7 yoshli havaskordan avstraliyalik professionallargacha: Toshkent xalqaro spotterlarni jamladi
Toshkent xalqaro aeroportida samolyotlarni suratga olish ishqibozlari uchun yirik spotting-tur bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning ko‘plab shaharlari va hattoki xorijiy davlatlardan kelgan suratkashlar va kamyob kadrlar — tadbirning eng qiziqarli tafsilotlari bilan tanishing.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva18-aprel kuni «Uzbekistan Airports» kompaniyasi tomonidan samolyotlarni suratga olish ixlosmandlari uchun maxsus spotting-tur tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekistonning turli hududlari, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Turkiya va Avstraliyadan kelgan 70 ga yaqin aviaspotterlar jamlandi. «Vaqt.uz» muxbiri Javhar Chorshanbiyeva ham mazkur jarayonda ishtirok etib, samolyotlarning parvoz va qo‘nish lahzalarini, spotterlarning hayajonli ish jarayonini bevosita kuzatdi hamda kadrlarga muhrladi.
Kuzatuv davomida ishtirokchilar «Uzbekistan Airways», «Silk Avia», «Qanot Sharq», «MyFreighter», «Qatar Airways», «Air Astana» , «FlyDubai» va boshqa ko‘plab mahalliy hamda xalqaro yo‘lovchi va yuk tashuvchi aviakompaniyalarning havo kemalarini o‘z obyektivlariga muhrlashdi. E’tiborlisi shundaki, tadbir yosh va tajriba borasida hech qanday chegara bilmadi — maydonda 50 yoshlar atrofidagi professional fotograflar bilan bir qatorda, onasi hamrohligida kelgan 7 yoshli havaskor bolakay ham faol ishtirok etdi. Turli qit’a va davlatlardan kelgan qatnashchilar jarayon davomida o‘zaro tajriba almashib, do‘stona aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lishdi.
Tadbirning eng qiziqarli va esda qolarli voqealaridan biri aeroportning o‘t o‘chirish bo‘limi xodimlari bilan bog‘liq bo‘ldi. Spotterlar o‘zlarining professional kameralarida xizmat vazifasini o‘tayotgan o‘t o‘chiruvchilarni ham suratga olib, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashishdi. Bunga javoban xodimlar fotograflarga ajoyib imkoniyat yaratib berishdi — ular samolyotning suvda aks etgan holatini, ya’ni fotograflar tilida «in’ikos» (puddle reflection / reflection shot) deb ataluvchi noyob va estetik kadrni suratga olishlari uchun perron asfaltiga ataylab suv sepib berishdi. Xalqaro spotting-tur ana shunday iliq, ijodiy va do‘stona kayfiyatda o‘z nihoyasiga yetdi.



























Теглар






