16 ta davlat va Yevroittifoq Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimini boykot qildi

Rossiya va Belarus sportchilarining o‘z milliy bayroqlari ostida ishtirok etishiga ruxsat berilgani sababli qator davlatlar 2026 yilgi Qishki Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida qatnashishdan bosh tortdi.

16 ta davlat va Yevroittifoq Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimini boykot qildi

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibigaga ko‘ra, 16 ta davlat va Yevropa Ittifoqi tantanali marosimni boykot qilishga qaror qilgan. Avstraliya va Fransiya rasmiy vakillari marosimda ishtirok etmasligini tasdiqlagan. Ushbu qaror Xalqaro paralimpiya qo‘mitasining (XPQ) bahsli qaroriga nisbatan keskin norozilik belgisi hisoblanadi.

Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi davom etayotgan urushga qaramay, olti nafar rossiyalik va to‘rt nafar belaruslik sportchiga neytral maqomda emas, balki o‘z mamlakatlari milliy bayroqlari ostida qatnashishga ruxsat bergan. Estoniya, Finlyandiya, Islandiya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya va Shvetsiya kabi davlatlar qo‘mitaning ushbu qarorini «sharmandali» deb atab, xalqaro huquqqa hurmat ko‘rsatishga chaqirgan.

Protestga qo‘shilgan jamoalar

Ukraina terma jamoasi Veronada bo‘lib o‘tadigan ochilish marosimida ishtirok etmasligini e’lon qildi. Ularga protest belgisi sifatida Avstriya, Ruminiya va Buyuk Britaniya jamoalari ham qo‘shildi. Shuningdek, Kanada, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlandiya, Germaniya, Latviya, Litva, Niderlandiya va Polsha vakillari ham marosimni boykot qilishga qaror qilgan.

O‘yinlar muddati

2026 yilgi Qishki Paralimpiya o‘yinlari 6-martdan 15-martga qadar Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

Sport olamidagi ushbu siyosiy keskinlik o‘yinlarning boshlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Vazir Sibiga hamkorlarning bunday birdamligi sport tinchlik, adolat va xalqaro qonun ustuvorligiga xizmat qilishi kerakligini anglatishini ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид