Logo

Alisher Usmonov «Everton» klubini sotib olmoqchi

Бугун 14:252 дақиқа

Asli o‘zbekistonlik milliarderning Angliya futboliga sarmoya kiritish bo‘yicha tajribasi bor. U Farhod Moshiri bilan dastlab Londonning «Arsenal» klubidan 14,58 foiz ulush sotib olgan. Keyinchalik ular klubdagi o‘z ulushlarini sotishgan.

Alisher Usmonov «Everton» klubini sotib olmoqchi © Bloomberg

Rossiyalik tadbirkor, asli O‘zbekistondan bo‘lgan Alisher Usmonov Angliya Premer-ligasida ishtirok etadigan «Everton» futbol klubini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniyaning «talkSPORT» nashri jurnalisti Alan Breyzil ma’lum qildi.

«Men bu ma’lumotni aniq tasdiqlay olmayman, ammo Usmonovning “Everton”ga qaytishga harakat qilayotgani haqida gap-so‘zlar yetib keldi. Uning juda, juda katta mablag‘i bor. Chamasi, janob Usmonov imkoni bo‘lsa, “Everton”ga qaytib, klubga katta miqdorda pul sarmoya kiritmoqchi», — dedi Breyzil.

Avvalroq AQSHning «The Friedkin Group» kompaniyasi klubning nazorat paketini sotishga tayyorligini bildirgan edi. Ushbu xoldingni boyligi 7,8 milliard dollarga baholangan milliarder Den Fridkin boshqaradi. «Forbes» ma’lumotlariga ko‘ra, Alisher Usmonovning boyligi esa 14 milliard dollarga baholangan.

«The Friedkin Group» 2024-yilda o‘zining Buyuk Britaniyadagi «Roundhouse Capital» kompaniyasi orqali «Everton» klubining 94 foiz aksiyasini sotib olgan. Angliya ommaviy axborot vositalari ushbu kelishuv qiymatini 400 million funt sterling yoki 500 million dollar atrofida baholagan.

Amerikalik kompaniyaning boshqa aktivlari qatorida Italiyaning «Roma» va Fransiyaning «Kann» futbol klublari ham bor.

Usmonovning Angliya futboliga sarmoya kiritish bo‘yicha avvalgi tajribasi ham bor. U britaniyalik va eronlik menejer Farhod Moshiri bilan hamkorlik qilgan. Dastlab ular Londonning «Arsenal» klubidan 14,58 foiz ulush sotib olgan. Keyinchalik klubdagi o‘z ulushlarini sotishgan va 2017-yilda 11 million funt sterling evaziga «Everton»ning egalariga aylanishgan.

Farhod Moshiri 2024-yilgacha klubni boshqargan. Keyin esa «Everton» nazoratini amerikalik investorlar qo‘lga olgan.

Sentyabr oyida Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qildi. Biroq uning «USM Holdings» kompaniyasiga nisbatan Buyuk Britaniya tomonidan 2023-yildan beri amal qilib kelayotgan cheklovlar saqlanib qolmoqda.

Ayni paytda «Everton» Angliya Premer-ligasi jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Manchester Siti» moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topilgandi. Klub umumiy qiymati $1,2 mln bo‘lgan moliyaviy qoidabuzarliklarda ayblanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид