Global terrorizm indeksi: Pokiston birinchi o‘rinda

Iqtisodiyot va tinchlik instituti hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Pokiston terrorizm oqibatlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlat sifatida qayd etildi.

Global terrorizm indeksi: Pokiston birinchi o‘rinda

Global terrorizm indeksi hisobotiga ko‘ra, Pokiston ilk bor terrorizm oqibatlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlat sifatida e’tirof etildi. 2025 yil yakuniga ko‘ra mamlakatda 1139 kishi halok bo‘lgan va 1045 ta terrorchilik hujumi sodir bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2013 yildan beri eng yuqori daraja hisoblanadi.

Terrorchilik keskinlashuvi sababi

Mutaxassislar vaziyat keskinlashuvini avvalo «Tahriki Tolibon Pokiston» faoliyatining kuchayishi bilan izohlamoqda. Bu guruh 2025 yilda dunyodagi eng qonli terrorchi tashkilotlar qatoriga kirdi. Hisobotda TTP qurbonlar soni oshgan yagona yirik guruh sifatida qayd etilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, 2021 yilda Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatga qaytgach, mintaqada xavfsizlik muhitida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Chegarada nazoratning zaiflashishi, davlat boshqaruvi cheklangan hududlar va ikki davlat orasidagi ziddiyatlar jangari guruhlar uchun qulay sharoit yaratdi. TTPdan tashqari, Baluchiston ozodlik armiyasi kabi guruhlar ham hujumlar sonini oshirib, vaziyatni murakkablashtirdi.

Global ko‘rsatkichlar bo‘yicha 2025 yilda terrorizm darajasi pasaygan bo‘lsa-da, Pokiston bu tendensiyadan mustasno bo‘ldi. Hisobot mualliflari mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun kompleks choralar zarurligini ta’kidladi. Pokiston bilan bir qatorda, Burkina Faso, Niger, Nigeriya va Mali kabi Afrika davlatlari ham yuqori reytingda qayd etilgan.

Markaziy Osiyo davlatlaridagi vaziyat

Markaziy Osiyo davlatlari esa terrorizm xavfi past hududlar qatoriga kiradi. Tojikiston — 41-o‘rin, O‘zbekiston — 96-o‘rin, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston — 100-o‘rin. O‘zbekiston 2023 yilda 70-o‘rin, 2016 yilda 125-o‘rin, 2019 yilda esa 132-o‘rinni egallagan edi.

Теглар

Мавзуга оид