G‘azodagi genotsidda qatnashgan xorijliklar ro‘yxati e’lon qilindi: unda o‘zbekistonliklar ham bor
72 mingdan ortiq falastinlikning yostig‘ini quritgan G‘azodagi qirg‘inbarot urushda qatnashish uchun minglab G‘arb fuqarolari va Markaziy osiyoliklar Isroil armiyasi safiga qo‘shilgan.

Dunyo davlatlari fuqarolarining Isroil armiyasi tarkibida G‘azodagi genotsid urushida ishtirok etishi falastinliklarga qarshi harbiy jinoyatlarga aloqador xorijliklarning xalqaro huquqiy javobgarligi masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
Isroilning «Hatzlacha» nodavlat tashkiloti tomonidan Axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonun asosida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil armiyasida xizmat qilayotgan 50 mingdan ortiq askar kamida yana bir davlat fuqaroligiga ega. Ularning aksariyati AQSH yoki Yevropa pasportlari egalaridir.
2023 yil 7 oktabrdan buyon Isroilning G‘azoda olib borayotgan va huquqni himoya qilish tashkilotlari tomonidan harbiy jinoyat hamda insoniyatga qarshi jinoyat deb baholangan qirg‘inbarot urushi oqibatida kamida 72 061 kishi halok bo‘ldi.
Butun dunyodagi huquq faollari harbiy jinoyatlarga, ayniqsa G‘azodagi xunrezliklarga aloqador xorij fuqarolarini aniqlash va javobgarlikka tortishga urinmoqda. Ushbu shaxslarning ko‘pchiligi o‘z vahshiyliklari aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylagani bilan tanilgan.
Xo‘sh, ilk bor oshkor etilgan bu ma’lumotlar Isroil armiyasi haqida nima deydi? Ikki fuqarolikka ega askarlar uchun buning huquqiy oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?

Isroil armiyasida qaysi davlat fuqarolari eng ko‘p xizmat qilmoqda?
G‘azodagi genotsid davomida Isroil armiyasi safida jami 50 mingdan ortiq xorijlik askar jang qilgan. Ularning orasida AQSH pasportiga ega kamida 12 135 nafar askar bor va ular ro‘yxatda katta farq bilan yetakchi.
Bundan tashqari, AQSH va Isroil fuqaroligidan tashqari uchinchi davlat pasportiga ham ega bo‘lgan yana 1 207 nafar askar Isroil armiyasida xizmat qilyapti.
«Hatzlacha» tashkilotining yuridik maslahatchisi, isroillik advokat Elad Man taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib, «Al Jazeera» nashrining yozishicha, Isroil armiyasida 6 127 nafar Fransiya fuqarosi bor.
Ilk bor bunday ma’lumotlarni oshkor qilgan Isroil harbiylarining qayd etishicha, bir necha fuqarolikka ega askarlar hisobotda har bir davlat bo‘yicha takroran sanalgan bo‘lishi mumkin.
Bu raqamlar 2025 yil mart holatiga, ya’ni G‘azodagi vayronkor urush boshlanganidan 17 oy o‘tib shakllantirilgan ro‘yxatga asoslangan.
Ro‘yxatda uchinchi o‘rinni Rossiya egallagan: 5 067 nafar fuqaro. Keyingi pog‘onalardan 3 901 nafar ukrainalik va 1 668 nafar germaniyalik harbiy xizmatchilar joy olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1 686 nafar askar Britaniya va Isroil qo‘sh fuqaroligiga ega. Ularning safiga Britaniya va Isroil pasportidan tashqari boshqa davlat fuqaroligi ham bo‘lgan yana 383 askar qo‘shiladi.
Xalqaro sudga Isroil ustidan genotsid da’vosi bilan chiqqan Janubiy Afrika Respublikasining ham 589 nafar fuqarosi Isroil armiyasi safida xizmat qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, o‘zining Isroil fuqaroligiga qo‘shimcha ravishda Braziliya pasportiga ega 1 686 nafar, Argentina — 609, Kanada — 505, Kolumbiya — 112 va Meksika fuqaroligi bo‘lgan 181 nafar askar ro‘yxatga olingan.
