Boy bo‘lishning 21-asrdagi eng tezkor yo‘li: Anthropic'ning bitta xodim uchun sarfi 100 ming dollardan oshdi
Yaqinlashib kelayotgan IPO yangi multimillionerlar yaratishi aytilmoqda.

«Claude» sun’iy intellekt tizimini ishlab chiquvchi «Anthropic» kompaniyasi 2026 yilning uchinchi choragida xodimlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun 1,7 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu har bir xodimga oyiga o‘rtacha 107,6 ming dollardan to‘g‘ri keladi.
Kompaniyaning AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) 2-noyabr kuni taqdim etgan yangilangan IPO hujjatlarida ma’lum qilinishicha, 2026 yil 30-sentabr holatiga «Anthropic»da taxminan 5 300 nafar xodim ishlagan. Uchinchi chorak (iyul–sentabr oylari)da xodimlar bilan bog‘liq umumiy xarajatlar 1,711 mlrd dollarni tashkil etgan.
Mazkur xarajatlarning 1,07 mlrd dollari yoki qariyb 62,5 foizi aksiyalar bilan bog‘liq mukofotlarga to‘g‘ri kelgan. Qolgan qismi ish haqi, bonuslar, xodimlar imtiyozlari va ish beruvchi to‘laydigan soliqlardan iborat. Shu bois bir xodimga oyiga to‘g‘ri keladigan 107,6 ming dollar uning haqiqiy maoshi emas, balki kompaniyaning xodimlar uchun o‘rtacha xarajatidir.
Kompaniyaning tushumi ham jadal o‘smoqda. 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida «Anthropic» 33,2 mlrd dollarlik tushum olgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 2,5 mlrd dollar bo‘lgan. Shuningdek, xodimlar bilan bog‘liq xarajatlar 1,027 mlrd dollardan 4,863 mlrd dollarga yetgan.
Ayni paytda kompaniyaning eng yirik xarajat yo‘nalishi xodimlar emas, balki sun’iy intellekt modellarini ishlatish uchun zarur hisoblash quvvatlari va infratuzilmadir. Uchinchi chorakda bu maqsadlar uchun 9,86 mlrd dollar sarflangan. Kompaniyaning operatsion natijasi esa ikkinchi chorakdagi 974 mln dollar foydadan uchinchi chorakda 567 mln dollar zararga o‘zgargan.
«Anthropic» ayni paytda aksiyalarini birjaga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. IPO hujjatlarida xodimlarga berilgan aksiyaviy mukofotlar bo‘yicha hali xarajat sifatida tan olinmagan kompensatsiya qiymati 32,3 mlrd dollarga yetgani ham qayd etilgan. Birjaga chiqish jarayoni ushbu xarajatlarning moliyaviy hisobotlarda aks etishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.