«iPhone» kamerasiga mas’ul rahbar «Apple»dan ketdi: U suratlarni sun’iy intellekt bilan o‘zgartirishga qarshi bo‘lgan
«Apple» kompaniyasining «iPhone» kamerasi dasturiy ta’minotiga mas’ul vitse-prezidenti Jon Makkormak 8 yildan ortiq faoliyatdan so‘ng lavozimini tark etdi.
© Apple«Apple» kompaniyasining «iPhone» kamerasi va «Photos» ilovasi dasturiy ta’minotiga mas’ul vitse-prezidenti Jon Makkormak sakkiz yildan ortiq faoliyatdan so‘ng pensiyaga chiqishi munosabati bilan kompaniyani tark etdi. Bu haqda «Bloomberg» agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Makkormak oktabr oyi oxirida lavozimini tark etgan. «Apple» uning o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri voris tayinlamagan — top-menejerning vazifalari boshqa rahbarlarga bo‘ysunuvchi amaldagi o‘rinbosarlar o‘rtasida taqsimlangan.
Qayta tuzish doirasida dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezident Kreyg Federigi dasturiy algoritmlar, kompaniyaning o‘z chiplari va optik uskunalarni birlashtiruvchi ixtisoslashgan bo‘linmadagi o‘tish jarayonini nazorat qiladi.
Jon Makkormak «Apple»da «Camera» va «Photos» ilovalari, shuningdek, tasvirlarni qayta ishlash arxitekturasi va texnologiyalarini ishlab chiqishga rahbarlik qilgan. Uning boshchiligidagi jamoalar «iPhone 17» turkumi uchun yangilangan old kamera tizimini hamda «iPhone 18 Pro» modellari uchun o‘zgaruvchan diafragmani qo‘llab-quvvatlovchi sozlanadigan professional kamera interfeysini taqdim etgan. Kamera sifati «Apple» marketing strategiyasining asosiy unsurlaridan biri bo‘lib qolmoqda — «iPhone» foydalanuvchilari har yili trillionlab suratlar oladi.
«Bloomberg» manbalariga ko‘ra, Makkormak kompaniya ichida fotosuratlarni yaratish yoki sezilarli darajada o‘zgartirish uchun generativ sun’iy intellektdan (SI) foydalanishga qarshi chiqqan. U suratlar real voqealar va haqiqiy lahzalarni aks ettirishi kerak, deb hisoblagan.
Uning ushbu pozitsiyasi «Apple»ning o‘z mahsulotlari va «Photos» ilovasida SI vositalarini jadal joriy etish strategiyasiga zid kelgan. Biroq vaziyatdan xabardor manbalar Makkormakning iste’fosi korporativ SI strategiyasi bo‘yicha kelishmovchiliklar bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan.
Rahbariyatdagi o‘zgarish smartfon fotografiyasi sohasida generativ SI tomon siljish kuzatilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, «Google» («Alphabet» tarkibidagi) va «Samsung Electronics» kabi raqobatchilar olingan suratlarni sezilarli o‘zgartira oladigan generativ vositalarni faol joriy etmoqda.
Avvalroq, 2026 yil sentabr oyi oxirida «Bloomberg» agentligi «Apple» bosh direktori Jon Ternus kompaniya ichidagi ayrim boshqaruv lavozimlarini qisqartirish niyatida ekanini xabar qilgan edi. Shuningdek, kompaniya rahbari SI davrida raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun yangi qurilmalarni tezroq chiqarish va faolroq tajribalar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.





