Dubaydagi «Burj Al Arab» mehmonxonasi restavratsiya uchun yopiladi

Бугун 13:252 дақиқа

Dubayning mashhur «Burj Al Arab» mehmonxonasi 1999 yildan beri ilk bor keng qamrovli rekonstruksiya uchun 18 oyga yopilishi ma’lum qilindi.

Dubaydagi «Burj Al Arab» mehmonxonasi restavratsiya uchun yopiladi © yandeks karta

Dubayning eng taniqli ramzlaridan biri hisoblangan «Burj Al Arab» mehmonxonasi keng ko‘lamli restavratsiya ishlari uchun vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda «Khaleej Times» nashri xabar berdi. Qaror mehmonxona egasi va amirlik hukmdori Muhammad bin Roshid Ol Maktum tomonidan qabul qilingan.

Loyihaning maqsadi

Ma’lum qilinishicha, mehmonxona 18 oy davomida yopiq bo‘ladi. Bu 1999 yilda ochilganidan buyon ilk bor amalga oshirilayotgan yirik yangilanish hisoblanadi. Loyiha orqali obyektning dunyodagi eng hashamatli va mashhur mehmonxonalardan biri sifatidagi maqomini saqlab qolish ko‘zda tutilgan.

Restavratsiya ishlariga Fransiyalik mashhur dizayner Tristan Oer rahbarlik qiladi. U avval Parijdagi «Hotel de Crillon» kabi nufuzli mehmonxonalarni qayta ta’mirlash loyihalarida ishtirok etgan. Dizaynerning ta’kidlashicha, yangi loyihada tarixiy merosni saqlash bilan birga zamonaviy yechimlar ham uyg‘unlashtiriladi.

«Burj Al Arab» mehmonxonasi

«Burj Al Arab» mehmonxonasi «Jumeirah Group» tomonidan boshqariladi va «Dubai Holding» tarkibiga kiradi. Mehmonxonada jami 198 ta lyuks toifasidagi xonalar mavjud bo‘lib, intererlari marmar, tilla va billur elementlar bilan bezatilgan.

Shuningdek, binoda 210 ta billur naychadan iborat, umumiy og‘irligi taxminan 450 kilogramm bo‘lgan noyob spiralsimon qandil joylashgani bilan ham mashhur. Bu element mehmonxona intererining ajralmas qismi hisoblanadi.

Mehmonxonaning vaqtincha yopilishi ayrim mutaxassislar fikricha, mintaqadagi sayyohlar oqimining pasayishiga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq rasmiylar asosiy e’tibor obyektni yangilash va uning xalqaro nufuzini saqlab qolishga qaratilganini ta’kidlamoqda.

Теглар

Мавзуга оид

Dubaydagi «Burj Al Arab» mehmonxonasi restavratsiya uchun yopiladi | Vaqt.uz