«Amazon» O‘zbekistonda internet tarqatish uchun rasmiy distribyutorini tanladi
«Amazon Leo» O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh internetini tarqatish uchun UZ-SAT’ni mamlakatdagi vakolatli distribyutor sifatida belgiladi.
© Foto: Amazon.com«Amazon»ning sun’iy yo‘ldosh interneti loyihasi — «Amazon Leo» O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish uchun «O‘zbektelekom» bilan hamkorlik qiladi. Kompaniya 22-sentabr kuni UZ-SAT’ni mamlakatdagi vakolatli distribyutor sifatida belgilaganini ma’lum qildi. Bu haqda «Amazon News» xabar berdi.
Unga ko‘ra, «O‘zbektelekom»ning sho‘ba kompaniyasi UZ-SAT «Amazon Leo»ning sun’iy yo‘ldosh tarmog‘idan foydalangan holda O‘zbekistondagi mijozlarga yangi ulanish yechimlarini taqdim etadi. Xabarda aytilishicha, distribyutor xizmati, ayniqsa, an’anaviy internet infratuzilmasini qurish qiyin bo‘lgan tog‘li va chekka cho‘l hududlaridagi aholi hamda biznes uchun mo‘ljallangan.
«O‘zbektelekom» hozirda mamlakatdagi aholi punktlarining 96 foizini aloqa bilan qamrab olgan, 234 ming mildan (378 ming kilometrdan) ortiq optik tolali infratuzilmaga ega hamda 13 milliondan ziyod foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekistonning tog‘li hududlardan tortib, olis cho‘l aholi punktlarigacha bo‘lgan turli geografik sharoiti ayrim hududlarni faqat yer usti tarmoqlari orqali internetga ulashni qiyin va qimmatga aylantirmoqda. «Amazon Leo» «Uztelecom»ning mavjud infratuzilmasini to‘ldirish va aloqa eng zarur bo‘lgan hududlarda internet qamrovini kengaytirish uchun mo‘ljallangan», — deyiladi xabarda.
«Amazon Leo» qanday ishlaydi?
«Amazon Leo» past Yer orbitasida joylashadigan 3 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldosh asosidagi tarmoqni shakllantirmoqda. Tizim yerdagi maxsus shlyuz antennalari va optik tolali infratuzilma bilan bog‘lanadi. Foydalanuvchilar esa maxsus terminallar orqali tarmoqqa ulanadi.
«Amazon»ning so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, 2-iyul holatida orbitadagi Leo sun’iy yo‘ldoshlari soni 396 taga yetgan. Kompaniya tarmoqni bosqichma-bosqich kengaytirmoqda. Loyiha uchun Leo Nano, Leo Pro va Leo Ultra terminallari ishlab chiqilgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ularning maksimal yuklab olish tezligi mos ravishda 100 Mbit/s, 400 Mbit/s va 1 Gbit/s gacha yetishi mumkin. Biroq bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistondagi yakuniy tarif yoki tezlikni anglatmaydi.
Hamkorlik iyunda boshlangan
«Amazon Leo» va UZ-SAT o‘rtasidagi dastlabki hamkorlik kelishuvi 2026 yil iyunida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan. O‘shanda O‘zbekistonda yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh internetini joriy etish rejasi ma’lum qilingan edi.
22-sentabrdagi yangi xabar esa UZ-SAT’ning Amazon Leo’ning O‘zbekistondagi vakolatli distribyutori sifatida ishlashi belgilanganini tasdiqladi. Xizmatning O‘zbekistondagi aniq tariflari va abonent to‘lovlari hozircha e’lon qilinmagan.
«Amazon»ning o‘zi «Leo» tizimini yuqori tezlik va past kechikishli internet uchun mo‘ljallangan tarmoq sifatida tavsiflaydi. Terminallar ham turli quvvatda ishlaydi.
Masalan, «Amazon» avval «Leo Pro» qurilmasi uchun 400 Mbit/s gacha, «Leo Ultra» uchun esa 1 Gbit/s gacha yuklab olish tezligini ko‘rsatgan. Biroq bu ko‘rsatkichlar muayyan xizmat shartlari va bozorga qarab farq qilishi mumkin. Shuning uchun hozircha «O‘zbekistonda «Amazon Leo» interneti 1 Gbit/s bo‘ladi» deb aytish to‘g‘ri emas — bu qurilmaning texnik imkoniyati, xolos.Starlink O‘zbekiston, O‘zbekistonda internet, sputnik internet
