Xususiylashtirilmaydigan davlat banklari, Haj oldidan cheklovlar va yangicha taqsimlanadigan budjet — 20-fevral dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Davlat budjeti endi boshqacha taqsimlanadi
Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat bilan budjet sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga ilk bor «genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish» va «yashil budjetlashtirish» tushunchalari kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, har yili kelgusi moliya yili uchun budjet prognozi va undan keyingi 2 yil uchun budjet mo‘ljallarini aniqlashda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan natijalar va islohotlar to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan tuziladigan rivojlantirish dasturlarida quyidagi maqsadlarni inobatga olgan ko‘rsatkichlar belgilanishi shart:
• rivojlanishning asosiy yo‘nalish, maqsad va vazifalari;
• sifat va miqdor ko‘rsatkichlari;
• ayollar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratish;
• ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish.
MIBdan sudlarga qaytarilgan 500 ming qaror va ijrodagi «ikki standartlilik» yuzasidan izoh so‘raldi
20-fevral kuni Milliy matbuot markazida Majburiy ijro byurosi tomonidan 2025 yilgi faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbir davomida Vaqt.uz muxbiri byuro mas’ullariga bir qator savollar bilan murojaat qildi. Xususan, 2025 yilda ijro uchun yuborilgan 2 milliondan ortiq sud qarorlarining qariyb 25 foizi sudlarga ijrosiz qaytarilgani sabablari so‘raldi. Shuningdek, sud qarorlarini ijro etish jarayonida kuzatilayotgan “ikki standartlilik” holatlari bo‘yicha ham izoh berildi. Jurnalist va byuro vakillari o‘rtasidagi savol-javob jarayoni bilan havola orqali tanishishingiz mumkin.
2026 yilda birorta davlat banki xususiylashtirilmaydigan bo‘ldi
Yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasiga ko‘ra, 2026 yilda mamlakatdagi birorta davlat banki xususiylashtirilmaydigan bo‘ldi. Avvalroq «O‘zsanoatqurilishbank»ni sotish jarayoni joriy yilda yakunlanishi kutilgan edi, biroq Prezident tomonidan tasdiqlangan hujjatda davlat tasarrufidagi 9 ta bankning sonini kamaytirish 2027 yildan boshlanishi belgilandi. Rejaga ko‘ra, davlat banklari soni bosqichma-bosqich qisqarib, 2030 yilga kelib ularning soni 4 tani tashkil etishi va tizim aktivlaridagi ulushi 55 foizgacha tushishi ko‘zda tutilgan.
Xususiylashtirish jarayonlarining kechikishi bir necha bor kuzatilgan bo‘lib, «Asakabank», «O‘zsanoatqurilishbank» va «Aloqabank» kabi yirik banklarni sotish muddatlari avvalroq 2025 yilga surilgan edi. Strategiyaga muvofiq, «Milliy bank», «Agrobank», «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» kabi banklarda davlat ulushi saqlab qolinadi. Faqatgina 2030 yilga borib ushbu ro‘yxatdagi banklardan yana biri xususiy sektorga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Umra vizalarini rasmiylashtirishning so‘nggi muddati e’lon qilindi
Saudiya Arabistoni 2026 yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida umra ziyorati uchun so‘nggi muddatlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, umra vizalarini rasmiylashtirish 19-martda to‘xtatiladi, xorijlik ziyoratchilarning mamlakatga kirishi uchun so‘nggi muddat 2-aprel etib belgilangan. Barcha umra ziyoratchilari 18-aprelgacha Saudiya Arabistoni hududini tark etishlari shart, aks holda deportatsiya va jarima kabi qat’iy choralar qo‘llaniladi.
Shuningdek, haj mavsumida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida muayyan kasalliklarga chalingan shaxslarning ziyoratga borishi taqiqlandi. Cheklovlar ro‘yxatiga buyrak, yurak va jigar yetishmovchiligi, surunkali o‘pka kasalliklari, og‘ir ruhiy buzilishlar va onkologik kasalliklar kiritilgan. Shuningdek, homiladorligining so‘nggi uch oyligida bo‘lgan ayollar ham haj safariga qo‘yilmaydi.
AQSH O‘zbekistonning ikkita kompaniyasiga viza berishni chekladi
AQSH Davlat departamenti O‘zbekistondagi ikkita viza xizmatlari kompaniyasi rahbarlari va yuqori lavozimdagi xodimlariga nisbatan viza cheklovlari joriy etdi. Mazkur shaxslar fuqarolarni, jumladan voyaga yetmaganlarni Markaziy Amerika orqali AQSHga noqonuniy olib kirish va tranzit yo‘nalishlarini muvofiqlashtirishda ayblanmoqda. Ushbu faoliyat AQSH milliy xavfsizligi va migratsiya siyosatiga tahdid deb baholanib, cheklovlar Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning tegishli moddasi asosida qo‘llanildi.
Vashington ma’muriyati noqonuniy migratsiyadan foyda ko‘rayotganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rishini ta’kidlab, odam savdosi tarmoqlariga qarshi kurashda davom etishini bildirdi. Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda O‘zbekiston hukumati bilan olib borilayotgan hamkorlikni yuqori baholab, rasmiy Toshkentga o‘z minnatdorligini izhor qildi.





