Infratuzilma muammolarini bartaraf etishga 20 trln so‘m mablag‘ ajratildi

Infratuzilma masalasida 25 mingta ariza kelib tushgan, ulardan 2 mingta mahalla biror marta «Tashabbusli budjet»da loyiha joylashtirmagan.

Infratuzilma muammolarini bartaraf etishga 20 trln so‘m mablag‘ ajratildi

2025 yil davomida energetika, yo‘l va suv infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 109 mingdan ortiq murojaat yo‘llandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Murojaat ko‘paygan hududlar

Xususan, Andijon viloyatidagi Asaka, Shahrixon va Izboskan tumanlari, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani, Surxondaryodagi Sho‘rchi va Denov, Qashqadaryo viloyatidagi G‘uzor, Qamashi va Dehqonobod tumanlarida infratuzilma bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygan. Shuningdek, Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi va Andijon shaharlarida ham aholining ushbu sohadagi shikoyatlari ko‘pligi qayd etildi.

Muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy yilda infratuzilmani yaxshilash ishlari uchun 20 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ma’lum qilindi. Yig‘ilishda hokimlarga ushbu mablag‘larni birinchi navbatda eng ko‘p shikoyat tushayotgan mahallalarga yo‘naltirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etilishicha, agar mablag‘lar aynan aholini eng ko‘p bezovta qilayotgan hududlarga sarflansa, bu nafaqat muammolarni tezroq hal qilish, balki murojaatlar sonini ham qisqartirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda «Tashabbusli budjet» dasturining mahallalardagi infratuzilma muammolarini hal qilishda samarali mexanizm ekani alohida ta’kidlandi. Ushbu dastur orqali aholi o‘z hududidagi muammolarni hal etish uchun loyihalarni taklif qilishi va mablag‘ ajratilishiga erishishi mumkin.

Biroq ma’lum qilinishicha, infratuzilma masalalari bo‘yicha 25 mingta murojaat kelib tushgan 2 mingta mahalla haligacha «Tashabbusli budjet» dasturida biror marta ham loyiha joylashtirmagan.

Mutasaddilarga Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilib, ana shu mahallalarga loyihalar tayyorlash va dasturda ishtirok etishda amaliy ko‘mak berish zarurligi ta’kidlandi. Bu orqali ko‘plab infratuzilma muammolarini joyida hal qilish imkoniyati paydo bo‘lishi qayd etildi.

Теглар

Мавзуга оид