add

Xalqaro banklar O‘zbekistonda: Moliyaviy ekspansiya yoki strategik pozitsiya?

18.10.2025 | 11:3036636 daqiqa

2025 yil O‘zbekiston kapital bozori tarixida burilish nuqtasiga aylanishi mumkin: so‘nggi bir yil ichida uchta xalqaro moliya giganti: Citibank, JPMrogan Chase va Franklin Templeton Toshkentda vakolatxona ochdi.

Xalqaro banklar O‘zbekistonda: Moliyaviy ekspansiya yoki strategik pozitsiya?
Bu shunchaki geografik kengayish emas, xalqaro moliya institutlari O‘zbekistonni islohotlar va o‘sish sur’ati tufayli mintaqadagi eng istiqbolli bozorlardan biri sifatida baholayapti. Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar (FDI) 2024 yildagi 11,9 milliard dollardan 2025 yilda 42 milliard dollargacha oshishi kutilmoqda. Savol tug‘iladi: bu qiziqish ortida qanday strategik omillar yotibdi va mahalliy kapital bozori uchun bu qanday burilish yasashi mumkin? Toshkentdagi yangi ofislar orqali xalqaro moliya gigantlari o‘z strategik yo‘nalishlarini aniq belgilamoqda. Citibank vakolatxonasi rahbari Emre Karter (Turkiya bo‘yicha Country Officer va Markaziy Osiyo hamda Transkavkaziya habi rahbari) boshchiligidagi delegatsiya sentyabr oxirida 10 nafar xalqaro investorni Toshkentga olib keldi. Ular hukumat vakillari va mahalliy kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Karter so‘zlariga ko‘ra, investorlardan kelgan fikrlar «juda ijobiy» bo‘lgan va O‘zbekiston «noyob imkoniyat» sifatida baholangan. JPMrogan Chase ham 2025-yilda Toshkentda ofis ochib, mamlakatdagi xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda, xususan, davlat kompaniyalarining IPO jarayonlarida maslahat berish va xorijiy investorlarni jalb etishda muhim rol o‘ynashi ko‘zda tutilmoqda. Franklin Templeton esa O‘zbekistonning 1,7 mlrd dollarlik Milliy investitsiya fondi (UzNIF)ni boshqarish uchun tanlandi. Bu xalqaro fond menejerlari uchun mamlakatga bo‘lgan institutsional ishonchning muhim belgisi sifatida qaralmoqda. Xalqaro investorlarning O‘zbekistonga qiziqishining ortida bir nechta strategik omillar yotadi. Birinchidan, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar fonida global kapital mintaqada muqobil yo‘nalishlar izlamoqda. Shu nuqtada O‘zbekiston barqaror siyosiy kursi va ochiq iqtisodiy modeli bilan Markaziy Osiyoda tabiiy muqobil sifatida ko‘rilmoqda. Ikkinchidan, 2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi: valyuta kursi liberallashtirildi, kapitalning erkin harakati kafolatlandi (PF-6207), investorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha O‘RQ-598 qabul qilindi va PQ-162 orqali davlat ishtirokini qisqartirish siyosati belgilandi. Uchinchidan, mamlakatning 38 millionlik aholisi va ularning yarmidan ko‘pi yoshlar bo‘lishi, ichki bozorni jadal o‘sayotgan iste’mol markaziga aylantirmoqda. Bu ishonchni tasdiqlovchi misollar ko‘p: 2023 yilda Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekiston energetikasiga milliardlab dollar sarmoya kiritdi, 2024 yilda esa Boeing bilan milliy aviatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Xalqaro moliya institutlarining O‘zbekistonga kirib kelishi mahalliy kapital bozori uchun chuqur transformatsiyani boshlab berdi. Endi bu faqat kapital oqimi emas, balki korporativ boshqaruv, investor himoyasi va davlat korxonalarining xususiylashtirishdagi huquqiy mexanizmlari qayta shakllanmoqda. Citibank vakili Emre Karter ta’kidlaganidek, hukumatning maqsadi «davlat korxonalariga boshqaruv va hisobot standartlarini joriy etish hamda xususiy sektor uchun benchmarklar o‘rnatish». Buning eng yirik sinov loyihasi Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) bo‘lib, uning taxminiy bozor qiymati 20 milliard dollardan ortiq. «Navoiyuran» AJ 2026-yilda IPO o‘tkazishi rejalashtirilgan, bu esa davlat korxonasining birinchi yirik xalqaro listing urinishlaridan biri bo‘ladi. Huquqiy jihatdan bu jarayon O‘RQ-370-sonli «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun asosida amalga oshiriladi. Mazkur hujjat davlat korxonalarini MCHJ shaklidan AJ shakliga o‘tkazishni, majburiy