Hisobotga ko‘ra, G‘azoga qarshi janglarda ikki fuqarolikka ega 264 nafar O‘zbekiston, 189 nafar Qozog‘iston, 52 nafar Qirg‘iziston, 31 nafar Turkmaniston va 8 nafar Tojikiston fuqarolari qatnashgan.
Isroil armiyasi taxminan 169 ming nafar doimiy harbiy xizmatchi va 465 ming nafar zaxiradagi askardan iborat bo‘lib, ularning qariyb sakkiz foizi ikki yoki undan ortiq fuqarolikka ega.
G‘azodagi harbiy jinoyatlar uchun ikki fuqarolikka ega shaxslar sudlanishi mumkinmi?
«Xalqaro huquqqa ko‘ra, fuqarolik to‘g‘risidagi milliy qonunlar nima deyishidan qat’i nazar, harbiy jinoyatlar jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi», — dedi Qatardagi Hamad bin Xalifa universitetining transmilliy huquq professori Ilias Bantekas «Al Jazeera»ga.
Bantekasning qo‘shimcha qilishicha, agar buning aksi bo‘lganida, o‘z qonunlari vahshiylik qilishga ruxsat bergan va majburlagan natsistlar Germaniyasi vakillari javobgarlikka tortilmagan bo‘lardi.
«Jinoiy javobgarlik masalasida ikki fuqarolik hech qanday ahamiyatga ega emas», — deydi u.
Biroq, uning ta’kidlashicha, ayblanuvchilarni ta’qib qilishdagi asosiy muammo — «ularni o‘z hududingizga olib kelish va sud oldida javob berishga majburlashdir».
Bantekas, shuningdek, javobgarlik masalasida mahalliy askarlar va ikki fuqarolikka ega bo‘lganlar o‘rtasida hech qanday farq yo‘qligini aytdi.
«Aslida, qo‘sh fuqarolikka ega shaxslar xorijiy mojarolarda harbiy xizmatni o‘tash yoki boshqa davlatlar armiyasiga qo‘shilishni taqiqlovchi qonunlar asosida qo‘shimcha javobgarlikka tortilishi ham mumkin», — deydi professor.
Uning qayd etishicha, xorijiy fuqarolarni sudga tortish — «allaqachon odatiy holga aylangan amaliyot».
«Ikkinchi jahon urushidan keyin Ittifoqchilar tribunalida sudlangan nemis natsistlarini, AQSH harbiy sudlari tomonidan hukm qilingan yapon zobitlarini yoki Bosniya mojarosi davridagi jinoyatlarda ayblanib, Yevropaning turli sudlarida javobgarlikka tortilgan shaxslarni eslash kifoya», — deya ta’kidladi Bantekas.

G‘azodagi harbiy jinoyatlar uchun xorij fuqarolari sudlandimi?
G‘azoda harbiy jinoyatlar sodir etgani uchun ikki yoki undan ortiq fuqarolikka ega shaxslar hozircha hibsga olingani yo‘q. Biroq huquqni himoya qilish guruhlari, jumladan, advokatlar ularni jinoiy javobgarlikka tortishga urinmoqda.
O‘tgan yilning aprel oyida G‘azoda joylashgan Falastin inson huquqlari markazi (PCHR) va Buyuk Britaniyadagi Jamoat manfaatlari huquqiy markazi (PILC) London politsiyasiga 240 sahifalik hisobot taqdim etdi.
Ism-shariflari jamoatchilikka oshkor etilmagan 10 nafar Britaniya fuqarosiga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar orasida 2023 yil oktabrdan 2024 yil maygacha bo‘lgan davrda qotillik, odamlarni majburan ko‘chirish va gumanitar xodimlarga hujum qilish kabi jinoyatlar bor.
