«Biz shunchaki muz parchasi emasmiz»: Grenlandiya Donald Trampning Arktika haqidagi haqoratiga javob qaytardi

Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen Tramp «muz parchasi» deb atagan orol aslida 57 ming kishilik faxrli xalq va muhim strategik hudud ekanini eslatib qo‘ydi.

«Biz shunchaki muz parchasi emasmiz»: Grenlandiya Donald Trampning Arktika haqidagi haqoratiga javob qaytardi

Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen NATO ittifoqchilarini xalqaro huquqni himoya qilish uchun birlashishga chaqirdi va AQSH Prezidenti Donald Trampning Arktika oroli haqidagi navbatdagi fikrlarini rad etdi.

Donald Tramp o‘zi boshlagan Eron bilan urushga NATOning aralashishni istamayotganidan g‘azablanib, ijtimoiy tarmoqdagi postida harbiy ittifoq kerak paytda yonida bo‘lmaganini va «agar ular bizga yana kerak bo‘lsa, u yerda bo‘lishmaydi. Grenlandiyani eslang, o‘sha katta, yomon boshqariladigan muz parchasini», - deb yozdi.

Nilsen bunday ta’rifni keskin rad etdi.

«Biz qandaydir muz parchasi emasmiz. Biz 57 000 kishidan iborat faxrli xalqmiz va har kuni barcha ittifoqchilarimizni hurmat qilgan holda dunyoning yaxshi fuqarolari sifatida mehnat qilyapmiz», dedi u «Reuters» agentligiga.

Nilsen urushdan keyingi geopolitik tartibni, jumladan NATO mudofaa alyansini va butun dunyo tan olgan xalqaro huquqni saqlab qolish muhimligini ta’kidladi.

«Hozir bu narsalar sinovdan o‘tmoqda va menimcha, barcha ittifoqchilar ularni saqlab qolish uchun birga turishlari kerak. Umid qilamanki, shunday bo‘ladi», dedi u.

Diplomatik muzokaralar davom etmoqda, ammo Grenlandiya AQSH maqsadlaridan xavotirda

NATO ittifoqchilari shu yil boshida Donald Tramp Grenlandiyani Daniyadan tortib olish rejasini qayta tiklaganidan so‘ng, ittifoqni saqlab qolish yo‘llarini izlayotgan edi.

Yanvar oyida Oq uy Donald Tramp Grenlandiyada harbiy kuch ishlatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Bu esa Germaniya, Fransiya va boshqa Yevropa davlatlarini birdamlik va to‘xtatib turish maqsadida orolga kichik qo‘shin kontingentlarini yuborishga majbur qildi.

Keyinchalik Donald Tramp NATO Bosh sekretari Mark Ryutte bilan muzokaralardan so‘ng o‘z fikridan qaytdi va «kelajakdagi kelishuv asoslari» shakllanganini aytib, Grenlandiya nizosini diplomatik yo‘lga o‘tkazdi. Uning orol haqidagi so‘nggi posti 8-aperl kuni Mark Ryutte bilan bo‘lgan yangi uchrashuvdan keyin paydo bo‘ldi.

Grenlandiya, Daniya va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar yanvar oxirida boshlangan edi va Nilsen ular hali ham davom etayotganini, yangi uchrashuvlar rejalashtirilganini aytdi.

Donald Tramp va uning tarafdorlari AQSH Arktikada Rossiya va Xitoydan keladigan tahdidlarni qaytarish uchun Grenlandiyaga muhtojligini va Daniya uning xavfsizligini ta’minlay olmasligini ta’kidlab kelishmoqda.

AQSH orolda allaqachon bazaga ega va 1951 yildagi shartnomaga asosan u yerda o‘z ishtirokini kengaytirish imkoniyati bor.

«Barcha tomonlar mudofaa sohasidagi hamkorlikni oshirishni muhokama qilishni istayotgan bir paytda, o‘sha kelishuvni (1951 yildagi) hisobga olmaslik g‘alati bo‘lardi», - dedi Nilsen muzokaralar tafsilotlariga to‘xtalmay.

Muzokaralarga qaramay, Nilsen Donald Tramp orol borasidagi o‘z ambitsiyalaridan voz kechganiga ishonmasligini ochiq aytdi: «Uning Grenlandiyani egallab olish yoki nazorat qilish istagi kun tartibidan olib tashlanganini ko‘rmayapman», - dedi u.

Теглар

Мавзуга оид