Yevropaning eng boy odami o‘zining lyuks imperiyasi aksiyalarini qayta sotib olyapti

Kecha 13:253 daqiqa

Bernar Arno LVMH ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritish yo‘lida qadam tashlamoqda. 2025 yil uchun e’lon qilingan zaif moliyaviy hisobot kompaniya qiymatining keskin tushib ketishiga olib kelganidan so‘ng, biznesmen o‘z konglomerati aksiyalarini ommaviy ravishda sotib olishni boshladi. Bir hafta ichida u bunga 400 million yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi.

Yevropaning eng boy odami o‘zining lyuks imperiyasi aksiyalarini qayta sotib olyapti

Fransiyalik milliarder Bernar Arno yanvar oyi oxirida investorlarni qoniqtirmagan moliyaviy hisobot e’lon qilinib, aksiyalar narxi tushib ketganidan so‘ng dunyodagi eng yirik lyuks xoldingi – LVMH aksiyalarini faol ravishda sotib olishni boshladi. Arno aksiyalar xaridi uchun allaqachon 400 million yevrodan ortiq mablag‘ yo‘naltirgan. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.

Yanvar oyi oxirida moliyaviy natijalar taqdimoti chog‘ida biznesmen uning oilaviy guruhi 2026 yilda LVMH’dagi ulushini 50 foizdan yuqori darajaga yetkazishni istayotganini bildirgan edi. 11-fevral kuni Parij birjasidagi savdolarda LVMH aksiyalari 1,6 foizga tushdi. Yil boshidan buyon esa ular 18 foizga arzonlashgan.

«Katta xarid» xronikasi

Parij fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, Arno investorlarni oldinda qiyin yil kutayotgani haqida ogohlantirganidan bir kun o‘tib, 28-yanvarda milliarder taxminan 100 million yevro qiymatida aksiyalar sotib olgan.

Bernar Arno bu bilan to‘xtab qolmagan va o‘z xolding kompaniyalari orqali ulushini oshirishda davom etgan. 4-fevral holatiga ko‘ra, umumiy xarid hajmi taxminan 757 ming aksiyani tashkil etgan, bu esa 407 million yevroga teng.

Maqsad – mutlaq ko‘pchilik

Arno kompaniya kapitalidagi ulushini psixologik muhim bo‘lgan 50% chegarasidan oshirish rejasini ochiq aytib kelmoqda (hozirda uning oilasi aksiyalarning 49 foizini va ovozlarning qariyb 65 foizini nazorat qiladi).

Bu qadam klassik «buy the dip» (pasayishda sotib olish) strategiyasiga o‘xshaydi. Arno 2026 yil uchun pessimistik prognozini e’lon qilganidan so‘ng, LVMH aksiyalari arzonlashdi va biznesmen bir kunda 15 milliard dollarlik «qog‘ozdagi» boyligini yo‘qotdi. Ammo u uchun bu aktivlarni arzon narxda sotib olish imkoniyatiga aylandi.

To‘liq nazorat strategiyasi

Arnoning harakatlari aktivlarni konsolidatsiya qilishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasiga mos keladi. U faqat ona kompaniyadagi ulushini oshiribgina qolmay, ayrim brendlar ustidan nazoratni ham kuchaytirmoqda.

O‘tgan oy ma’lum bo‘lishicha, LVMH elita kashmir (issiq junli mato) ishlab chiqaruvchisi «Loro Piana»dagi ulushini 85 foizdan 94 foizga oshirish uchun 1 milliard yevro sarflagan. Bu shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy beqarorlik davrlarida «kashmirdagi bo‘ri» (Arnoning laqabi) risklarni diversifikatsiya qilishdan ko‘ra, aksincha, hokimiyatni oila qo‘lida jamlashni va tashqi aksiyadorlar ta’sirini kamaytirishni afzal ko‘radi.

Tahlilchilar nima deydi?

Shusiz ham LVMH aksiyalarining 49 foizini va ovozlarning qariyb 65 foizini nazorat qiladigan Arnoga 50% chegarasidan oshish nega kerakligi noaniqligicha qolmoqda.

«Bu tort ustidagi gilos kabi ramziy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bu optimizmni namoyon etish usuli hamdir», – deydi «AlphaValue» tahlilchisi Frederik Jenevre.

«Marketscreener» ma’lumotlariga ko‘ra, LVMH aksiyalarini kuzatayotgan 27 nafar tahlilchidan 14 nafari ularni sotib olishni tavsiya etadi, 12 nafari portfelda saqlashni, faqat bittasi sotishni maslahat beradi. Tahlilchilarning o‘rtacha maqsadli narxi 10-fevral yopilish narxiga nisbatan xolding kotirovkalari qariyb 20 foizga o‘sishini nazarda tutadi.

Boylar reytingidagi pasayish

Luks sektoridagi inqiroz Arnoning dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatidagi o‘rniga ham salbiy ta’sir qildi. Agar u 2022 yilda reytingni boshqargan bo‘lsa, hozir «Bloomberg Billionaires Index» ma’lumotlariga ko‘ra, 7-o‘ringa tushib qolgan.

Uning kapitali 2024 yil mart oyidagi rekord 231 milliard dollardan hozirgi 181 milliard dollargacha qisqardi. Buning asosiy sabablari asosiy bozorlarda, xususan Xitoyda, lyuks tovarlarga («Louis Vuitton» sumkalari, «Hennessy» konyagi, «Dior» kiyimlari) talabning pasayishi va Ilon Mask kabi texnologik magnatlar boyligining o‘sishidir.

Teglar

Mavzuga oid