O‘tgan yilning sentabr oyida PCHR, Yevropa konstitutsiyaviy va inson huquqlari markazi (ECCHR), «Al-Haq» va «Al-Mezan» inson huquqlari markazi tomonidan Germaniyada 25 yoshli askarga qarshi ish ochildi. Myunxenda tug‘ilib o‘sgan ushbu harbiy G‘azoda tinch aholi vakillarini o‘ldirishda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
2023 yil noyabr va 2024 yil mart oylari oralig‘ida G‘azoning «Al-Quds» va «Nosir» shifoxonalari yaqinida o‘q uzgani hujjatlashtirilgan ushbu mergan «Refaim» (ibroniychada «arvoh») deb nomlanuvchi bo‘linma a’zosi bo‘lgan.
Xuddi shu bo‘linma a’zolariga nisbatan Fransiya, Italiya, Janubiy Afrika va Belgiyada ham huquqiy jarayonlar boshlangan.
Belgiya prokuraturasi ham o‘tgan yilning oktabr oyida «Refaim» a’zosi bo‘lgan 21 yoshli Belgiya-Isroil fuqarosi ustidan sud tergovini boshladi.
Isroildagi majburiy harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonun xorijda yashovchi qo‘sh fuqarolikka ega shaxslarni xizmatdan ozod qiladi. Bu esa ularning armiyaga qo‘shilishi ixtiyoriy qaror ekanini anglatadi va xorijiy sudlarda ko‘rilayotgan ishlarda muhim farqlovchi omil hisoblanadi. Advokatlarning ta’kidlashicha, harbiy xizmatning ixtiyoriy ekanligi askarlarning sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarligini yanada oshiradi.

Xorijiy urushlardagi askarlar haqida xalqaro huquq nima deydi?
Janubiy Afrika Respublikasi 2023 yil dekabr oyida Xalqaro sudga (ICJ) murojaat qilib, Isroilning G‘azodagi urushi 1948 yilgi Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini buzayotganini aytdi.
Garchi yakuniy qaror chiqishi uchun yillar kerak bo‘lsa-da, ICJ 2024 yil yanvar oyida vaqtinchalik choralar belgiladi. Unda Isroilga G‘azoda genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar yordamning to‘siqsiz kirishini ta’minlash buyurilgan edi. Biroq Isroil Xalqaro sudning oraliq buyrug‘ini buzgan holda G‘azoga yordam yetkazib berishni cheklashda davom etmoqda.
1948 yilgi Genotsid konvensiyasiga ko‘ra, shartnomaga a’zo davlatlar genotsidning oldini olish va jazolash bo‘yicha majburiyat olgan. Mamlakatlar ushbu jinoyatni sodir etgan yoki unga sherik bo‘lgan shaxslarni tergov qilishi va jinoiy javobgarlikka tortishi mumkin.
O‘tgan yilning mart oyida Falastinliklar uchun xalqaro adolat markazi (ICJP) «Global 195» kampaniyasini e’lon qildi. Maqsad — G‘azodagi harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun isroillik hamda qo‘sh fuqarolikka ega shaxslarni javobgarlikka tortishdir.
Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rim statutiga a’zo davlatlar uchun qo‘shimcha imkoniyat mavjud: XJS bu yerda o‘z yurisdiksiyasini qo‘llashi mumkin. Falastin 2015 yildan beri ushbu statutning a’zosi hisoblanadi.
Falastin davlati BMTga a’zo 193 davlatdan 157 tasi tomonidan suveren davlat sifatida tan olingan bo‘lib, bu xalqaro hamjamiyatning 81 foizini tashkil etadi. Yaqinda Fransiya, Belgiya, Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya ham Falastinni tan oldi.
Agar xorijiy fuqaroning mamlakati Falastinni «do‘st davlat» deb bilsa, u Isroil armiyasining G‘azodagi harbiy jinoyatlarida qatnashgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

«Hind Rajab» fondi harbiy jinoyatlarda ayblanayotganlarni qanday kuzatmoqda?
