Logo

Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bo‘yicha sud ishi «Meta»ga qanchaga tushadi?

Бугун 09:205 дақиқа

«Meta»ga qarshi ochilgan tarixiy sud jarayoni yirik jarimalarga, shuningdek, «Facebook» va «Instagram» faoliyatida tub o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bo‘yicha sud ishi «Meta»ga qanchaga tushadi? © tgrthaber.com

Ijtimoiy tarmoqlar giganti bo‘lmish «Meta» kompaniyasi o‘z kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan tarixiy sud jarayoni bilan yuzlashmoqda.

Seshanba kuni AQSH federal sudida 29 ta shtatning bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha dastlabki tinglovlar boshlandi. Da’vogarlar «Facebook» va «Instagram»ning bosh kompaniyasini yosh foydalanuvchilarni o‘ziga jalb qilish va ularni cheksiz lenta varaqlashga undashga mo‘ljallangan platformalar yaratganlikda ayblamoqda. Qolaversa, kompaniya ushbu algoritmlar qaramlikni keltirib chiqarishini oldindan bilgani aytilmoqda. Bundan tashqari, «Meta» voyaga yetmaganlarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plashda ham ayblangan.

Sud jarayoni taxminan olti hafta davom etishi kutilmoqda. Agar prokurorlar g‘alaba qozonsa, Kremniy vodiysi giganti o‘z platformalarida tarkibiy o‘zgarishlar qilishga va 1,4 trillion dollargacha jarima to‘lashga majbur bo‘ladi.

«Meta» barcha ayblovlarni qat’iyan rad etayotgan bo‘lsa-da, sudning ehtimoliy qarori xodimlar ruhiyatining tushib ketishi, ommaviy qisqartirishlar va bir qator samarasiz sarmoyalar girdobida qolgan kompaniya uchun juda og‘ir zarba bo‘lishi mumkin.

Moliyaviy ta’sir ko‘lami

«Meta» uchun ehtimoliy xavf juda katta. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, shtatlar tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jarimalar miqdori 1,4 trillion dollarga yetishi mumkin. Biroq da’vogar shtatlar koalitsiyasi 200 milliard dollar tovon puli talab qilayotganini hisobga olinsa, bu raqam haqiqatdan biroz yiroqdek tuyuladi.

Taqqoslash uchun, bu mablag‘ «Meta»ning o‘tgan yilgi umumiy daromadiga teng. 2025 yilda texnologiya giganti qariyb 201 milliard dollar daromad ko‘rgan va uning sof operatsion foydasi 83,2 milliard dollarni tashkil etgan.

Talab qilinayotgan 200 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ kompaniya shu paytgacha duch kelgan har qanday jarimadan ancha yuqoridir. Eslatib o‘tamiz, mart oyida Nyu-Meksikoda bo‘lib o‘tgan boshqa bir sud ishida hakamlar hay’ati «Meta» zimmasiga 375 million dollar fuqarolik jarimasini to‘lash majburiyatini yuklagan edi. Shu oyning boshida esa sudya tomonidan yana 567 million dollarlik jarima belgilandi.

Mart oyida jarima tayinlangan vaqtda, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi «Morningstar» kompaniyasi kutilayotgan sud jarayonlarining «Meta» aksiyalari bahosiga ta’siridan unchalik xavotirda emasligini bildirgan edi. Tahlilchilarning fikricha, hatto butun dunyo hukumatlari bu sud ishlaridan kompaniya biznesida tarkibiy o‘zgarishlar qilishni talab etish uchun asos sifatida foydalangan taqdirda ham, bu moliyaviy tomondan jiddiy xavf tug‘dirmaydi.

«Bizningcha, qonunchilik orqali kompaniyaga yuklanadigan har qanday algoritmik o‘zgartirishlar boshqarish mumkin bo‘lgan xavfdir. Chunki kompaniyaga asosiy daromad keltiruvchi foydalanuvchilar bazasi asosan kattalardan iborat. Bu esa uni shunday qonunchilik cheklovlaridan himoya qiladi», — deyiladi «Morningstar» tahlilchilarining xabarida.

Garchi shtatlar koalitsiyasi ishi qanday yakun topishini hech kim bashorat qila olmasa-da, «Meta»ning muammolari faqatgina sudlar bilan cheklanmaydi. Bu holat uning ba’zi sarmoyaviy loyihalari va biznes bo‘linmalaridagi yirik moliyaviy yo‘qotishlar bilan bog‘liq xavotirlarga ham borib taqaladi.

Masalan, «Meta»ning «Reality Labs» bo‘linmasi 2020 yildan beri 70 milliard dollar zarar ko‘rgan.

