Logo

Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun stipendiyali kasbiy ta’lim dasturiga qabul boshlandi

Yo‘l qurilishi, kanalizatsiya va quvur tarmoqlarini qurish hamda chuqur poydevor barpo etish kabi yo‘nalishlarga 16 kishi qabul qilinadi. Taklif etilayotgan oylik ish haqi kamida 2400 yevroni tashkil etadi. Bu soliqlar chegirilganidan keyingi miqdor sifatida ko‘rsatilgan.

Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun stipendiyali kasbiy ta’lim dasturiga qabul boshlandi © drive2.ru

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Germaniya Federal bandlik agentligi bilan hamkorlikda yoshlarni qurilish sohasi bo‘yicha tayyorlash dasturiga nomzodlar qabul qilmoqda.

2027-yilning kuzida boshlanadigan Ausbildung dasturi nazariy ta’lim va korxonalardagi amaliy mashg‘ulotlarni birlashtiradi.

Unda jami 16 ishtirokchi to‘rtta mutaxassislik bo‘yicha tayyorlanadi.

To‘rtta kasb bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi

Dastur doirasida ishtirokchilar yo‘l qurilishi, kanalizatsiya va quvur tarmoqlarini qurish bo‘yicha ikki yil, chuqur poydevor qurilishi bo‘yicha esa uch yil davomida kasbiy ta’lim oladi.

Nomzodlar 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lishi, nemis tilini B1 darajasida bilishi hamda maktab attestati yoki kasbiy ta’lim diplomiga ega bo‘lishi kerak. Til sertifikati esa 2026-yil fevraldan oldin olingan bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, ariza topshirish vaqtida boshqa loyihada qatnashmayotgan bo‘lish talab etiladi. Qurilish sohasida avvaldan tajribasi bor yoshlar saralashda qo‘shimcha ustunlikka ega bo‘ladi.

Yashash va borish xarajatlari uchun ham yordam beriladi

Ta’lim davrida ishtirokchilar haftasiga 40 soat o‘qish va amaliy ish bilan shug‘ullanadi. Birinchi yil uchun belgilangan oylik stipendiya 885 yevro bo‘lib, bu summa soliqlar chegirilganidan keyingi miqdorni anglatadi. Keyingi yillarda to‘lovlar tarif asosida oshiriladi.

Dastur tashkilotchilari ishtirokchilarning Germaniyaga borishi va u yerda yashashi bilan bog‘liq ayrim xarajatlarni ham o‘z zimmasiga oladi. Xususan, aviachipta, viza va tibbiy sug‘urta xarajatlari qoplanadi. Aeroportdan turarjoygacha yetkazish ham tashkil etiladi.

Bundan tashqari, oyiga taxminan 250 yevro evaziga turar joy, bepul jamoat transporti chiptasi hamda birinchi yil davomida ish kunlari uch mahal ovqat bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Kasbiy ta’lim uchun to‘lov olinmaydi.

Bitiruvchilar Germaniyada ishlashi mumkin

Kasbiy tayyorgarlikni muvaffaqiyatli tugatgan ishtirokchilar Germaniyada doimiy ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Taklif etilayotgan oylik ish haqi kamida 2400 yevroni tashkil etadi. Bu soliqlar chegirilganidan keyingi miqdor sifatida ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq migratsiya markazlar uchun har bir viloyatga 8 mlrd so‘m ajratilishi xabar qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид