Dunyoning eng go‘zal maskanlari e’lon qilindi: Ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor
«Time Out» nashri 2026-yil uchun dunyoning eng go‘zal manzillari reytingini taqdim etdi.

«Time Out» nashri 2026-yil uchun dunyodagi eng go‘zal 51 ta joy ro‘yxatini taqdim etdi. Unda tabiiy manzaralar, tarixiy shaharlar va noyob arxitektura obyektlari jamlangan bo‘lib, reyting mutaxassislar va sayohat yozuvchilari tajribasi asosida shakllantirilgan.
Nashr ta’kidlashicha, ro‘yxat subyektiv xarakterga ega bo‘lsa-da, unga kiritilgan har bir manzil mualliflar tomonidan shaxsan borib ko‘rilgan va baholangan. Shuningdek, reyting muntazam ravishda yangilanib, ommaviy turizm ta’siri va kam tanilgan go‘zal joylarni ommalashtirish omillari ham inobatga olinadi.
Yangi ro‘yxatda Ispaniyadagi “Picos de Europa” tog‘lari birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu hudud dengizga yaqin joylashgan bo‘lib, baland cho‘qqilar, jarliklar va sohil manzaralari uyg‘unligi bilan ajralib turadi.
Keyingi o‘rinlarda Indoneziyadagi “Komodo National Park” va AQSHning Nyu-York shahridagi “Morgan Library and Museum” kutubxonasi joy olgan.
Shuningdek, Portugaliyadagi “Douro Valley”, AQSHdagi “Big Sur” sohil hududi, Angliyadagi “Ullswater” ko‘li ham ro‘yxatdan o‘rin olgan. Italiyaning Bolonya shahridagi tarixiy markazi va Sardiniyadagi “Capo Testa” yarimoroli kabi manzillar esa 2026 yilda ilk bor reytingga kiritildi.
E’tiborli jihati shundaki, ro‘yxatdan O‘zbekiston ham joy olgan. Samarqand shahridagi “Registan Square” dunyoning eng go‘zal manzillaridan biri sifatida qayd etilgan. Unda XV–XVII asrlarga oid madrasalar, naqshinkor gumbazlar va me’moriy majmualar alohida ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahri dunyoning eng xavfsiz va sayohat uchun qulay shaharlari ro‘yxatidan ham joy olgan edi.





