Amsterdam ommaviy joylarda go‘sht va neft mahsulotlari reklamasini taqiqlaydi

18.02.2026 | 08:582 дақиқа

Niderlandiya poytaxti ommaviy hududlarda go‘sht, ichki yonuv dvigatelli avtomobillar va qazilma boyliklar reklamacini taqiqlashga qaror qildi. Yangi qoida 1-maydan kuchga kiradi va odamlarda sof ekologik muhitda yashash ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratilgan.

Amsterdam ommaviy joylarda go‘sht va neft mahsulotlari reklamasini taqiqlaydi

Amsterdam shahri ommaviy makonlarda iqlimga zarar yetkazuvchi reklamaga qarshi keskin chora ko‘rmoqda. Munitsipal kengash 22-yanvar kuni qazilma boyliklar, yoqilg‘i va go‘sht mahsulotlari reklamacini jamoat joylari hamda shahar jamoat transporti tarmog‘ida taqiqlash to‘g‘risidagi tashabbusni ma’qulladi. Qaror 1-maydan kuchga kiradi.

Taqiq aviaparvozlar, kruiz sayohatlari, ichki yonuv dvigatelli avtomobillar, shuningdek, neft va gaz bilan bog‘liq mahsulotlar reklamacini qamrab oladi. Tashabbus ilk bor 2020 yilda ilgari surilgan bo‘lib, Amsterdam bu yo‘nalishda qadam tashlagan dunyodagi ilk shahar sifatida qayd etilgan edi.

 

Yashillar va jonivorparastlar tashabbusi

Munitsipal kengashdagi qaror yashillar partiyasi «GroenLinks» va Hayvonlar huquqini himoya qiluvchi «Partij voor de Dieren» tashabbusi bilan qabul qilindi. Iqlim faollari reklama orqali qazib olinadigan yoqilg‘ini «odatiy va qabul qilinadigan mahsulot» sifatida namoyon etish iqlim inqirozini chuqurlashtiradi, deb hisoblaydi.

Tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchi «Reclame Fossielvrij» harakati vakili Femke Sleyegers bu qarorni «iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hal qiluvchi palla» deb baholagan. Uning fikricha, reklamaga cheklov kiritilmas ekan, Parij kelishuvi majburiyatlarini bajarish qiyin bo‘ladi.

Ayrim shahar rahbarlari taqiqni joriy etish muddati bo‘yicha e’tiroz bildirgan. Vitse-mer Melani van der Xorst may oyi juda erta ekanini aytib, o‘tish davri belgilashni taklif qildi.

Amsterdam bu borada Niderlandiyadagi boshqa shaharlar — Utrext, Haaga, Zvolle, Delft va Niymegen tajribasini davom ettirmoqda.

Fransiya esa avvalroq qazib olinuvchi energiya bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar reklamacini cheklovchi qonun qabul qilgan. Italiyaning ayrim shaharlari ham shunga o‘xshash choralarni ko‘rib chiqmoqda.

Mutaxassislar fikricha, reklamaga cheklov kiritish tamaki va alkogol siyosatiga o‘xshash yondashuvni anglatadi: mahsulotni ommaviy makonda targ‘ib qilmaslik orqali iste’molni qisqartirish. Amsterdamning qarori esa iqlim siyosatida shahar darajasidagi qat’iy qadam sifatida baholanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид