Farg‘onada 300 million dollarlik 50 ta turizm loyihasi ishga tushiriladi

Бугун 18:502 дақиқа

Prezident Farg‘ona viloyatida turizm salohiyati yuqori ekanini ta’kidlab, xorijiy sayyohlar oqimini bir necha barobar oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgiladi.

Farg‘onada 300 million dollarlik 50 ta turizm loyihasi ishga tushiriladi © Foto: president.uz

Farg‘ona viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish va xorijiy sayyohlar oqimini 2–3 barobarga oshirish mumkinligi qayd etildi. Bu haqda Prezident 28-aprel kuni Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini ziyorat turizmi markazlariga aylantirish, So‘x, Quva, Beshariq va Farg‘ona tumanlarida tibbiy hamda ekoturizmni rivojlantirish zarurligi aytildi. Xususan, Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida favqulodda vaziyatlar markazi tashkil etilgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, mamlakatdagi boshqa suv omborlarini ham bosqichma-bosqich aholi va turistlar uchun qulay dam olish maskanlariga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Turizmni rivojlantirish

Hududda bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Farg‘ona tumanida “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” agroturizm klasteri, “Avval” ko‘ngilochar majmuasi va “Chimyon” sanatoriy hududi rivojlantirilmoqda. Kelasi yil yakunigacha umumiy qiymati 300 million dollar bo‘lgan 50 ta turizm loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Qo‘qonda 64 ta madaniy meros obyektini qamrab olgan piyoda turizm marshrutlari ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, tarixiy binolarda joylashgan davlat idoralarini ko‘chirish va ularni turizm obyektlariga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

So‘x tumanida esa 130 gektar hududda yirik turizm kompleksi barpo etish, xorijiy mutaxassislar ishtirokida master-reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Umuman, tumanni rivojlantirish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish

Yig‘ilishda madaniy merosni targ‘ib qilish, kitobxonlikni ommalashtirish va askiya san’atini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

“Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, unga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusi ilgari surildi.

Farg‘ona madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan askiya asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Marg‘ilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etilgani qayd etilib, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, tuman madaniyat markazlari va musiqa-san’at maktablarida askiya va qiziqchilik mahorati yo‘nalishlarini ochish topshirildi.

Теглар

Мавзуга оид