Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi rahbari iste’foga chiqdi. Uning ismi «Epshteyn fayllari»da bor edi
Brendening Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha mustaqil tekshiruv yakunlangan.

Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi prezidenti Byorge Brende 2017 yildan buyon egallab kelgan lavozimini tark etayotganini e’lon qildi.
Brende bayonotida aytilishicha, u bunday qarorni «chuqur o‘ylab ko‘rgandan so‘ng» qabul qilgan.
«Menimcha, forum o‘zining muhim ishlarini chalg‘ituvchi omillarsiz davom ettirishi uchun hozir eng mos vaqt», - deydi Brende. Uning so‘zlaridan Reuters iqtibos keltirdi.
«Epshteyn fayllari»da qanday faktlar keltirilgan?
Avvalroq, Jahon iqtisodiy forumi vakillari Byorge Brendening moliyachi va jinsiy jinoyatchi Djeffri Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. AQSH Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan «Epshteyn fayllari»da Brende moliyachi bilan uch marta kechki ovqat qilgani, shuningdek u bilan elektron xatlar va matnli xabarlar almashgani aytilgan.
Forum hamraislari Andre Xoffmann va Larri Fink 26-fevral kuni alohida bayonot bilan chiqish qildi. Unda aytilishicha, Brendening Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha mustaqil tekshiruv yakunlangan — avval e’lon qilingan ma’lumotlardan tashqari qo‘shimcha xavotirlar aniqlanmagan.
Jahon iqtisodiy forumi prezidenti va bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Alois Svingi tayinlandi.





