Logo

Ekspertlar O‘zbekistonda YAIM va maoshlar bo‘yicha yangi prognozlarni e’lon qildi

Xulosaga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti kutilgandan tezroq o‘sishi mumkin.

Ekspertlar O‘zbekistonda YAIM va maoshlar bo‘yicha yangi prognozlarni e’lon qildi

O‘zbekistonda moliya bozori ekspertlarining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari barqarorlashib, asosiy stavkaning 14 foiz darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda. Shuningdek, joriy yilda real YAIM o‘sishi 6,9 foiz bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu haqda 2026 yilning avgust oyida o‘tkazilgan moliya sohasi ekspertlarining iqtisodiy kutilmalari so‘rovi natijalariga tayanib, Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalar 6,6 foiz, kelgusi 3 yil uchun esa 5,2 foiz darajasida o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib qoldi va 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yaqin darajada shakllanmoqda.

Mutaxassislarning 51 foizi inflatsiyaning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga 2027–2028 yillarda erishilishini kutmoqda. Xususan, maqsadli ko‘rsatkichga 2027 yilda erishilishini qayd etgan ekspertlar ulushi iyul oyidagi 20 foizdan avgust oyida 24,4 foizgacha ko‘paygan.

Asosiy stavka va banklararo pul bozori kutilmalari

Navbatdagi boshqaruv yig‘ilishidan so‘ng asosiy stavka 14,0 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlanib qolishini ekspertlarning 80 foizi tasdiqlamoqda (bu ko‘rsatkich iyul oyida 76 foizni tashkil etgan).

«Kelgusi 12 oyda esa asosiy stavka 13,1 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda», — deyiladi xabarda.

Iqtisodiy o‘sish va ish haqi prognozlari ijobiylashdi

Iqtisodiy o‘sish bo‘yicha kutilmalar ijobiy tomonga o‘zgargan. Real YAIM o‘sishi bo‘yicha taxminlar joriy yilda 6,9 foiz (iyulda 6,7 foiz), kelgusi yilda esa 6,6 foiz (iyulda 6,5 foiz) darajasida belgilandi.

Nominal ish haqi o‘sishi joriy yilda 13,5 foiz (iyulda 13,5 foiz), kelgusi yilda 13,3 foiz (iyulda 13,1 foiz) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Umuman olganda, ekspertlar baholarida inflyatsion kutilmalarning bosqichma-bosqich pasayib borayotgani va iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ishonchning mustahkamlanib borayotgani namoyon bo‘lmoqda.

Теглар

Мавзуга оид