2026-yilning uch oyida budjetga qancha soliq tushumlari kelib tushdi?

Бугун 17:151 дақиқа

2026-yilning birinchi choragida davlat budjetiga kelib tushgan soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga ko‘p bo‘ldi.

2026-yilning uch oyida budjetga qancha soliq tushumlari kelib tushdi? © stock

2026-yilning I choragida O‘zbekistonda soliq tushumlari barqaror o‘sishni namoyon etdi. Ushbu davrda davlat budjetiga jami 63,6 trln so‘m soliq mablag‘lari tushirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi choragida mazkur ko‘rsatkich 48 trln so‘mdan ortiqni tashkil etgan edi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Soliq turlari kesimida eng katta tushum foyda solig‘i hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu tur bo‘yicha 20,4 trln so‘m yig‘ilib, yillik o‘sish 43 foizni tashkil etdi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha tushumlar 12,5 trln so‘mga yetdi va 27 foizlik o‘sish qayd etildi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 10,7 trln so‘mni tashkil etib, 15 foizga ko‘paydi.

Shuningdek, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 6 trln so‘mga yetdi (17 foiz), aksiz solig‘i esa 4,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 1 foiz bo‘ldi.

Yer solig‘i 2,8 trln so‘m (34 foiz), mol-mulk solig‘i 2,3 trln so‘m (11 foiz) darajasida shakllandi. Aylanmadan olinadigan soliq (AOS) 0,6 trln so‘mga, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq esa 0,4 trln so‘mga yetdi. Suv solig‘i bo‘yicha o‘sish eng yuqori — 82 foizni tashkil qildi.

Soliqsiz tushumlar hajmi esa 3,3 trln so‘mga teng bo‘ldi. Ma’lumot uchun: soliqsiz tushumlarga dividend to‘lovlari, boj, yig‘im, jarima va boshqa to‘lovlar kiradi.

photo_2026-05-07_16-04-40

Foto: Soliq qo‘mitasi

Теглар

Мавзуга оид