
Yevropalik 300dan ziyod diplomatlar Falastinni tan olish va Isroilga sanksiya talab qildi
14.09.2025 | 11:0047473
Yevropa Ittifoqining 300 nafardan ziyod amaldagi va sobiq diplomatlari Isroilga qarshi sanksiya joriy etish va Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishni talab qilmoqda.

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlariga yo‘llangan ochiq murojaatda 300 nafardan ziyod amaldagi va sobiq diplomatlar Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini qat’iy qoralab, unga qarshi jiddiy siyosiy choralar ko‘rishni talab qildilar. Ular YeI–Isroil hamkorlik shartnomasini to‘xtatish va Isroil hukumatining ayrim a’zolariga shaxsiy sanksiyalar joriy etishni taklif qildi.
Murojaatda Yevropa Ittifoqi rahbariyatidan G‘azodagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish uchun bosimni kuchaytirish, aholiga gumanitar yordam yetkazishni osonlashtirish va bir tomonlama harakatlardan voz kechish talab qilingan. Ular BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirishga chaqirmoqda.
Diplomatlar 13 ta Yevropa mamlakatiga murojaat qilib, Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishni so‘ragan. Ularning ta’kidlashicha, jahonning 147 davlati allaqachon Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olib bo‘lgan, YeI mamlakatlari esa bu borada sustlik qilmoqda.
Shuningdek, AQSH hukumatiga ham murojaat qilingan. Diplomatlar Vashingtondan Falastin va BMT vakillarining xalqaro tashkilotlar faoliyatida to‘liq ishtirok etishiga bo‘lgan to‘siqlarni bekor qilishni talab qilmoqda.





