tomonlama chiptada birinchi parvozdan foydalanilmagan holda yo‘lovchining qaytish yo‘nalishi ham bekor qilinar edi. Uzbekistan Airways esa mahalliy yo‘nalishlarda bu amaliyotni to‘xtatishini ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchi parvozdan voz kechish yoki uchish sanasini o‘zgartirish niyati haqida aviakompaniya agentiga belgilangan muddatdan kechikmay xabar berishi kerak. Bunday holda chipta qayta rasmiylashtiriladi yoki dastlabki tarif shartlariga ko‘ra qaytariladi.
Agar yo‘lovchi birinchi qatnovga ro‘yxatdan o‘tishga kelmasa, lekin tashishni davom ettirish niyatini bildirmagan bo‘lsa ham, u keyingi reyslardan chiptani qayta rasmiylashtirmasdan foydalanishi mumkin.
Biroq, yo‘lovchi foydalanilmagan qatnovlar uchun to‘lovni qaytarish yoki qayta rasmiylashtirishni talab qilganda, aviakompaniya birinchi parvoz kuponlari qiymatining 100 foizini jarima sifatida ushlab qoladi. Shu bilan birga, aeroport va aviakompaniya yig‘imlari miqdori qaytariladi yoki qayta rasmiylashtiriladi.





