Logo

Ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 18 foiz kam maosh oladi — BMT

So‘nggi ikki yilda gender tengligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi har to‘rtta davlat tuzilmasidan biri operatsion budjetining qisqarishiga duch kelgan, har uchtadan biri esa institutsional vakolatlarining bir qismidan mahrum bo‘lgan.

Ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 18 foiz kam maosh oladi — BMT © Ijtimoiy tarmoqlar

Dunyo bo‘yicha ayollar o‘rtacha hisobda erkaklarga qaraganda 18 foiz kam daromad oladi. Bu haqda har yili 18-sentabrda nishonlanadigan Xalqaro teng mehnat haqi kuni arafasida Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo o‘z murojaatida ma’lum qildi.

Tashkilot matbuot xizmatining xabar berishicha, u «oddiy, ammo asosiy tamoyil»ni eslatgan: bir xil qiymatga ega mehnat uchun teng haq to‘lanishi kerak.

«Gap mehnati oilalar, korxonalar, jamoalar va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlaydigan, ammo hanuzgacha adolatli haq olmayotgan millionlab ayollar haqida ketmoqda. Bu o‘zgarishi kerak», — dedi u.

Ungboning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlar, ish beruvchilar va xodimlar birgalikda harakat qilib, mavjud adolatsizlikning asosida yotgan tizimli to‘siqlarni bartaraf etishi, shuningdek, teng mehnat haqini ta’minlashga xizmat qiladigan qonunchilik va institutlarni mustahkamlashi mumkin. Ijtimoiy muloqot, jumladan, jamoaviy muzokaralar orqali ayollar mehnatining yetarlicha baholanmasligi muammosini hal qilish, ish haqi shaffofligini oshirish, yanada adolatli maosh tizimlarini yaratish va ayollarga o‘z iqtisodiy hayotini shakllantirishda teng ovoz berish imkonini ta’minlash mumkin.

«Mehnat sohasi chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, ammo bizning tamoyillarimiz o‘zgarishsiz qolmoqda. Teng mehnat haqi — bu huquqlar, tamoyillar, qadr-qimmat va ijtimoiy adolat masalasidir — qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir xodim uchun», — dedi Jilber Ungbo.

Gender tafovutini bartaraf etish

«BMT-Ayollar» tuzilmasining ta’kidlashicha, teng qiymatli mehnat uchun teng haq to‘lash tamoyili nafaqat adolat masalasi, balki iqtisodiy rivojlanishning muhim sharti ham hisoblanadi. Ish haqidagi gender tafovuti ayollarning butun hayoti davomidagi daromadlarining kamayishiga, pensiya jamg‘armalarining qisqarishiga va ijtimoiy tengsizlikning kuchayishiga olib keladi.

«BMT-Ayollar» tuzilmasi eng zaif guruhlar, jumladan, migrantlar, nogironligi bo‘lgan ayollar hamda irqiy va etnik ozchilik vakillarining holatiga alohida e’tibor qaratdi. Ular uchun ish haqidagi tafovut ko‘pincha yanada kattaroq bo‘ladi.


Tashkilot bayonotida qayd etilishicha, 2026-yilda teng mehnat haqi masalasini ilgari surish borasida ma’lum taraqqiyotga erishilgan. BMT Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasining 70-sessiyasida hukumatlar, ish beruvchilar va xodimlar vakillari ayollarning mehnat bozorida to‘liq ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli barerlarni bartaraf etishga tayyor ekanini tasdiqlagan.

«BMT-Ayollar» tuzilmasi gender tafovutini bartaraf etish mumkinligi, ammo buning uchun har bir ayol mehnatini adolatli baholashni ta’minlaydigan qat’iy choralar zarurligini ta’kidladi.

BMT hisobotiga ko‘ra, hozirgi taraqqiyot sur’ati saqlanib qolsa, gender tengligiga erishish uchun 171 yil talab etiladi.


Shu bilan birga, mazkur muammolarni hal qilish masalasi asta-sekin eng ustuvor vazifalar qatoridagi o‘rnini yo‘qotmoqda. Xalqaro yordam dasturlarini moliyalashtirish keng ko‘lamda qisqarib borayotgan bir paytda, gender tengsizligiga qarshi kurashishga qaratilgan loyihalar eng ko‘p zarar ko‘rgan yo‘nalishlar qatoriga kirdi.

Bunday tashabbuslarni moliyalashtirish hajmi 2021-yildan beri eng past darajaga tushdi. So‘nggi ikki yilda gender tengligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi har to‘rtta davlat tuzilmasidan biri operatsion budjetining qisqarishiga duch kelgan, har uchtadan biri esa institutsional vakolatlarining bir qismidan mahrum bo‘lgan.

Shu bilan birga, BMTning 42 ta tuzilmasi moliyalashtirish qisqarishi sababli gender tengligini ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarini majburan susaytirishga to‘g‘ri kelganini ma’lum qildi.

«Hisobotda qayd etilgan ma’lumotlar bunday holat muqarrar emasligini ko‘rsatmoqda. Gender tengligiga, tegishli institutlarga va hisobdorlikni ta’minlaydigan statistik tizimlarga sarmoya kiritish xarajat emas, balki 2030-yilgacha barcha uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash va’dasini amalga oshirishning eng tezkor yo‘lidir», — dedi BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Li Szyunxua.

Теглар

Мавзуга оид