Sun’iy intellekt bozoridagi «pufak» haqidagi xavotirlar ortib borayotgan bir paytda, «Meta» SI infratuzilmasini yaratish uchun xarajatlarni yanada oshirgan.

Korporativ pul oqimi birinchi chorakdagi 12 milliard dollardan ikkinchi chorakda 784 million dollargacha keskin tushib ketdi. Garchi bu ba’zi tahlilchilar kutganidek manfiy ko‘rsatkichga tushmagan bo‘lsa-da, baribir sezilarli pasayish hisoblanadi.

«Meta»ning o‘zi ham yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy qiyinchiliklardan xavotirda.

«Barcha harakatlarimizda yakuniy ijobiy natijaga erishilishiga hech qanday kafolat yo‘q. Har qanday sud da’vosi bo‘yicha himoyalanish esa juda katta xarajat talab etadi hamda rahbariyat va xodimlar zimmasiga og‘ir yuk bo‘ladi», — deyiladi kompaniyaning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etgan hisobotida.

Sud «Meta»ning asosiy biznes modelini yo‘q qilishni talab qilmoqda

Moliyaviy jarimalar qanchalik og‘ir bo‘lmasin, «Instagram» va «Facebook»ni reklama beruvchilar uchun jozibador qiladigan asosiy tizimni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha qo‘yilayotgan qonuniy talablar «Meta» uchun bundan-da kattaroq muammo tug‘dirishi mumkin.

Sud da’vosida kompaniyadan o‘z biznes modelini o‘zgartirish, xususan, foydalanuvchilarga yangi postlarni tinimsiz ko‘rish imkonini beruvchi «cheksiz varaqlash» funksiyasini bekor qilish talab etilmoqda. «Meta»ning reklama biznesi kontentning foydalanuvchi ekranida necha marta paydo bo‘lishiga, ya’ni ko‘rishlar soniga bevosita bog‘liq. Foydalanuvchi ilovada qancha ko‘p vaqt o‘tkazsa, shuncha ko‘p reklama ko‘radi.

«Bizning moliyaviy ko‘rsatkichlarimiz, ayniqsa «Facebook» va «Instagram» uchun, reklama ko‘rishlarini ta’minlaydigan faol foydalanuvchilarni jalb qilish, ushlab qolish va ularning faolligini oshirishdagi muvaffaqiyatimiz bilan sezilarli darajada belgilanadi va shunday bo‘lib qoladi», — deyiladi kompaniya hisobotida.

«Foydalanuvchilar sonining o‘sishi va ularning faolligiga boshqa qator omillar ham ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, «TikTok» kabi raqobatchi loyihalar hamda xizmatlar ayrim foydalanuvchilarning bizning mahsulotlarimizga bo‘lgan qiziqishini susaytirdi», — deya qo‘shimcha qilinadi hujjatda.

Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilda «Meta» tizimida reklama ko‘rishlari 2024 yilga nisbatan 12 foizga ko‘paygan, bitta reklamaning o‘rtacha narxi esa 9 foizga oshgan.

Da’vogar shtatlar kompaniyadan boshqa turdagi o‘zgarishlarni ham, jumladan, voyaga yetmaganlardan yig‘ilgan ma’lumotlar asosida yaratilgan algoritmlar va sun’iy intellekt modellaridan voz kechishni talab qilmoqda. Shuningdek, shtatlar энг yosh iste’molchilar uchun tarmoqdan foydalanishda vaqt cheklovlarini o‘rnatishni so‘ramoqda.

Bunga javoban, «Meta» o‘z platformalarida o‘smirlarga tarmoqda qancha vaqt sarflayotganini eslatib turuvchi funksiyalarni joriy qildi:

2023 yil yanvar oyida o‘smirlarga «Instagram» va «Facebook»da ko‘rsatiladigan reklama turlarini boshqarish imkoni berildi.

2023 yil iyun oyida esa o‘smir foydalanuvchilar platformada 20 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tkazganini bildiruvchi hamda kunlik vaqt cheklovini belgilash imkonini beruvchi funksiya ishga tushirildi.

«Biz o‘smirlar uchun kuchli himoya tizimlarini yaratish borasidagi ishlarimizda sodiq qolamiz va o‘z pozitsiyamizni sudda himoya qilishni intiqlik bilan kutyapmiz», — dedi «Meta» matbuot kotibi Stefani Otvey «Al Jazeera» telekanaliga.

Biroq da’vo arizasida bu choralar yetarli emasligi, o‘smirlar shunchaki bildirishnomani yopib qo‘yib, lentani varaqlashda davom etishi mumkinligi ta’kidlangan.

Теглар

Мавзуга оид