auditorlik hisobotlari, oshkoralik (disclosure) va mustaqil direktorlar institutini joriy etishni talab qiladi. Shu orqali investorlarning aksiyalar orqali egalik huquqi (equity ownership) qonuniy kafolatlanadi. Goldman Sachs, Barclays va Citibank tomonidan  investorlar uchun roadshowlar o‘tkazilishi mahalliy kompaniyalarni IFRS, ESG va AML talablari bilan ishlashga majbur qilmoqda. Bu esa korporativ boshqaruvni xalqaro standartlar darajasiga ko‘taradi. Shu bilan birga, O‘RQ-598-son “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun xorijiy investorlarning moliyaviy faoliyatini, dividend repatriatsiyasini va shartnoma bajarilishini huquqiy tomondan kafolatlaydi. O‘zbekistonning 2031 yilda to‘lanishi kerak bo‘lgan 635 million dollarlik suveren obligatsiyalari daromadliligi 2025 yilning uchinchi choragida 80 bazis punktga kamayib, 3,5 yillik minimal darajaga tushdi. Bu mamlakatning xalqaro kredit ishonchliligi oshganini va investorlar O‘zbekistonni «yangi emissiya manbai» sifatida ko‘rayotganini bildiradi. Huquqiy nuqtai nazardan bu holat bozor baholash (benchmark yield) mexanizmini yaratadi. Endi korporativ obligatsiyalarni joylashtirish, IPO o‘tkazish va listing jarayonlari uchun suveren rentabellik mezoni shakllanmoqda. Shu bilan birga, bu bozorni tartibga soluvchi PF-6207 farmoni kapital bozorini rivojlantirish konsepsiyasi xalqaro emitentlar uchun huquqiy infratuzilmani yaratishga qaratilgan. Natijada, O‘zbekiston yopiq iqtisodiy modeldan ochiq, huquqiy jihatdan barqaror va investorlar manfaatlarini himoya qiluvchi tizim sari harakatlanmoqda. Ammo investor ishonchini mustahkamlash uchun hal qiluvchi omil  islohotlarning amalda qanchalik huquqiy kafolat topishidadir. Barcha imkoniyatlarga qaramay, O‘zbekiston investorlari uchun muayyan xavflarni saqlab qolmoqda. S&P Global Ratings mamlakatga BB- reytingini bergan bo‘lib, bu investitsiya darajasidan uch pog‘ona pastda. 2025 yil may oyida prognoz «ijobiy»ga o‘zgargani ijobiy signal bo‘lsa-da, bu hali ham O‘zbekistonning «frontier market» — yuqori daromadli, ammo yuqori riskli toifada qolayotganini anglatadi. Transparency International indeksida mamlakat 180 davlat orasida 121-o‘rinda turadi. So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi qonunlar kuchaytirilgan bo‘lsa-da, ularning amaliy ijrosi sustligi va davlat sektorida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari investorlar uchun noaniqlik manbai bo‘lib qolmoqda. Huquqiy nuqtayi nazardan, sud tizimi mustaqilligi hamon asosiy institutsional muammo hisoblanadi. Garchi 2020 yilda «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6127-sonli farmon qabul qilingan bo‘lsa ham, amalda ijro organlarining ta’siri saqlanib qolmoqda. Bu esa investor va davlat nizolarida adolatli va tezkor hal etish mexanizmlarini kafolatlashni murakkablashtiradi. Shuningdek, O‘zbekiston 2022 yilda xalqaro arbitraj mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha islohotlarni boshlagan, biroq hozircha ko‘plab bitimlarda mahalliy yurisdiksiya talabi saqlanib qolmoqda. Bu holat xalqaro investorlar uchun huquqiy himoya darajasini cheklaydi. Shu bois, ko‘plab xorijiy investorlar hali ham Nyu York, London yoki Singapur arbitraj sudlarini afzal ko‘rmoqda. JPMorgan Asset Management vakili Zsolt Papp ta’kidlaganidek, «savol shundaki, mamlakat o‘z islohot rejasini izchil amalga oshira oladimi, chunki hozirgi bozor allaqachon juda ko‘p ijobiy signalni inobatga olgan». O‘zbekiston kapital bozori tarixiy burilish nuqtasida turibdi. Citibank, JPMorgan va boshqa yirik institutlarning kirib kelishi bu transformatsiyani jadallashtirmoqda. Ammo barqaror natija uchun sud tizimining mustaqilligi, shaffof korporativ boshqaruv va investor huquqlarini kafolatlaydigan institutlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. 2030 yilgacha O‘zbekiston «frontier market»dan «emerging market» maqomiga o‘ta oladimi? Bu endi qonun ustuvorligi va islohotlarning amalda ishlashiga bog‘liq. Gulasal Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid