Logo

Ehtiyojmandlarga 1 mln so‘mlik yordam, «Paxtakor»ga berilgan 5 mlrd so‘m va manfiy tashqi savdo saldosi — 30-oktabr dayjesti

Кеча 23:023 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ehtiyojmandlarga 1 mln so‘mlik yordam, «Paxtakor»ga berilgan 5 mlrd so‘m va manfiy tashqi savdo saldosi — 30-oktabr dayjesti

Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan moddiy yordam beriladi

O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 28-oktabrdagi farmoniga asosan, 2026/2027 yilgi isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga noyabr oyida 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam to‘lab beriladi.

Ushbu mablag‘ «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalarga, shuningdek, jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 barobaridan oshmaydigan boshqa muhtoj oilalarga ajratiladi. Bundan tashqari, daromad mezoniga mos keluvchi markazlashgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchilar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yetim bolalar yashayotgan oilalar ham bu yordamni oladi.

Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor» futbol klubiga 5 mlrd so‘m ajratdi

Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor» futbol klubini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha rasmiy qaror qabul qildi. Ushbu mablag‘ni o‘tkazish yuzasidan «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ kuzatuv kengashiga tegishli taklif kiritish vazifasi hokimning birinchi o‘rinbosari zimmasiga yuklatilgan.

Mazkur moliyaviy ko‘mak klubning bosh homiysi, sobiq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev jamoa bilan hamkorlikni to‘xtatganidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy homiy bilan hamkorlik to‘xtatilgani ortidan jamoa jiddiy moliyaviy yo‘qotishga uchragan va 2025 yilni 50 milliard so‘m zarar bilan yakunlagan.

O‘zbekistonning tashqi savdosi 65 mlrd dollardan oshdi: import hajmi eksportdan yuqori

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 65,4 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,3 foizga oshdi. Mazkur davrda eksport hajmi 5,5 foizga kamayib, 25,8 milliard dollarni (oltinni hisobga olmaganda 13,3 mlrd dollar) tashkil qilgan bo‘lsa, import 15,7 foizga o‘sib, 39,6 milliard dollarga yetdi. Natijada mamlakat tashqi savdosida import hajmi eksportdan oshib, 13,7 milliard dollarlik manfiy saldo yuzaga keldi.

Import tarkibida eng katta ulushni mashina va transport uskunalari egalladi. Mamlakat 200 dan ortiq davlat bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan bo‘lsa-da, asosiy ulush sanoqli hamkorlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Xususan, eng yirik savdo hamkorlari beshligidan Xitoy (15,17 mlrd dollar), Rossiya (10,47 mlrd dollar), Qozog‘iston (4,25 mlrd dollar), shuningdek, Turkiya va Afg‘oniston joy olib, bu besh davlatning umumiy ulushi jami tashqi savdoning 51,5 foizini shakllantirdi.

Qahramonjon Olimovning «Anorbank»dagi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi

«Anorbank» aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida Qahramonjon Olimovning Kuzatuv kengashi a’zosi sifatidagi vakolatlari uning o‘z arizasiga binoan muddatidan oldin tugatildi.

Uning o‘rniga bank va sug‘urta sohasidagi tajribali mutaxassis, bungacha qator moliya tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan Konstantin Voistinov saylandi. Yangi a’zoning vakolatlari Markaziy bank roziligi olinganidan so‘ng rasman kuchga kiradi.

Ma’lumot o‘rnida, Q.Olimov avvalroq Parijda o‘g‘irlab ketilgani va so‘nggi vaqtlarda turli hujumlarga duch kelgani haqida bayonot bergan edi.

Endi tadbirkorlar o‘rnatgan kameralar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni ham qayd etadi

O‘zbekistonda 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan kameralar orqali haydovchilarning xavfsizlik kamarini taqmaganlik holatlarini aniqlashga ruxsat berildi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, buning uchun kameralar haydovchining yuzi va kamar holatini aniq ko‘rsatuvchi yuqori sifatli suratga olishi, qoidabuzarlik vaqti va joyi haqidagi ma’lumotlarni IIVning «Ma’muriy amaliyot» tizimiga avtomatik uzatishi hamda elektr uzilganda kamida 8 soat uzluksiz ishlashini ta’minlovchi zaxira manbasiga ega bo‘lishi shart.

Теглар

Мавзуга оид