2024 yil 29-yanvarda Isroil askarlari tomonidan o‘ldirilgan va o‘limi G‘azodagi genotsidning ramziga aylangan besh yoshli falastinlik qizaloq sharafiga nomlangan «Hind Rajab» fondi Isroil askarlari haqida ularning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi katta hajmdagi ma’lumotlarni to‘plamoqda.
Belgiyada joylashgan ushbu fond G‘azodagi harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarning yetakchi kuchi hisoblanadi. Fond bir nechta da’vo arizalarini, jumladan, 1000 nafar isroillik askarga qarshi qaratilgan tarixiy ahamiyatga ega shikoyatni kiritgan.
Shikoyatda fond ko‘plab qo‘sh fuqarolikka ega shaxslarni aniqlagan. Ular orasida 12 nafar Fransiya, 12 nafar AQSH, 4 nafar Kanada, 3 nafar Buyuk Britaniya va 2 nafar Niderlandiya fuqarosi bor.
Isroil askarlari TikTok, Instagram va YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlarda G‘azodagi vahshiyliklari bilan maqtangan videolar joylashtirgani uchun fond ushbu platformalarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi. To‘plangan dalillar harbiy jinoyatlarda ayblanayotganlarni ta’qib qilishda ishlatilmoqda.
«Biz Xalqaro jinoiy sudga kiritgan shikoyatimizda nomi keltirilgan 1000 nafar askardan tashqari, yana ko‘plab qo‘sh fuqarolikka ega shaxslarning ma’lumotlariga egamiz. Biz ularning barchasiga nisbatan o‘z mamlakatlarining milliy sudlarida qonuniy choralar ko‘rishni davom ettiramiz. Jazosizlikka hamma joyda chek qo‘yilishi shart», — deyiladi fondning 2024 yil oktabrdagi bayonotida.
«Hind Rajab» fondi operatsiyalarni rejalashtirgan va buyruq berganlardan tortib, ularni ijro etganlargacha bo‘lgan barcha isroillik harbiy jinoyatchilarni, jumladan, ushbu jinoyatlarda qatnashgan yoki ularni moliyalashtirgan xorijiy fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortishni maqsad qilgan.
Fond asoschisi Diyab Abu Jahjah Isroilning diaspora ishlari bo‘yicha vaziri Amichay Chikli tomonidan tahdidga uchradi. Vazir X ijtimoiy tarmog‘idagi postida unga «peyjeriga ehtiyot bo‘lishni» maslahat bergan. Bu 2024 yil sentabr oyida «Hizbulloh» a’zolarining aloqa tizimlariga qilingan hujumlarga ishora edi. O‘shanda Isroil maxsus xizmatlari tomonidan minglab peyjerlarning portlatilishi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan va 3000 dan ortiq kishi jarohatlangan edi.
O‘tgan yilning yanvar oyida «Hind Rajab» fondi tomonidan kiritilgan shikoyat Braziliya sudyasining mamlakatda dam olayotgan isroillik askar ustidan tergov boshlash haqidagi buyrug‘iga sabab bo‘ldi. Askar qochishga majbur bo‘ldi, bu esa Isroil armiyasini jangovar harakatlarda qatnashgan barcha harbiylarga o‘z shaxsini yashirishni buyurishga undadi.
«Xalqaro huquqqa ko‘ra, jinoiy javobgarlik vaqt o‘tishi bilan yo‘qolmaydi. U abadiy davom etadi va unga hech qanday da’vo muddati qo‘llanilmaydi», — dedi Hamad bin Xalifa universiteti professori Bantekas.
Biroq, uning ta’kidlashicha, Isroil harbiylarini sud qilish «amalda ikki sababga ko‘ra qiyin»: birinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillarni olish mushkul, ikkinchidan, milliy prokurorlar siyosiy yoki boshqa bosimlardan cho‘chib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi.





