Logo

Alisher Qodirov milliy jamoani avval tanqid qilib, keyin maqtagani sababini izohladi

Бугун 17:452 дақиқа

Avvalroq deputat jamoadagi «xizmat ko‘rsatgan» futbolchilar o‘rniga kelajakda samara beradigan yosh tarkibga imkoniyat berish kerakligini aytgan edi.

Alisher Qodirov milliy jamoani avval tanqid qilib, keyin maqtagani sababini izohladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov milliy terma jamoa va ayrim futbolchilarni keskin tanqid qilganiga izoh berdi.

«Ota farzandini yomon ko‘rgani uchun emas, aksincha, unga yaxshilikni ravo ko‘rgani va qattiq mehri sababli tarbiyalaydi. Milliy jamoaga kelsak, ularni yomon ko‘rishning aslo iloji yo‘q. Jamoa natijalarini ba’zida hatto futbolchilarning o‘zidan ham og‘irroq qabul qilishimiz bizni tanqidga undaydi. Lekin bizda boshqa O‘zbekiston, boshqa milliy jamoa yo‘q.

Bugun futbolchilarni kutib olishga chiqdim. Balki, o‘sha tanqidlarimiz yigitlarga ruhan yomon ta’sir qilgandir, balki shu bosim uchun hozir pushaymon ham bo‘layotgandirman. Lekin shuni aniq aytishim mumkinki, men bu jamoaning tanasiga zirapcha kirishini xohlamayman. Yigitlar juda og‘ir zarbani qabul qilishdi, biroq bu zarba aslida o‘zbek futbolining kelgusi rivojlanish yo‘lini ochib berdi. Bu futbolchilarning haqiqiy g‘alabasi shundaki, ular zarbani birinchi bo‘lib o‘zlariga qabul qilib, kelajak sari yo‘l ochdilar», —  dedi Qodirov.

Shuningdek, darvozabon o‘zgarishi kerak degan fikrini ham izohlab, tanqidlari darvozabonga emas, ularni o‘yinga tayyorlaydigan mas’ul xodimlarga nisabatan qaratilganini ta’kidladi.

«Darvozabon haqidagi gaplarim darvozabonni o‘yinga tayyorlash va uni ruhiy tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarga e’tiroz edi bu. Darvozabonning san’atiga, darvozabonning quvvatiga emas. Uchta darvozabonning birortasiga shubham yo‘q», — dedi deputat. 

Avvalroq Alisher Qodirov jamoadagi «xizmat ko‘rsatgan» futbolchilar o‘rniga kelajakda samara beradigan yosh tarkibga imkoniyat berish kerakligini aytgandi. 

Qodirovning fikricha, jamoada ayrim pozitsiyalarda jiddiy bo‘shliqlar bor, ayniqsa darvozabon masalasi alohida e’tibor talab qiladi. U bosh murabbiy Fabio Kannavaro atrofida kelajak saralash bosqichlariga mos raqobatbardosh tarkib shakllantirish zarurligini ham qayd etgandi. Shu bilan birga, u futbolchilarga murojaat qilib, bosim va tanqidlardan qat’i nazar, maydonda g‘urur bilan harakat qilish lozimligini ta’kidladi hamda jamoaning Osiyodagi eng kuchli termalar qatorida emasligini aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид