Logo

Behruz Karimov «Real», «Chelsi» kabi klublardan takliflar borligi, ammo hozir u yerga bora olmasligini aytdi

Бугун 19:542 дақиқа

U musobaqa avvalidagi ishonchsizlik va yoshi bilan bog‘liq shubhalarga maydonda o‘zini ko‘rsatish orqali javob berishga intilganini ta’kidladi.

Behruz Karimov «Real», «Chelsi» kabi klublardan takliflar borligi, ammo hozir u yerga bora olmasligini aytdi © Фото: Getty Images

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining 18 yoshli himoyachisi Behruz Karimov «Chelsi», «Real Madrid», «Manchester Siti» hamda «Manchester Yunayted» kabi jamoalardan qiziqish va takliflar bo‘layotgani, ammo dastlab o‘yin amaliyoti beriladigan o‘rtamiyona jamoaga o‘tish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda futbolchi bugun, 1-iyul kuni milliy terma jamoa a’zolarini tantanali kutib olish marosimida bergan intervyusida so‘z ochdi.

«Men yoshligimdan «Chelsi», «Real Madrid», «Manchester Siti» hamda «Manchester Yunayted» — har bir jamoani o‘yinlarini kuzatib borganman. Hozirda ulardan ham taklif bor, lekin hozir u yerga bora olmayman, chunki o‘yin amaliyoti kerak. Shuning uchun o‘rtaroq jamoaga borib, o‘yin amaliyotini qilib, keyinchalik o‘sha jamoalarda o‘ynash niyatim bor», — dedi sportchi xorij klublarining takliflariga to‘xtalib.



Karimov kelajakda Madridning «Real» klubi safida to‘p tepishni orzu qilishini yashirmadi. Biroq u bunday darajaga bosqichma-bosqich yetib borish zarurligini yaxshi tushunishini aytdi.

«Orzuim — «Real»da to‘p tepish. Biroq u yerga hozir to‘g‘ridan to‘g‘ri borib bo‘lmaydi. Boshqa ligalarda o‘ynab, shu maqsadga erishmoqchiman», — dedi futbolchi.



Musobaqadagi qiyinchiliklar

Intervyu davomida sportchi musobaqa avvalida olgan jarohati va shu sababli yuzaga kelgan bosim, shuningdek, yoshi borasidagi gap-so‘zlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«O‘zi har bir o‘yindan oldin qiyin bo‘lishini bilgandik, lekin musobaqa avvalida jarohat oldim, albatta ko‘p muxlislar menga ishonmadi va bu narsalar uchun ham men harakat qildim. Meni yosh deyishdi, lekin hech qanaqa yosh emasligimni [isbotlashga intildim]. Bor kuchim bilan o‘ynab, xalqimizni xursand qilishga urindim va ularning ishonchini oqladim, degan umiddaman. Albatta, hali ham ba’zilarda ishonchsizlik saqlanib qolmoqda. Biroq tinimsiz harakat qilib, Xudo xohlasa, bu ishonchni to‘liq oqlashga umid qilaman, menga ishonishlariga umid qilaman», — deya ta’kidladi Karimov.



Behruz Karimov jahon chempionatidagi harakatlari, xususan, himoyadagi ishonchli o‘yini, jismoniy imkoniyatlari va to‘p bilan ishlash mahorati evaziga xalqaro mutaxassislar e’tiborini tortgan. Avvalroq futbolchini Angliya Premer-ligasi, Germaniya Bundesligasi va Fransiya Liga 1 klublari kuzatayotgani xabar qilingan edi. Transfer bozoridagi raqobat sababli da’vogar klublar nomi hozircha ochiqlanmagan va biror rasmiy kelishuv imzolanmagan. Sportchining keyingi klubi mavjud barcha variantlar to‘liq o‘rganib chiqilganidan so‘ng aniq bo‘lishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид