Homilador turistlarning AQSHga kirishi taqiqlanishi mumkin
Oq uy apparati xodimlari tomonidan homilador ayollarning mamlakatga kirishini to‘liq taqiqlash muhokama qilinmoqda.

AQSHda homilador ayollarning mamlakatga kirishi to‘liq taqiqlanishi va «tug‘ruq turizmi»ga qarshi keskin kurash boshlanishi mumkin. Bu haqda mamlakat prezident Donald Tramp tarafdorlari hamda prezident ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, «Politico» nashri ma’lum qildi.
Oq uy apparatining yuqori lavozimli xodimlari va prezident ittifoqchilari Oliy suddagi mag‘lubiyatdan bir necha soat o‘tgach, tug‘ilish orqali fuqarolik berish amaliyotiga qarshi yangi choralarni muhokama qilishga kirishgan. Muhokamalar davomida homilador ayollarning mamlakatga kirishini to‘liq taqiqlash, shuningdek, allaqachon AQSHda bo‘lib turgan homilador ayollarni va «tug‘ruq turizmi» sxemalariga aloqador tashkilot hamda shaxslarni qonuniy ta’qib qilish takliflari ilgari surilgan.
Oliy sud qarori va ma’muriyatning munosabati
Eslatib o‘tamiz, 30-iyun kuni AQSH Oliy sudi Qo‘shma Shtatlar hududida tug‘ilgan insonlar avtomatik ravishda ushbu mamlakat fuqaroligini olish huquqiga ega ekanligini tasdiqlagan edi.
Prezident Donald Tramp o‘zining ilk farmonlaridan biri bilan tug‘ilish orqali fuqarolik olish protsedurasini cheklashga urinib, ushbu huquqni bekor qilmoqchi bo‘lgandi.
«Kelajakda ma’muriyat noqonuniy immigrantlarni o‘ziga jalb qiluvchi omillarga hamda AQSHga faqatgina farzand ko‘rish maqsadida kirishdek firibgarlik niyatida bo‘lgan xorijliklarga qarshi kurashni davom ettiradi», — deya ta’kidlagan anonim manba. Bu haqda prezident ma’muriyatining ikki amaldori va ma’muriyatga yaqin bo‘lgan yana bir necha kishi ma’lum qilgan.

