Logo

Eskrou tizimi uy-joy narxini oshirishi mumkin — Adliya vazirligi

Бугун 15:153 дақиқа

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurishda eskrou tizimi joriy etilishi taklif qilinmoqda. Yangi tartib xaridorlar mablag‘ini himoya qilsa-da, uy-joy narxiga ta’sir qilishi mumkinligi aytildi.

Eskrou tizimi uy-joy narxini oshirishi mumkin — Adliya vazirligi

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish tizimini tubdan o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, qurilishni moliyalashtirishda eskrou hisobvaraqlari joriy etiladi. Bu tizim fuqarolar mablag‘larini himoya qilishga xizmat qilishi aytilmoqda, biroq u uy-joy narxlarining oshishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham muhokama qilindi. Hujjatda qurilish-montaj ishlarini tasdiqlangan reja-grafik asosida amalga oshirish, quruvchi va ulushdor o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni muvozanatlashtirish, uy-joy reklamasini tartibga solish hamda aholi va biznes mablag‘larini jalb qilish jarayonlarini nazorat qilish nazarda tutilgan.

Muhokama davomida deputatlar eskrou tizimining qurilish tannarxi va uy-joy narxlariga ta’siri masalasini ham ko‘tardi. Xususan, yangi tartibga ko‘ra, developerlar loyihalarni moliyalashtirishda vakolatli banklar orqali ishlashi majburiy bo‘lishi tannarxni oshirmasmi, degan savol o‘rtaga tashlandi.

«Narx oshishi ehtimoli bor»

Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirzayevning ta’kidlashicha, eskrou tizimida xaridorlar, ipoteka kreditlari va davlat subsidiyalari hisobidan to‘langan barcha mablag‘lar maxsus bank hisobvarag‘iga joylashtiriladi. Qurilish kompaniyasi ushbu mablag‘lardan obyekt belgilangan shartlar asosida qurib bitkazilmaguncha foydalana olmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ko‘plab quruvchilar qurilish ishlarini xaridorlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirmoqda. Yangi tizimda esa developerlar aylanma mablag‘ uchun bank kreditlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi va bu qo‘shimcha foiz xarajatlarini keltirib chiqaradi.

«Bu masala bo‘yicha to‘rtta ilmiy tashkilot o‘rganish qilib, o‘z xulosasini bergan: qurilish narxi ko‘tarilishi ehtimoli bor. Sababi hozirgi kunda quruvchilar pulni fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday foiz va risklarsiz olib ishlatyapti. Bu tartibda esa kredit olgach, unga foiz hisoblanadi. Bizning asosiy maqsadimiz — fuqarolarning pul mablag‘larini himoya qilish, shuning uchun yangi tizimni joriy qilishga majburmiz. Ertaga, to‘g‘ri, uyning narxi ko‘tariladi, lekin fuqaro, masalan, uyni ololmay qolsa, bankdan pulini bemalol olishi mumkin bo‘ladi», — dedi Jamshid Mirzayev.

Shartnomalarda jiddiy kamchiliklar aniqlangan

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida quruvchilar va ulushdorlar o‘rtasida tuzilgan 129 ta shartnoma tahlil qilingan. Natijalar sohada hali ham jiddiy huquqiy muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.

Xususan, tahlil qilingan shartnomalarning 84 foizida qurilish obyektining kafolat muddati umuman ko‘rsatilmagan. 80 foizida esa qayta hisob-kitob qilish tartibi quruvchilar manfaatiga belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, shartnomalarning atigi 20 foizida tomonlarning huquq va majburiyatlari muvozanatli aks ettirilgan. 51 foiz holatda obyektni o‘z vaqtida topshirmagan quruvchi uchun javobgarlik belgilanmagani, ayrim shartnomalar esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani ma’lum bo‘lgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 12 yilda O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 17,5 baravar oshgan. Shu bilan birga, sohada ulushdorlar mablag‘larini himoya qilish va developerlar faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev iyun oyida eskrou hisobvaraqlarini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bilan tanishgan edi. Hujjatga ko‘ra, xaridorlarning pullari maxsus bank hisobida saqlanadi va faqat qurilish bo‘yicha belgilangan shartlar bajarilganidan keyin quruvchiga o‘tkaziladi. Mualliflar fikricha, bu mexanizm uy-joy xaridorlarining mablag‘larini yo‘qotish xavfini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид