Logo

AQSHning Eronga qarshi urush xarajatlari yana oshdi

Бугун 15:343 дақиқа

So‘nggi xarajatlar miqdori iyul oyidagi hisob-kitobdan 25 foiz yuqori bo‘ldi. Hali mojaroda ishlatilgan o‘q-dorilarni qayta to‘ldirish uchun 29 mlrd dollardan ortiq mablag‘ kerak.

AQSHning Eronga qarshi urush xarajatlari yana oshdi © Reuters

AQSH harbiylari Eronga qarshi urush olib borish uchun hozirgacha 47 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. «Reuters» qo‘lga kiritgan Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, bu Mudofaa vazirligining iyul oyidagi hisob-kitobidan 25 foizdan ko‘proq.

Pentagon ushbu hisob-kitob bo‘yicha so‘rovga hozircha javob bermagan. Mazkur ma’lumotlar jamoatchilikka rasman e’lon qilinmagan.

Urush xarajatlarining oshib borayotgani haqidagi ma’lumot AQSHda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylov arafasida e’lon qilinadi. Ushbu saylovda Kongressning kelgusi ikki yil davomida qaysi partiya nazoratida bo‘lishi aniqlanadi.

Urushning global energiya narxlariga ta’siri Respublikachilar partiyasi nomzodlarini qo‘llab-quvvatlash darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi va prezident Donald Trampning reytingini pasaytirdi. Ayni paytda Respublikachilar Kongressning har ikki palatasida ham kichik ustunlikka ega.

Pentagonning so‘nggi hisob-kitoblari urushni olib borish bilan bog‘liq operatsion xarajatlarga asoslangan. Unga ko‘ra, mojaroda ishlatilgan o‘q-dorilarni qayta to‘ldirish uchun 29 milliard dollardan ortiq mablag‘ talab etiladi.

Bundan tashqari, harbiy texnika va jangovar platformalar yo‘qotishlarini qoplash uchun 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu xarajatlarga urush davomida yo‘qotilgan ko‘plab dronlar va boshqa harbiy havo vositalarining o‘rnini to‘ldirish ham kiradi.

Tramp fevral oyida Isroil bilan birgalikda Eronga qarshi urush boshlaganida, mojaro qisqa vaqt ichida yakunlanishini taxmin qilgan edi.

Dastlab AQSH strategiyasi Eron mudofaa tizimlariga qimmat va yuqori aniqlikdagi raketalar bilan zarba berish, keyinchalik esa nisbatan arzonroq o‘q-dorilar, jumladan, samolyotlardan tashlanadigan JDAM kabi ko‘p miqdorda mavjud bo‘lgan gravitatsion bombalardan foydalanishga qaratilgan edi.

Biroq aprel oyidagi sulh Eronga yer ostidagi omborlarini qayta tiklash uchun vaqt berdi. Natijada ilgari foydalanish imkoni bo‘lmagan ayrim raketalar va dronlar, shuningdek, mudofaa tizimlari yana ishga tushirildi.

Shundan so‘ng, Tramp Eronning neft eksportidan tushadigan daromadlarini cheklash maqsadida mamlakatga nisbatan dengiz blokadasini joriy etdi. Shuningdek, u oraliq saylovlardan keyin harbiy harakatlarni qayta boshlash ehtimolini ham istisno qilmadi.

Anonimlik sharti bilan gapirgan AQSH rasmiylariga ko‘ra, Pentagon buyruq berilsa, og‘ir janglarni qayta boshlashni rejalashtirayotganini aytdi.

Pentagonning so‘nggi hisob-kitobi AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetning iyul oyida urush xarajatlari 37,5 milliard dollarni tashkil etishi haqidagi hisob-kitobidan ancha yuqori.

Xarajatlar tarkibiga parvozlarni amalga oshirishdan tortib, kiber qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan ko‘plab operatsion yo‘nalishlar kiradi.

Biroq, AQSH harbiylarining Eronga qarshi urush xarajatlari bo‘yicha hisob-kitoblarida Eronning raketa va dron hujumlari oqibatida AQSH harbiy bazalariga yetkazilgan zararni ta’mirlash uchun talab etiladigan katta mablag‘ aniq hisobga olingani ko‘rsatilmagan.

Ma’lumot uchun, 28-fevraldan 1-avgustgacha davom etgan Eron bilan urushda 18 nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Tramp Eron bilan urushni 2001-yil 11-sentabr teraktlaridan keyin AQSHning Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirishi bilan bog‘liq urushlardan muntazam ravishda farqlab keladi. «Reuters» xabariga ko‘ra, AQSHning Iroqdagi sakkiz yil davom etgan urushi 2 trillion dollarga, Afg‘onistondagi 20 yillik urush esa 2,3 trillion dollarga tushgan.

AQSH Kongressi Budjet boshqarmasining 1-avgust holatidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, urush 2027-yilning dastlabki uch oyida inflatsiyaning 0,5 foizga oshishiga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq urushlar, sanksiyalar, inqirozlar, umuman olgan ana shu global tebranishlar neft narxlariga qanday ta’sir qilgani haqida yozgan edik.

Farangiz Bobojonova

Теглар

Мавзуга оид