AQSH Eronga zarba berishga tayyor — OAV

19.02.2026 | 20:062 дақиқа

Xabarlarga ko‘ra, Isroilda ham allaqachon urushga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashgan.

AQSH Eronga zarba berishga tayyor — OAV

Amerika harbiylari kelayotgan shanba, 21-fevral kuni Eronga zarba berishga tayyor. Bu haqda «CBS News» telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Telekanal bilan anonim tarzda suhbatlashgan mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp zarbalar borasida hali yakuniy qaror qabul qilmagan, biroq hozirda Yaqin Sharqda bo‘lib turgan harbiylar hujum boshlashga to‘liq tayyor ekanini ma’lum qilishgan.

Qayd etilishicha, Oq uy eskalatsiya xavfini hamda siyosiy va harbiy oqibatlarni chamalamoqda. Bir necha rasmiy shaxslarning aytishicha, shu haftada Pentagon AQSH o‘z operatsiyasini davom ettirishga qaror qilgan taqdirda Eron tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlar yoki aksilhujumlar oldidan xodimlarning bir qismini Yaqin Sharqdan Yevropaga yoki ortga, Qo‘shma Shtatlarga vaqtincha ko‘chirishni boshlagan.

«AQSHning ehtimoliy harbiy faolligi arafasida kuchlar va shaxsiy tarkibning ko‘chirilishi Pentagonning standart amaliyoti hisoblanadi va bu albatta Eronga hujum qilish muqarrarligini anglatmaydi», - deya tushuntirish bergan manbalardan biri jurnalistlarga.

Tayyorlanayotgan zarbalar haqida rasmiy ma’lumot mavjud emas.

Ogohlantirishlar

Yanvar oyi oxirida AQSH prezidenti Eron hukumatini yadroviy kelishuv tuzishga chaqirgan edi. Tramp navbatdagi hujum 2025 yil yozidagi «Yarim tun bolg‘asi» (Operation Midnight Hammer) operatsiyasidan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi bilan tahdid qilgan. O‘tgan haftada esa OAV AQSH Yaqin Sharqqa yana bir aviatashuvchi kema yuborishi haqida yozgan edi.

Shu bilan birga, Isroil OAVlarining yozishicha, Isroilda allaqachon urushga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashgan. Rossiya TIV esa, agar AQSH Eronga zarba bersa, «yadroviy insident xavfi» borligini ma’lum qildi.

Теглар

Мавзуга оид